Streptotsid tabletkasi husnbuzarlarni davolaydimi?

Telegram kanallarining birida tarqalgan xabarga koʻra, oʻn  ikki yoshdan kattalar streptotsid tabletkasi yordamida ugri (husnbuzar)larni davolashi mumkin. Buning uchun ushbu dori vositasini oʻn kun mobaynida uch mahal ovqatdan keyin ichishlari kerak ekan. Faktcheknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi. 

HUKM: YOLGʻON 

Streptotsid tabletkasi sulfanilamid faol moddasi va kartoshka kraxmali, talk, natriy kroskarmelozasi, metilsellyuloza yordamchi moddalaridan tarkib topgan. Streptotsid tabletkasi sezgir mikroorganizmlar chaqirgan yuqumli yalligʻlanish kasalliklari: teri va shilliq qavatlarning infeksion kasalliklari, ya’ni jarohatlar, yaralar va enterokolit, piyelit, sistitda qoʻllaniladi. 

Bir qancha nashrlar ugrilarning paydo boʻlishi va ularni davolashda tabletkalardan foydalanish haqida yozadi. (1,2,3). Xususan, “Medicalnewstoday.com” tibbiy nashriga koʻra, ugrilar teridagi holat bo‘lib, asosan, yuz, yelkalar, orqa, bo‘yin, ko‘krak va qo‘llarning yuqori qismida dog‘lar va husnbuzarlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu holat yog‘ va o‘lik teri hujayralari soch follikulalarini to‘sib qo‘yganida kuzatiladi. Qora nuqtalar, oddiy husnbuzarlar, kistalar – ugrining turlari hisoblanadi. Ugrilar ilmiy tilda akne deb yuritiladi.

Ugri asosan, androgen gormonlar darajasi oshganida paydo boʻladi. Ushbu gormon o‘smirlik davrida faollashadi, ayollarda esa bu estrogen garmoniga aylanadi va yog‘ bezlarini kattalashtirib, ortiqcha sebum ishlab chiqarishga sabab bo‘ladi. Natijada, teshikchalar tiqilib, bakteriyalar ko‘payadi. Bu xavfli emas, lekin terida iz qoldirishi mumkin. Bundan tashqari, husnbuzarlar genetik omillar, androgen va litiyni o‘z ichiga olgan dorilarni isteʼmol qilish, yog‘li kosmetikalardan foydalanish, gormonal o‘zgarishlar, stress va hayz ko‘rish sababli paydo boʻladi.

Ugrini davolash u qanchalik jiddiy va surunkali shaklda ekanligiga bog‘liq. Uning yengil turini davolash uchun shifokor retseptisiz sotiladigan visitalar – gel, sovun, salfetka, krem va losyonlar qo‘llaniladi. Krem va losyonlar sezgir teriga mos, spirtli asosdagi gellar esa yog‘li teri uchun yaxshiroq.

Shifokor retseptisiz tavsiya etiladigan dorilar quyidagi faol moddalarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  • Rezorsinol: qora va oq nuqtalarni parchalaydi.
  • Benzoil peroksid: bakteriyalarni o‘ldiradi va sebum ishlab chiqarishni kamaytiradi.
  • Salitsil kislotasi: qora va oq nuqtalarni parchalaydi, yallig‘lanish va shishni kamaytiradi.
  • Retin-A: hujayralar yangilanishini tezlashtiradi.
  • Azelain kislotasi: follikula hujayralarini mustahkamlaydi va bakteriyalarni kamaytiradi. Ugrilar uchun moʻljallangan kremlar mavjud, ammo yuz terisini yalligʻlantirgan toshmalar uchun dermatolog nazorati ostida maxsus muolajalar qilinishi zarur. 

Jiddiy ugrilar uchun dastlab tarkibida  past konsentratsiyali moddalar mavjud boʻlgan mahsulotlarni qo‘llash kerak. Nojo‘ya ta’sirlar davom etsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Dermatologlar jiddiy ugri uchun kuchliroq krem yoki ichga qabul qilinadigan antibiotiklarni buyuradi.

Andijon viloyati Koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi dermatovenerologi va Andijon davlat tibbiyot instituti “Dermatovenerologiya kafedrasi” oʻqituvchisi Muslima Hamidova shunday izoh beradi: 

“Ugrilar – teridagi yogʻ bezlari faoliyatining buzilishi, ya’ni haddan tashqari faolligi natijasida kelib chiqadigan teri oʻzgarishidir. Ugrilar soch xaltachalarini yog‘ bezlari to‘ldirib qo‘yganligi natijasida yangilanmagan tugunlar koʻrinishida  paydo boʻladi. Bu yalligʻlanmagan tugunlar terida qizarish paydo qilib, yiring boʻladi va sekin-asta oʻrnida dogʻ qoladi. Ugrilar yuqumli emas, ammo baʼzida balogʻat yoshidagilar husnbuzarlarni siqib qoʻyishadi. Shunda ochiq qolgan joyga infeksiya tushib, yiring paydo boʻlib qoladi va ular koʻpayib ketish ehtimoli ortadi.

Husnbuzarlarni butunlay yoʻq qilish uchun, birinchi navbatda, albatta, dermatovenerolog va endokrinolog yordamida davolashni boshlash zarur. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan har xil layfhayklardan foydalanish, uy sharoitida tayyorlangan niqoblar va aloye suti bilan davolash umuman mumkin emas. Bundan tashqari, hozir estetik tibbiyot, ya’ni lazerli muolajalar ham yaxshi samara bermoqda. Ugrilarning oldini olish uchun yuz parvarishiga eʼtibor berish va kosmetologik mahsulotlarni tanlashda yuz terisiga mos keladigan mahsulotlarni tanlay olish lozim”.

Ugrilarning oldini olish va mavjud holatni boshqarish uchun yuzni kuniga ikki marta iliq suv hamda maxsus sovun bilan yuvish, terini ishqalamaslik, husnbuzarlarni siqmaslik, qo‘llarni toza saqlash, yuzga qo‘l tekizmaslik, telefon va ko‘zoynaklarni tozalab turish, toza kiyimlar kiyish, yog‘siz kosmetikadan foydalanish, sochni toza tutish, quyoshdan himoyalanish va stressni kamaytirish zarur.