Alyuminiy folga: Taom pishirishda xavfsizmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ovqat pishirishda alyuminiy folgadan foydalanish inson salomatligiga salbiy ta’sir qilishi haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, alyuminiy moddasi kuchli neyrotoksin hisoblanib, nevroz, depressiya va xotira susayishi kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin ekan. Factchecknet.uz bu iddaolarni tekshirdi.   

HUKM: YOLG‘ON

Alyuminiy folga bu taom pishirishda tez-tez ishlatiladigan oshxona vositasi. Uning qalinligi 0,02 mm’dan kam bo‘lib, namlik va issiqlikka chidamli hisoblanadi. Bundan tashqari u yemirilishga bardoshli va yorug‘likni o‘tkazmaydi. Insonlar alyuminiy folgadan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va pishirish paytida namlikni yo‘qotmaslik uchun taom yuzalarini yopish hamda go‘shtli ovqatlarni o‘rash uchun foydalanadilar.

Alyuminiy folga inson salomatligi uchun xavflimi?

Tadqiqotlarga ko‘ra, alyuminiy folga bilan taom pishirish oziq-ovqat tarkibidagi alyuminiy miqdorini oshirishi mumkin. Qizil go‘shtni alyuminiy folga ichida pishirish natijasida uning tarkibidagi alyuminiy miqdori 89% dan 378% gacha oshishi mumkin ekan. Umumiy taom tarkibidagi alyuminiy miqdorini 100% deb oladigan bo‘lsak, alyuminiy folga yordamida qizil go‘shtni turli graduslarda pishirish natijasida, taom tarkibidagi alyuminiy miqdori 1 barobardan 4 barobargacha oshishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan. Bunday tadqiqotlar alyuminiy folgadan muntazam va yuqori haroratda taom pishirishda foydalanish sog‘liq uchun zararli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq, hozirda alyuminiy folgadan foydalanishni kasallik xavfi ortishi bilan bog‘laydigan kuchli dalillar yo‘q.

Alyuminiy inson organizmida mavjudmi?

Alyuminiy yer yuzidagi eng keng tarqalgan metallardan biridir.  

Tabiiy holatida u tuproq, tosh, loydagi fosfat va sulfat kabi boshqa elementlar bilan bog‘langan. Xususan, alyuminiy havo, suv va oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida ham oz miqdorda mavjud. Masalan, u tabiiy ravishda ko‘pchilik oziq-ovqatlarda, jumladan meva, sabzavot, go‘sht, baliq, don va sut mahsulotlarida uchraydi. Choy barglari, qo‘ziqorinlar, ismaloq va turp kabi mahsulotlar tarkibida esa boshqa oziq-ovqatlarga qaraganda alyuminiy to‘planish ehtimoli ko‘proq. Demak, alyuminiy tabiiy holatda kundalik ratsionimizda ham mavjud. 

Inson organizmida alyuminiy miqdori oshishi altsgeymer kasalligiga sabab bo‘ladimi?

Altsgeymer kasalligi bu miya hujayralarining nobud bo‘lishidan kelib chiqadigan nevrologik holat. Ushbu kasallikka chalingan odamlarda xotira yo‘qoladi va miya faoliyati pasayadi. Altsgeymer bilan kasallangan odamlarning miyasida yuqori darajadagi alyuminiy topilgan, ammo altsgeymer kasalligi va alyuminiy iste’moli o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlanmagan. Garchi olimlar kasallik rivojlanishida muhim rol o’ynaydigan bir qator omillarni aniqlashgan bo’lsa-da, uning asosiy sababi hali ham to’liq tushunilmagan. Ondokuz Mayis universiteti, oziq-ovqat muhandisligi kafedrasi professori Sadettin Turhan o‘zining tadqiqot ishida alyuminiy folgadan taom tayyorlashda foydalanish xavfli emasligini ta’kidlaydi. Buning sababi shundaki, sog‘lom inson tanasidan alyuminiy tabiiy ravishda chiqib ketadi. 

Xulosa:

Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Jahon sog‘likni saqlash tashkilotining (JSST) ma’lumotiga ko‘ra haftasidagi alyuminiy miqdori 1 kg tana massasi uchun 2,2 mgdan oshmasa, inson hayoti uchun xavfli emas. Alyuminiy folga bilan pishirish ovqatingizdagi alyuminiy miqdorini oshirishi mumkin. Biroq, miqdorlar juda kichik va tadqiqotchilar tomonidan xavfsiz deb hisoblanadi.

Foydalanilgan manbalar:

  1. https://t.me/FoydaliTibbiyot/11161
  2. https://efsa.onlinelibrary.wiley.com/doi/epdf/10.2903/j.efsa.2008.754 
  3. http://www.electrochemsci.org/papers/vol7/7054498.pdf
  4. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/25233067/ 
  5. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/25712639/
  6. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/23225010/ 
  7. https://openknowledge.fao.org/server/api/core/bitstreams/0d5dd7c7-ea82-41c1-bee2-ab9768353cb5/content 
  8. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/18085482