Ba’zi davlatlarda bola ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlanganmi?

Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Bolalar va o‘smirlar uchun gadjetlar va media-kontent ham foydali, ham zararli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, psixikaga ta’sir qiladigan kontentni tarqatish haqida gap ketganda. Shunday qilib, Internetda quyidagi sarlavhali xabar paydo bo‘ldi: “16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi”.

“Bunday qonun Avstraliyada qabul qilinadi, u tez orada parlamentga kiritiladi. Shunga o‘xshash taqiqlar allaqachon Frantsiya, Norvegiya va AQShda amal qiladi”, — deyiladi postda. Bu rostmi?

HUKM: QISMAN ROST

Frantsiyada xabar qilinishicha, o‘tgan yili mamlakat 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qilgan, garchi foydalanuvchilar ota-onalarning roziligi bilan taqiqni chetlab o‘tishlari mumkin.

Shuningdek, ekspertlar xulosasi shuni ko‘rsatdiki, ekranda ortiqcha vaqt uyqu buzilishiga, xavotirning kuchayishiga va bolalik davridagi semirishning ortishiga olib keladi. Hujjat texnologik kompaniyalar faoliyatini tartibga solishni kuchaytirish, ularni yosh foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘lgan kontent uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga undashni taklif qiladi. Shuningdek, prezident Emmanuel Makron ushbu choralarni bir necha bor qo‘llab-quvvatlagani aytiladi.

Norvegiya bolalarning yosh cheklovlarini chetlab o‘tishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni, shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Ularga ko‘ra, ijtimoiy media foydalanuvchilari 15 yoshdan oshgan bo‘lishlari kerak, shunda platforma ularning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar uchun yoshni tekshirish to‘sig‘ini ishlab chiqish mumkin bo‘ladi.

AQShda 14-15 yoshli o‘smirlar faqat ota-onalarning roziligi bilan akkaunt yaratish imkoniyatiga ega. Ijtimoiy tarmoqlar esa 14 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning akkauntlarini o‘chirib tashlashi mumkin.

Darhaqiqat, Avstraliya ham o‘smirlar va yosh bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni e’lon qilgan, bu bolalarning ijtimoiy tarmoq va boshqa raqamli platformalarga kirishini to‘sib qo‘yishi xabar qilingan. Biroq, yosh chegarasi hali aniqlanmagan, lekin katta ehtimol bilan u 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘ladi, deya ta’kidlaydi manba.

Haqiqatan, taqiqlar haqida shunga o‘xshash xabarlar paydo bo‘ldi, ammo har bir mamlakatda bu choralar mantiqiy yakuniga qadar olib borilmagan.