Ayollarga hushtak chalma, begonaga “brat” dema

Telegram kanallarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari uchun Rossiyada moslashuv kurslari ishlab chiqilibdi. Unda aytilishicha, migrantlar ayollarga hushtak chalmasligi yoki notanish kishilarga “брат” deb murojaat qilmasligi kerakligi so‘ralmoqda ekan. Xabarda muhojirlar uchun moslashuv kursi Milliy ishlar federal agentligi tomonidan ishlab chiqilgani aytilgan. Haqiqatan ham bu kurs mavjud ekanligi va unda yana qanday taqiq va tavsiyalar borligini aniqlashtirishga harakat qildik.

Ayollarga hushtak chalma, begonaga “brat” dema

Foto: Andrey Borodulin / «Kommersant’»

HUKM: ROST

“Kommersant” nashri xabar berishicha, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari uchun moslashuv kursi Milliy ishlar federal agentligi tomonidan ishlab chiqilgan. Kurs migratsiya va mehnat qonunchiligi, shuningdek, Rossiyada o‘zini tutish qoidalari bo‘yicha 70 daqiqalik ma’ruzadan iborat. Hozircha kurs haqida Milliy ishlar federal agentligining rasmiy saytida yangilangan ma’lumot mavjud emas.

Manba keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, kurs to‘rt qismdan iborat: “Rossiya Federatsiyasining migratsiya va mehnat qonunchiligi asoslari”, “Rossiyada norasmiy xulq-atvor asoslari”, “Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga rioya qilmaslik uchun javobgarlik”, “Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi”. Ekspertlar fikriga ko‘ra, 70 daqiqa davomida bunday katta hajmdagi ma’lumotni yetkazish deyarli imkonsiz. Shuningdek, kursni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma va mutaxassislar yetishmasligi muammosi ham mavjud. Ish beruvchilar va migratsiya markazlari esa bunday kurslarni o‘tkazishdan manfaatdor emas. 

Lekin Milliy ishlar federal agentligi rahbari Igor Barinovning fikricha, ushbu moslashuv kurslari migrantlar uchun majburiy bo‘lishi, qonunchilik darajasida mustahkamlanishi kerak. Ba’zi ekspertlar kursni mehnat ruxsatnomasini olish uchun majburiy shart sifatida kiritishni ham taklif qilgan. Аyrim hududlar (masalan, Kemerovo viloyati) mustaqil ravishda bunday kurslarni tashkil etishni boshlagan. 

Igor Barinovning so‘zlariga ko‘ra, kurs Yakutiya Respublikasi, Krasnodar va Perm o‘lkalari, Kaliningrad va Moskva viloyatlarida sinovdan o‘tkazilgan. Sinovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, migrantlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik darajasi pasaygani, mahalliy aholi tomonidan chet el fuqarolariga munosabat yaxshilangani iddao qilingan. 

Kursdagi ayrim jihatlar

Keltirilishicha, kursning birinchi bo‘limda migrantlarga xorijliklarning Rossiya Federatsiyasiga kirishi va unda bo‘lish tartibi, shuningdek, patent olish va mehnat shartnomasini tuzish qoidalari haqida ma’lumot berilgan. Ma’ruzalarda yana bir nozik jihat, “qurolli kuchlarda shartnoma bo‘yicha xizmat qilish orqali Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tarzda olish” imkoniyatlari ham eslatib o‘tilgan. 

Kursning “Norasmiy xulq-atvor asoslari” deb nomlangan qismida migrantlarga Rossiya jamiyatida o‘zini qanday tutish kerakligi haqida tavsiyalar beriladi. Ushbu tavsiyalarning asosiylarini keltirib o‘tamiz:

  • notanish odamlarga “aka” (брат) yoki “singil” (сестра) deb murojaat qilish odobdan emas;
  • jamoat joylarida boshqalarni o‘z ona tilida muhokama qilish yoki pichirlab gaplashishdan saqlanish lozim;
  • Rossiyada ayollarning kiyinish uslubi ularning xohishiga bog‘liq va boshqalar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmasligi kerak, ularning kiyinish usuli “ayolning tanishishga tayyorligini” bildirmaydi;
  • ayollar yoki notanish kishilarning e’tiborini jalb qilish uchun hushtak chalish o‘rinli emas;
  • Rossiyada jamoat joylarida ibodat qilish, diniy marosimlar o‘tkazish yoqlanmaydi, hayvonlarni qurbonlik qilish mumkin emas.