Urushdagi yurtdoshlar: pulmi, ozodlikmi yoki fuqarolikmi?

So‘nggi paytlarda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga yollanib, Ukrainadagi urush harakatlarida qatnashgani uchun qamalayotgan oʻzbek yigitlari haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelyapmiz. Xabarlarning birida aytilishicha, 26 yoshli o‘zbek yigiti oddiy mehnat migrantidan narkotik moddalar savdogari, Rossiya mahbusi va “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi jangchisiga aylangan, yana birida esa 42 yoshli erkak qamoqdan ozod bo‘lish uchun Luganskdagi janglarda qatnashib, yarador bo‘lgan. Boshqa birida esa, o‘zbekistonlik erkak urushda qatnashgan, ammo unga va’da qiligan fuqarolik berilmagan. Bular bizga ma’lum holatlar, aslida yuzlab misollar bo‘lishi mumkin.

Urushdagi yurtdoshlar: pulmi, ozodlikmi yoki fuqarolikmi?

TACC. Harbiy safarbarlikka roʻyxatdan oʻtish

Rossiya Federatsiyasida Markaziy Osiyo migrantlarining urushga safarbar qilinishi siyosat darajasiga chiqib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular Ukrainaga qanday qilib borib qolishyapti, nega urushda qatnashmoqda, urushdan keyin ularga nima bo‘lyapti? Keling, bu murakkab vaziyatning sabab va oqibatlarini yuqoridagi savollar hamda misollar asosida ko‘rib chiqamiz. 

“Vagner” safiga qo‘shilish va buning oqibati

Urushdagi yurtdoshlar: pulmi, ozodlikmi yoki fuqarolikmi?

“Za otvagu” jangovar jasorat uchun koʻkrak nishoni

“Vagner” XHKga yollangan ba’zi o‘zbekistonliklar tarixi bilan qisqacha tanishib o‘tish real vaziyatning ko‘p qirralarini tushunishga yordam beradi. Birinchi misolimiz, 1998-yilda tug‘ilgan Yo‘ldoshev Shavkat Alisher o‘g‘li. U 2019-yil dekabrida ish topish maqsadida ko‘pchilik o‘zbeklar kabi Rossiyaga yo‘l oladi. Dastlab qurilishda ishlagan yigit keyinchalik narkotik moddalar savdosiga aralashib qoladi. 2021-yil sentyabrda Kaluga viloyati Obninsk shahar sudi uni Rossiya Jinoyat kodeksining 228.1-moddasi 4-qismi “a” va “g” bandlari bo‘yicha aybdor deb topib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qiladi.

Qamoqda ekanida, Yo‘ldoshevga “Vagner” XHKda xizmat qilish taklif etiladi. U rozi bo‘lib, 2022-yil oktyabrdan 2023-yil 22-aprelgacha, ya’ni 6 oy davomida “Vagner” safida xizmat qiladi. Bu xizmati evaziga qolgan qamoq muddatidan ozod etiladi, 950 ming rubl miqdorida pul mukofoti va Rossiyaning “Jasorat uchun” (“За отвагу”) ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi. 

Yo‘ldoshev Rossiya fuqaroligini ololmagandan so‘ng, 2023-yil avgust oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan va darhol tergovga tortilgan. Ohangaron tuman sudi 2024-yil 30-mayda unga hukm o‘qiydi. Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yilu 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga tortiladi. Bundan tashqari, uning oylik daromadining 20 foizi davlat hisobiga ushlab qolinadi.

Urushdagi yurtdoshlar: pulmi, ozodlikmi yoki fuqarolikmi?

Surat: migrant.uz potali

Yo‘ldoshev sudda bergan ko‘rsatmalariga ko‘ra, u Ukrainaning Lugansk viloyati hududida bo‘lib, harbiy istehkomlar (blindaj) qurishda ishtirok etgan, ammo “Vagner” tashkilotining harbiy harakatlarida qatnashmagan.

Yana bir yurtdoshimiz, namanganlik G‘olib Aliyev. Pop tumanida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan G‘olib Aliyev ham 2016-yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan. O‘sha yili u Rossiyada qasddan odam o‘ldirgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va Tambov viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.

Aliyev sudda bergan ko‘rsatmasida aytishicha, 2022-yil 1-sentyabr kuni qamoqxonaga “Vagner” XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin (2023-yil 23-avgustda samolyot halokatida vafot etgan) kelib, mahbuslarga 6 oy davomida Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni taklif qilgan. Prigojin ularga har oyda 175 ming rubl (jami 1,2 million rubl), sudlanganlik holatini bekor qilish va Rossiya fuqaroligini va’da qilgan.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonadagi mahbuslardan taxminan 700-800 nafari bu taklifga rozi bo‘lgan. 15-sentyabr kuni 325 nafar mahbus Lugansk shahri yaqinidagi harbiy lagerga olib borilgan, u yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. 3-oktyabr kuni esa ular asosiy janglar bo‘layotgan Lugansk shahriga jo‘natilgan.

U 2023-yil 21-yanvar kuni chap yelkasidan jarohat olib, harbiy gospitalda davolangan. 2023-yil 3-mart kuni esa harbiy kompaniya bilan shartnoma muddati tugashi sababli Rossiyaga qaytgan. Jangovar xizmatlari uchun u Rossiya Federatsiyasining “Vatan uchun” (“За родину”) ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

G‘olib Aliyev 2023-yil 27-dekabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan. U qamoqdan qutulish va uyiga tezroq qaytib kelish uchun urushga borishga rozi bo‘lgani, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2024-yil 26-iyundagi hukmi bilan G‘olib Aliyev 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi yollanishga oid moddani eslatib oʻtamiz. Bu modda 2 ta qismdan iborat: 154- va 1541-moddalar.

154-modda. Yollanish

Yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yollanma shaxsni yollash, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta’minot berish, xuddi shuningdek undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish — yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

1541-modda. Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Keng ko‘lamli muammo

Yo‘ldoshev yoki Aliyevning ishi alohida hodisa emas. So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan ko‘plab migrantlar Rossiya armiyasiga  yollanayotganini oʻqishimiz mumkin. Bu holat Markaziy Osiyo davlatlarining hukumatlari oldidagi nozik siyosiy muammoga aylanib ulgurdi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrykinning ma’lum qilishicha, 30 ming nafardan ortiq migrant “qo‘lga olingan” va ulardan 10 ming nafari Ukrainadagi urushga yuborilgan. Rossiyadagi migrantlarning aksari Markaziy Osiyodan ekanligini hisobga olsak, bu raqamlar vaziyatning jiddiyligi va ko‘lamini ko‘rsatib turibdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston o‘z fuqarolarining xorijiy harbiy xizmatlarga yollanishiga qarshi qat’iy jazolarni qonunchilikda belgilab qo‘ygan. Bu choralar haqda Rossiyadagi mobilizatsiya boshlangach tez-tez ogohlantirib borilmoqda. Mazkur davlatlarda belgilangan jazo choralari quyidagicha:

  • Qozog‘iston: Jinoyat kodeksining 172-moddasiga ko‘ra, xorijiy davlatlarning harbiy xizmatiga yollanish, shuningdek, harbiy mojarolarda qatnashish 5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Qirg‘iziston: Jinoyat kodeksining 256-moddasiga binoan, xorijiy davlatlarning manfaatlari yo‘lida qurolli to‘qnashuvlarda qatnashish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Tojikiston: Jinoyat kodeksining 401¹-moddasida yollanma askarlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan va bu jinoyat uchun 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
  • Turkmaniston: Jinoyat kodeksining 178-moddasida yollanma askarlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan va bu jinoyat uchun 3 yildan 8  yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. 

Shunga qaramay, bu qat’iy qonunlar migrantlarni chet el harbiy xizmatiga yollanishdan to‘xtata olmayapti. Buning sabablari ko‘p jihatdan quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:

  1. Iqtisodiy omil

Ko‘pchilik migrantlar uchun Rossiyada harbiy xizmatga yollanish katta pul topish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Masalan, Yo‘ldoshev atigi 6 oylik xizmati uchun 950 ming rubl (taxminan 10 ming dollar) olgan. Bu miqdor Markaziy Osiyo davlatlari yoki Rossiyadagi o‘rtacha ish haqlar bilan solishtirilganda kattaroq mablag‘ hisoblanadi. Ushbu iqtisodiy foyda ko‘plab migrantlarni yollanishga undovchi asosiy omillardan biridir. Lekin, mukofot pullari va sudlanganlikni olib tashlash haqidagi vaʼdalarning  bajarilmayotgani ham koʻp uchramoqda.

  1. Qamoqdan qutulish

Rossiya qamoqxonalarida jazoni o‘tayotgan Markaziy Osiyo fuqarolari uchun xorijiy harbiy xizmatlarga yollanish ozodlikka chiqishning yagona yo‘li sifatida ko‘rinmoqda. Rossiya hukumati qamoqdagi mahbuslarga harbiy xizmat evaziga amnistiya taklif qilib, ularning qamoq muddatlarini kamaytirish yoki butunlay ozod qilish haqidagi vaʼdalarni berib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ko‘plab mahbuslarni ushbu imkoniyatdan foydalanishga undaydi. Rossiya davlat amnistiya siyosati doirasida “Vagner”ga harbiy xizmatga yollanish orqali 2023-yilda minglab mahbuslar ozodlikka chiqarib yuborilgan. Bu holat xalqaro tashkilotlarni havotirga solmoqda. 

  1. Fuqarolik olish imkoniyati

Ba’zi migrantlar uchun xorijiy harbiy xizmatga yollanish Rossiya fuqaroligini olishning oson yo‘li sifatida qaralmoqda. Prezident Vladimir Putin tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, bir yillik harbiy shartnoma imzolagan migrantlar Rossiya fuqaroligini olish jarayonini soddalashtiruvchi imtiyozlardan foydalanishlari mumkin. Bu esa migrantlarda katta qiziqish uyg‘otadi, chunki xorijliklarga tazyiq va bosimlar oshib borayotgan bir davrda Rossiya fuqaroligi ularga keng imkoniyatlar, jumladan, yuqori ish haqi, ijtimoiy va qonuniy himoya taqdim etadi. Ko‘plab migrantlar ushbu imtiyozlar uchun ham harbiy xizmatga yollanishni tanlamoqda. 

  1. Jazodan xabarsizlik

Ko‘pchilik migrantlar o‘z vatanlarida xorijiy harbiy xizmatlarga yollanish uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini bilishmaydi yoki bu haqda axborotga ega emaslar. Migrantlar xorijda o‘zlari uchun xavfsizroq va foydaliroq imkoniyatlarni qidirayotgan paytda, qonuniy oqibatlar haqida kamroq o‘ylashadi. Bundan tashqari, ba’zi migrantlar bu ma’lumotlarni bilsalar ham, ularni e’tiborsiz qoldirishadi yoki o‘z davlatlaridagi qonunlar xorijiy mamlakatlarda ularga qarshi qo‘llanilishi qiyin deb hisoblashadi. Ular fuqarolik berilishi haqidagi va’dalarga ishonishadi, ammo bu har doim ham rost bo‘lib chiqavermaydi. 

  1. Majburlash va aldov

Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘plab migrantlar harbiy xizmatga kirishga majbur qilinmoqda. Ba’zan ularga ish ruxsatnomalari yoki fuqarolik olish uchun hujjatlar imzolatiladi, aslida esa bu hujjatlar harbiy shartnoma bo‘lib chiqadi. Misol tariqasida, ba’zi migrantlar Rossiyada qonuniy ish topish umidida ish ruxsatnomasi olish uchun ariza topshirishadi, ammo bu jarayonda ular aldov yo‘li bilan harbiy xizmatga yollanishadi. Boshqa holatlarda, migrantlar zo‘rlik va tahdidlar ostida harbiy xizmatga kirishga majbur qilinadi. Rossiyada ba’zi migrantlar huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘rqitish va tahdidlar ostida harbiy xizmatga yollanganliklari haqida xabarlar bor. Nafaqat Markaziy Osiyodan, balki, boshqa mintaqalardan ham aldov bilan urushga jalb qilish holatlari aniqlangan.   

Shuningdek, mahalliy OAVlarda migrantlarga qarshi salbiy munosabat tendensiyasi ham kuchayib bormoqda. Bu tendensiya 2023-yil yozidan boshlab ayniqsa sezilarli tus oldi. Buning asosiy sababi Rossiya armiyasining Ukrainadagi urush uchun yangi askarlarga ehtiyoji bilan bog‘liq. OAVlarda migrantlar ishtirokidagi jinoyatlar haqida ko‘proq xabarlar berilmoqda, garchi statistika bo‘yicha ularning jinoyatchiligi mahalliy aholinikidan pastroq bo‘lsa ham. Yuqori mansabdor shaxslarning migrantlarga qarshi bayonotlari va ularni cheklash bo‘yicha qonun loyihalari ham paydo bo‘lmoqda. Maxsus kuchlar allaqachon masjidlar, bozorlar va migrantlar markazlaridan odamlarni harbiy xizmatga jalb qilish uchun “ov” boshlagan. Rossiyada OAVlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali migrantlarga qarshi jamoatchilik fikrini shakllantirib, ularni frontga safarbar qilishga zamin yaratilayotgani haqida xorij nashrlari ham maqolalar e’lon qilib kelmoqda.

Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining Rossiyada harbiy xizmatga yollanishi davom etmoqda. 

Muammo va yechimlar

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularning huquqlarini ta’minlashdir. Bunday vaziyatda Migratsiya markazlari va elchixonalarning mas’uliyati o‘n karra oshadi. Ular fuqarolarga xorijiy harbiy xizmatlarga yollanishning oqibatlari haqida muntazam ma’lumot berib borishlari, ko‘proq axborot kampaniyalari o‘tkazishlari, migrantlarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishlari va qonuniy choralarning samaradorligini oshirishlari zarur. Yuqorida keltirilgan misollar va sabablar O‘zbekiston va qo‘shni respublikalar oldiga bir qator murakkab savollarni qo‘ymoqda:

– qanday qilib fuqarolarni Rossiyadagi harbiy xizmatlardan himoya qilish mumkin?

– urush ko‘rgan fuqarolarni jamiyatga qayta integratsiya qilishning eng samarali usullari qanday?

– migrantlarning huquqlarini himoya qilish va davlat xavfsizligini ta’minlash o‘rtasidagi muvozanatni qanday saqlash mumkin?

– Rossiyaning migrantlarga nisbatan bosimlarini yumshatish uchun qanday choralar ko‘rish mumkin?

Bu savollarga javob topish nafaqat hukumat va huquq-tartibot organlarini, balki, butun jamiyatni tashvishlantirishi zarur deb hisoblaymiz.