16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanmoqdami?

Freepik AI yordamida yaratilgan

Telegram kanallarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlovchi qonun qabul qilingan. Taqiqdan maqsad bolalarning internetdagi xavfsizligini ta’minlash ekanligi aytiladi. 

HUKUM: ROST

Haqiqatdan ham 29-noyabr kuni Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun parlamentda tasdiqlangan. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Entoni Albaniz hukumat saytida ma’lum qildi. 

Avstraliya hukumati taqiq haqida nima dedi?

Hukumat tomonidan 21-noyabr kuni Parlamentga kiritilgan “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning minimal yoshi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi barcha yirik partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Qonun loyihasi Senatda 34 ta rozi, 19 ta qarshi ovoz, Vakillar palatasida esa 102 ta qo‘llab-quvvatlovchi, 13 ta qarshi ovoz bilan  ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan.

Mamlakat Bosh vaziri Entoni Albaniz yosh avstraliyaliklar “Telefonlarini qo‘yib, futbol va kriket maydonlariga, tennis va netbol maydonchalariga, suzish havzalariga chiqishlari kerak”, deb aytgan. Albanizning fikricha, bu taqiq mavjud spirtli ichimliklar cheklovlari singari mukammal tarzda amalga oshirilmasligi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, u buni “to‘g‘ri qadamdir”, deb aytgan. 

Avstraliya shu tariqa bolalarning tarmoqlarga kirishini taqiqlovchi bunday cheklovni amalga oshirgan jahondagi birinchi davlatga aylandi. Qonun bir yildan so‘ng kuchga kirishi belgilangan. Bu ijtimoiy tarmoq platformalariga yangi qoidalarga moslashish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etishga imkon beradi. Ushbu davr mobaynida platformalar voyaga yetmaganlarning akkaunt ochishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli protokollarni ishlab chiqishlari shart. Taqiqni amalga oshira olmagan ijtimoiy media kompaniyalari voyaga yetmagan foydalanuvchilarning o‘z xizmatlaridan foydalanishiga yo‘l qo‘yganliklari uchun 50 million Avstraliya dollarigacha (taxminan 32 million AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Ushbu qonun “TikTok”, “Facebook”, “Instagram”, “Snapchat” va “X” (sobiq “Twitter”) kabi asosiy ijtimoiy media platformalariga bevosita ta’sir qiladi. Qonunchilikda ushbu platformalar 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar akkauntlarni yarata olmasligini ta’minlash uchun “oqilona choralar” ko‘rishi kerakligi belgilanmoqda.

Qonun keng jamoatchilik tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan, so‘nggi so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, avstraliyaliklarning taxminan 77 foizi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni qo‘llab-quvvatlagan. Tarafdorlarning ta’kidlashicha, bu chora bolalarni onlayn xavflardan, jumladan, kiberhujum va tajovuzkorlar tomonidan ekspluatatsiya qilishdan himoya qilish uchun zarur. 

Biroq qonun loyihasi ba’zi bir tanqidlarga ham uchragan. Bolalar huquqlari himoyachilari va ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislar taqiq himoyasiz yoshlarni, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgan chekka hududlardagi yoshlarni yakkalab qo‘yishi mumkinligida yuzasidan xavotir bildirmoqda. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, kirishni cheklash yoshlar orasida yolg‘izlik va ajralib qolish hissini kuchaytirishi mumkin.

Joniga qasd qilish holatlariga qarshi kurashuvchi “SPA” (Suicide Prevention Australia) tashkiloti direktori Kristofer Stounga ko‘ra, qabul qilingan qonun yoshlarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash va ularning o‘zaro aloqalarini mustahkamlashda ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy rolini hisobga olmagan.

Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari taqiqqa qanday munosabat bildirdi?

“Facebook” va “Instagram”ning egasi bo‘lgan “Meta Platforms” kompaniyasi qonun shoshilinch qabul qilinganini aytdi. Kompaniya bayonotida shunday deyiladi: “Dalillarni bafurja ko‘rib chiqmasdan, platformalar tomonidan yoshga doir qanday xavfsizlik choralari yaratilayotgani va yoshlarning fikrlarini hisobga olmay turib, qonunning shoshilinch qabul qilinganidan xavotirdamiz”. 

“Snapchat” vakili kompaniya qonun bo‘yicha “jiddiy xavotir” bildirganini va uning qanday ishlashi haqida “ko‘plab javobsiz savollar” borligini aytgan. Video platformasi “TikTok” esa qonunchilikdan “ko‘ngli to‘lmaganini” bildirdi.

Butun dunyo bo‘ylab bolalar xavfsizligi uchun ijtimoiy tarmoqlarni qattiqroq nazorat qilish ko‘rib chiqilayotgan tendensiyadir. 2024-yil iyunda Ispaniyada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning yoshini 14 dan 16 yoshgacha ko‘tarish, Fransiya ham 15 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni taklif qilgan edi.