Federal qidiruv byurosi (FQB) AQSh prezidentlik saylovlariga ishonchni susaytirish maqsadida internetda tarqalayotgan ikkita feyk videorolik haqida bayonot berdi. Ogohlantirish yuqori martabali amaldorlarning saylovlar arafasida dezinformatsiya xavfi ortib borayotgani haqidagi xabarlarining bir qismi edi.
“BBC Verify”ga ko‘ra, feyk videoroliklar kengroq operatsiya bilan bog‘liq, manbalarning xabar berishicha, ular so‘nggi oylarda saylov haqida yuzlab soxta hikoyalarini yaratgan Rossiya tomondan kelmoqda. “X” planformasi (sobiq Twitter)dagi postda FQB videolar orqali byulletenlar bilan bog‘liq firibgarliklar haqidagi mish-mishlarni tarqatayotgani va AQSh vitse-prezidenti, Demokratlar partiyasidan nomzod Kamala Xarrisning turmush o‘rtog‘i Duglas Emxoffga taalluqli ekanini ta’kidladi. FQB logotipidan foydalanilganiga qaramay, bu videolar haqiqiy foydalanuvchilar orasida unchalik e’tiborni tortmadi.
“Bu videolar haqiqiy emas, FQBga tegishli emas va ulardagi ma’lumotlar yolg‘ondir, — dedi FQB vakillari. — FQB faoliyati haqidagi yolg‘on kontent orqali jamoatchilikni chalg‘itishga urinishlar bizning demokratik jarayonimizni buzadi va saylov tizimiga ishonchni tushiradi”.
FQB taʼkidlaganidek, ushbu kliplarning mazmuni “Logically” onlayn tadqiqot kompaniyasi ishtirokida oʻtkazilgan surishtiruv doirasida “BBC Verify” tomonidan aniqlangan materiallarga mos keladi. Bunday videolarning umumiy soni 300 dan oshadi.
Bu videolar AQSh hukumati va 50 dan ortiq axborot tashkilotlari, jumladan “BBC”, “France 24” va “Fox News” kabi ko‘rinishga imkon qadar o‘xshash bo‘lishi uchun AQSh agentliklarining bir xil grafika, shrift va matn uslublaridan foydalanadi.
Ushbu videolarni Internetda joylashtirish bir necha oy davomida deyarli har kuni sodir bo‘lmoqda va oxirgi vaqtda AQSh saylovlariga, jumladan Xarris haqidagi yolg‘on da’volarni, tartibsizliklar va “fuqarolar urushi” haqidagi xabarlarni targ‘ib qiluvchi kliplardan iborat.
Mustaqil tekshiruv o‘tkazgan Finlyandiyaning “CheckFirst” kompaniyasi ushbu videolarning izlarini Rossiya marketing agentligi va Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan IP manziligacha borishini aniqladi.
“Biz bu operatsiyani Rossiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan materiallar tufayli Rossiya bilan bog‘lashimiz mumkin, — dedi Gilliam Kuster, “CheckFirst” bosh direktori. — Dalillarning yana bir manbai — bu Rossiyada joylashgan guruh tomonidan elektron pochta xabarlarini yuborish uchun foydalanilgan mashinalardan biri ekanligini tasdiqlovchi ma’lumotlar to‘plami”.
Bundan tashqari, ushbu operatsiya natijasida tayyorlangan videolar rus tilidagi Telegram kanallarida faol tarqalgan.
“CheckFirst” shuningdek, “BBC Verify” tadqiqoti tomonidan tasdiqlangan video uslubi, xabarlar va mavzular Kreml bilan bog‘liq boshqa operatsiyalarga mos kelishini aniqladi. Biroq operatsiyani kim boshqarayotgani va uni Rossiya hukumati moliyalashtirayotgani hozircha aniq emas.
Ushbu tadqiqotlarga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi haqidagi ayblovlarini “asossiz” deb atadi.
“Bu qayg‘uli an’anaga aylandi: har bir saylov oldidan Amerika rasmiylari va ommaviy axborot vositalari “Rossiya dezinformatsiyasi va aralashuvi” haqida isteriyaga tushib, har qanday muammolarni tashqi ta’sirga bog‘lashga harakat qilishadi, — deb yozadi Rossiya elchixonasi matbuot xizmati. — Biz Rossiya boshqa davlatlarning, jumladan, AQShning ichki ishlariga aralashmasligini va aralashmaganligini ta’kidlaymiz. “Rossiya hiyla-nayranglari” haqidagi barcha vahimalar atayin qilingan tuhmat”.
“X” maʼlumotlariga koʻra, bunday turdagi noaniq videolar oʻn minglab marta koʻrilgan, biroq ular obunachilari kam boʻlgan va juda kam sharh olgan akkauntlar tomonidan joylashtirilgan. Bu ko‘rishlar soni soxta “botlar” tomonidan sun’iy ravishda oshirilganligini ko‘rsatishi mumkin. FQB operatsiya haqida izoh berishdan bosh tortdi, biroq so‘nggi kunlarda Rossiya bilan bog‘liq axborot ta’sir tarmoqlari haqida yana ikkita ogohlantirish berdi.“BBC” materiali asosida tayyorlandi.