Telegramda Kavrak kapsulalarini reklama qiluvchi guruh paydo bo‘ldi. Ushbu dori 1000 ta kasallikni davolashda yordam berishi da’vo qilinmoqda. Kavrakning xususiyatlariga immunitet tizimini mustahkamlash, viruslar va bakteriyalardan himoya qilish, qon bosimi va qondagi shakar darajasini normallashtirish, ovqat hazm qilish va ichaklar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, jigar, buyraklar, o‘t pufagi va nafas olish tizimi kasalliklarida yordam berish, yo‘d tanqisligini to‘ldirish, yurak va qon tomirlari kasalliklarining oldini olish kiradi.

Reklama qilingan «Kavrak» mahsulotining kapsulalarda qadoqlanishi
Factchecknet.uz ushbu vosita dalillarga asoslangan tibbiyot nuqtai nazaridan samaralimi va uni iste’mol qilish xavflimi yoki yo‘qligini o‘rgandi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Sassiq Ferula (Ferula assa-foetida), kavrak, anjudan, asfetida, abu-kabir nomlari bilan ham tanilgan, soyabondoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻsimlikdir. Oʻrta Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari, Eron, Afgʻoniston va Hindistonda keng tarqalgan.
An’anaviy tibbiyot (Ayurveda, Xitoy xalq tabobati)da sassiq kavrak asosan ovqat hazm qilish, nafas olish tizimi va yallig‘lanish jarayonlari bilan bog‘liq kasalliklarni davolash uchun ishlatiladi. Xalq tabobatida o‘simlikning ildizi, barglaridan ajralib chiqadigan smola (kamed) ishlatiladi. Uning spazmga, yallig‘lanishga qarshi xususiyatlari, tinchlantiruvchi ta’siri, ovqat hazm qilishda yordam berishi, epilepsiyaga davosi va boshqa ko‘plab xususiyatlari qayd etilgan. Zamonaviy fitoterapiyada isteriya, ayrim asab kasalliklari, bronxit, astma va ko‘k yo‘talni davolash uchun ishlatiladi.
Asafetidaning tahlili uning murakkab kimyoviy tarkibga ega ekanligini ko‘rsatadi. Uning tarkibida kaltsiy, fosfor, temir, karotin, riboflavin va niatsin kabi minerallar mavjud.
Tadqiqotlar nimani ko‘rsatadi?
Kavrakning oshqozon-ichak traktiga ta’siri. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kalamushlarga tajribadan oldin berilgan kavrak eritmasi ularni stress yoki aspirin tufayli kelib chiqqan oshqozon yaralaridan sezilarli darajada himoya qilgan. Bu uning oshqozon shilliq qavatini himoya qilish qobiliyatini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, gvineya cho‘chqalariga yuborilgan kavrak ekstraktlari ichakning o‘z-o‘zidan qisqarishini kamaytirgan, bu mushaklarning bo‘shashtiruvchi ta’sirini ko‘rsatadi. Bu ovqat hazm qilishni yaxshilash va spazmlarni yengillashtirish uchun foydali bo‘lishi mumkin. Shuningdek, kalamushlarga bir necha hafta davomida yuqori dozalarda qo‘llangan asafetida pankreatik lipaza va amilaza kabi fermentlarning faolligini oshirishi aniqlandi. Bu fermentlar ovqat hazm qilishda asosiy rol o‘ynaydi. Ammo shuni ta‘kidlash kerakki, asafetida ma’lum sharoitlarda oqsilning so‘rilishiga ta’sir qilmagan.
Ferula asafetida va uning qon bosimiga ta’siri
Bir tadqiqotda quyonlarga tomir ichiga yuborilgan ferula nastoykasi sezilarli gipotenziv ta’sir ko‘rsatdi. Itlarga turli dozalarda tomir ichiga yuborilgan kamed quritilgan smolasining suvli ekstrakti antigipertenziv faollikni ko‘rsatdi. Anesteziya qilingan kalamushlarga yuborilgan kamed ekstrakti o‘rtacha arterial bosimni sezilarli darajada pasaytirdi. Qurbaqalarga yuborilgan kamed quritilgan smolasining suvli ekstrakti tomirlarni kengaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Quyonlarga yuborilgan bez nastoykasi siydik pufagi va ichakning silliq mushaklariga sezilarli darajada tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatdi, bu qon bosimini pasaytirishda foydali bo‘lishi mumkin.
Yaqinda farmakologik va biologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, asafetida antioksidant, virusga qarshi, zamburuqqa qarshi, saratonga qarshi kimyoprofilaktika, diabetga qarshi, spazmoletik, gipotenziv va mollyuskidtsid kabi bir qancha ta’sirga ega. Kavrak katta dorivor ahamiyatga ega. Ammo ko‘pgina tadqiqotlar hozirgacha faqat hayvonlarda o‘tkazilgan va uning odamlarga ta’siri kam o‘rganilgan. Klinik sinovlardan oldin kavrakni batafsil o‘rganish kerak.
Toksikligi va yon ta’sirlari:
Shuningdek, kavrakda furokumarinlar kabi zaharli moddalar ham mavjud, ular fotosensitivlikni (quyosh nuriga nisbatan o‘ta sezgirlik)ni keltirib chiqarishi mumkin. Bu quyosh nuri ta’sirida terining qizarishi va toshmalar toshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, o‘simlik ba’zi odamlarda, ayniqsa uzoq muddat yoki haddan tashqari ko‘p foydalanilganda, allergik reaktsiyaga olib kelishi mumkin.
Kavrak xalq tabobatida uzoq vaqt qo‘llanilishiga qaramay, Ferula preparatlarining kasalliklarni davolashda samaradorligi to‘g‘risida ilmiy ma’lumotlar kam. Ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlar va toksiklikni hisobga olgan holda, kavrakni qo‘llashda ehtiyot bo‘lish va shifokor tavsiyalariga amal qilish kerak. Qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmaganda va oqilona yondashuv bilan bu o‘simlik davolanishga foydali qo‘shimcha bo‘lishi mumkin, ammo u terapiyaning asosiy usuliga aylanmasligi kerak.
Kavrak an’anaviy tibbiyotda ishlatiladi va hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda ma’lum farmakologik ta’sirlarni namoyon etgan. Biroq, uning «1000 kasallikni davolashi» haqidagi da’volar mutlaq mubolag‘a va manipulyatsiyadir.
Ayni paytda ferulaning ko‘plab kasalliklarni davolashdagi samaradorligini tasdiqlaydigan klinik ma’lumotlar yetarli emas. Shuningdek, ferula fotosensibilizatsiya va allergik reaksiyalar kabi nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan moddalarni o‘z ichiga oladi.
Ferulani yordamchi vosita sifatida qo‘llash mumkin, lekin u hech qanday holatda ilmiy jihatdan tasdiqlangan tibbiy davolash o‘rnini bosmasligi lozim. Uni ishlatish bo‘yicha tavsiyalar ilmiy ma’lumotlarga asoslangan bo‘lishi kerak, reklama iddaolariga emas.