Qon topshirishdan oldin nafaqat ovqatlanish, balki tish pastasi ishlatish ham mumkin emas, degan fikr keng tarqalgan. “Provereno” nashri og‘iz gigiyenasi qon tahlillari natijalariga ta’sir qilishi mumkinmi, degan savolni o‘rgandi.
Ba’zi tibbiyot muassasalari saytlarida glyukoza darajasini aniqlash, biokimyoviy tahlil va boshqa tahlillar uchun qon topshirishdan oldin tishlarni tozalash mumkin emasligi haqida yozilgan.
Biroq, barcha qon tahlillarini och qoringa topshirish shart emas. Oldindan qisqa muddat och qolishni talab qilmaydigan tahlillardan biri gormon darajasini o‘lchash hisoblanadi, chunki iste’mol qilingan ovqat bu ko‘rsatkichlarga ta’sir qilmaydi. Shuning uchun bunday tahlillar oldidan tish pastasi ishlatmaslikka hech qanday sabab yo‘q.
Ammo ba’zi tahlillarni aniqroq natija olish uchun ovqat va ichimliklardan (suvdan tashqari) 8-12 soat davomida voz kechib, och qoringa topshirish tavsiya qilinadi. Bu biokimyoviy qon tahlillari va ba’zi boshqa maxsus tahlillarga taalluqli bo‘lib, ular umumiy ovqatlanishni yoki ayrim mahsulotlardan tiyilishni talab qilishi mumkin. Bu shundan kelib chiqadiki, ovqatdan keyin ozuqaviy moddalar qonga so‘riladi va tahlil qilinadigan moddalar miqdoriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Tish pastasiga kelsak, faktchekerlar quyidagini aniqladilar: qanchalik ehtiyotkorlik bilan tish pastasini tupurmasin yoki og‘zini chayqamasin, baribir oz miqdorda yutib yuborilishi mumkin. Ammo og‘iz gigiyenasi vositalari ozuqaviy moddalar tarkibiga ega emas. Tish pastasidagi ayrim moddalarning yoqimsiz “sovunli” ta’mini yashirish uchun ishlab chiqaruvchilar odatda unga sun’iy lazzatlantiruvchi va shirinlantiruvchi moddalar qo‘shishadi (shakar o‘rnini bosuvchi moddalar qand darajasiga ta’sir qilmaydi yoki juda kam ta’sir qiladi, shakar spirtlari esa glyukoza darajasini ko‘tarishi mumkin, lekin shakar kabi emas, juda sekin va oz miqdorda).
Tish tozalashda tavsiya qilinadigan tish pastasi miqdori taxminan 1 grammni tashkil etadi va odam uning asosiy qismini tupuradi. Shirinlantiruvchi moddalar tish pastasining asosiy tarkibi bo‘lmaganligi uchun tish tozalagandan keyin yutiladigan miqdor bir necha milligrammni tashkil qilishi ehtimoldan yiroq. Bu moddalar qand darajasiga juda kam ta’sir qilishi mumkinligini hisobga olsak, tish pastasining tasodifan oz miqdorda yutilishi tahlillar natijalariga sezilarli darajada ta’sir qilishi ehtimoldan yiroq. Xuddi shunday, og‘iz shilliq qavatlari orqali shirinlantiruvchi moddalar so‘rilishi ham tahlil natijalariga ta’sir qilmaydi.
Biokimyoviy tahlillar haqida gapiradigan bo‘lsak: tish pastasida oqsil va yog‘lar yo‘q, uglevodlar esa faqat shirinlantiruvchi moddalar shaklida bo‘ladi. Faktchekerlar tish pastasining boshqa komponentlari biokimyoviy tahlillarda tekshiriladigan ko‘rsatkichlarga ta’sir qilishi mumkinligi haqida hech qanday ma’lumot topa olishmagan.
Xolesterin tahlillariga kelsak, ularning hammasi ham och qoringa topshirilishi talab qilinmaydi. Faktchekerlar tish pastasidagi moddalarning xolesterin darajasiga ta’sir qilishi mumkinligi haqida hech qanday ma’lumot topmadilar. Shuningdek, nufuzli tibbiy tashkilotlar saytlarida, ilmiy adabiyotlarda yoki maxsus ma’lumotnomalarda qon tahlillaridan oldin tish tozalashdan voz kechish kerakligi haqida hech qanday tavsiyalarni uchratmadilar.
Shunday qilib, tish tozalash jarayonida tish pastasini yutib yuborish ehtimoli mavjud. Nazariy jihatdan, bu pastadagi ayrim moddalar qon glyukoza darajasiga ta’sir qilishi mumkin, lekin tish pastasi tarkibidagi moddalar juda oz miqdorda bo‘lganligi uchun, ular tahlil natijalariga jiddiy ta’sir qilishi ehtimoldan yiroq.