Telegram-kanallari va OAVda go‘yoki V. V. Vinogradov nomidagi Rus tili instituti «million» va «milliard» so‘zlarining yangi yozilishini — “milyon” va “milyard” shakllarini tasdiqlagani, hamda endi aynan shu variantlar rus tilining rasmiy me’yori bo‘lib qolgani haqida bayonotlar tarqaldi.
Factchecknet.uz ushbu bayonotni tekshirib chiqdi
HUKM: YOLG‘ON
2025-yil 30-aprelda Rossiya hukumati zamonaviy rus tili me’yorlarini mustahkamlovchi me’yoriy lug‘atlar ro‘yxatini tasdiqladi. Unga Rossiya Fanlar akademiyasi Rus tili instituti imlo va orfoepik lug‘atlarining yangi nashrlari kiritilgan. Ushbu lug‘atlar haqiqatan ham ochiq e’lon qilingan, ammo ular yangi qoidalarni joriy qilmasdan, mavjud me’yorlar va variantlarni qayd etadi.
Rus tili instituti nimalarni aniqlashtirdi
OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlardan so‘ng Institut xodimlari izoh berishdi: «milyon» va «milyard» yozuvlari «million» va «milliard» bilan teng huquqli bo‘lib qolmagan. Bu shakllar ilgari ham – so‘zlashuv talaffuzining aksi sifatida qayd etilgan. Yangi lug‘atlarda ular yana aynan shunday izoh bilan berilgan: “milyon” va “milyard” uslubiy jihatdan pasaytirilgan nutqda, badiiy adabiyotda yoki og‘zaki nutqni ifodalashda qo‘llanishi mumkin. Ammo rasmiy matnlar, hujjatlar, ish yuritish va neytral yozma nutqda me’yor o‘zgarmaydi – to‘g‘ri shakllar “million” va “milliard” bo‘lib qoladi.
Ilgari ham akademik ma’lumotnomalarda “million – milyon”, “milliard – milyard” juftliklari «so‘zlashuv» degan belgi bilan keltirilgan. Ya’ni bu yangilik emas, balki ko‘p yillik amaliyot: lug‘atlar mavjud qo‘llanmani qayd etadi, biroq uni teng huquqli me’yor sifatida qonuniylashtirmaydi. “Milyonli” yoki “yarim milyon” kabi hosila shakllar ham faqat muallif ataylab og‘zaki nutqni ifodalamoqchi bo‘lgan hollardagina maqbul hisoblanadi.
Rasmiy matnlarda imlo o‘zgarmagan. Lug‘atlar faqat og‘zaki nutq va badiiy adabiyotda allaqachon mavjud bo‘lgan holatni qayd etgan.
“Milyon” va “milyard” so‘zlari rus tilining yangi rasmiy me’yorlariga aylangani yo‘q. Ular hanuzgacha qahramonlar nutqini yoki maxsus uslubiy ta’sirni ifodalash uchun qo‘llaniladigan so‘zlashuv variantlari bo‘lib qolmoqda. Me’yoriy va rasmiy yozma amaliyotda esa «million» va «milliard» shakllarini qo‘llash to‘g‘ri hisoblanadi.