Ijtimoiy tarmoqlarda mashina oynasidan chiqindi tashlagan yo‘lovchilar ham jarimaga tortilishi haqida xabarlar tarqaldi. Factchecknet.uz bu xabarlarning qanchalik asosli ekanligini tekshirdi.
HUKM: ROST
“O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksi 123-moddasida transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish jarima solinishiga sabab bo‘lishi aytib o‘tilgan. Unga ko‘ra, poyezdlarning vagonlari, avtotransport vositalari va shahar yo‘lovchilar transportidan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, kodeksning 82-moddasiga muvofiq muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzish, 91-moddaga muvofiq chiqindilarni noqonuniy joyga tashlash uchun ham jarimalar belgilangan.
Ko‘pchilik davlatlarda ham chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash taqiqlanadi, buni bir qancha davlatlar misolida ko‘rib chiqamiz.
- AQSHning turli shtatlarida belgilanmagan joylarda chiqindi tashlash uchun qonunlar mavjud bo‘lsa-da, ular joy va chiqindining hajmiga qarab farqlanadi. Fuqarolarga 25 dollardan boshlangan jarimalar, haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yish va qamoq jazosi ham belgilanishi mumkin.
- Buyuk Britaniyada ham ochiq tabiat va suv havzalariga chiqindi tashlash yoki mashinadan uloqtirish uchun jarimalar mavjud. Jarimalar miqdori 150 funt sterlingdan 2500 funt sterlinggacha belgilangan.
- Germaniyada o‘rmonlar, shahar ko‘chalariga tashlangan chiqindilar uchun ularning turi, tashlab ketilgan joyiga qarab jarimalar to‘lanadi.
- Yaponiya ko‘chalarida chiqindi idishlar mavjud emas. Odamlar chiqindilarni ko‘chaga tashlagandan ko‘ra o‘zi bilan uyiga olib ketishni afzal ko‘radi va chiqindi tashlaganlik uchun 1000 yuangacha jarima belgilangan.
Singapurda ham ko‘chaga chiqindi tashlaganlarga qat’iy choralar bor. Qoidani birinchi marta buzganlar uchun jarima 1000 Singapur AQSh dollari, 2-marta buzganlar uchun 2000 Singapur AQSh dollari qilib belgilangan.