Sut tishlari ko‘pincha “vaqtinchalik” deb qabul qilinib, aksariyat ota-onalarda, agar ular baribir tushib ketsa, davolash kerakmi yoki yo‘q degan savol paydo bo‘ladi.
HUKM: YOLG‘ON
Sut tishlari ham xuddi doimiy tishlar kabi parvarish va davolashga muhtoj.
Dunyo bo‘ylab maktab yoshidagi bolalarning 60-90 foizi va kattalarning deyarli 100 foizida tish kariyesi bo‘ladi. Bunday ma’lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan. Bolalar o‘rtasida kariyesning tarqalishi bo‘yicha tadqiqotlar mintaqalar bo‘yicha sezilarli farqlarni ko‘rsatdi. Masalan, Yevropada bolalar o‘rtasida kariyesning tarqalishi Italiya va Shvetsiyada 7 va 19 foiz orasida, Indoneziyada esa 90 foizgacha. Bunday ma’lumotlar, ayniqsa, kariyes bolalik davrida infektsiyaning asosiy manbai ekanligini hisobga olgan holda, sut tishlarini davolash muhimligini tasdiqlaydi.

U bir yoshdan boshlab bolalarning tishlariga ta’sir qila boshlaydi (respondentlarning 17 foizida), ikki yoshda 36 foizga va besh yoshda 63 foizga yetadi. Kasallanishning eng yuqori darajasi 2-3 yoshga to‘g‘ri keladi, bu bolaning ko‘krak sutidan oddiy oziq-ovqatga o‘tishi, shuningdek, tashqi shikastlanishga ko‘proq moyil bo‘lgan tishlar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq.
Ko‘pincha kariyes yuqori kesuvchi va chaynash tishlarining yuzalarida bo‘ladi. Ushbu yuzalardagi kariyesning intensivligi ham yosh kattalashgan sari ortadi, bu tish shifokoriga muntazam ko‘rinib turish zarurligini anglatadi.

Tishlarning 4 guruhi. Manba: dostoma.ru.
Kariyesdan tashqari sut tishlari pulpit (tishning ichki qismidagi yallig‘lanish) va periodontit (tishlarning ildizlariga ta’sir qiluvchi infektsiya) kabi jiddiy kasalliklarga chalinishi mumkin. Pulpit kariyesni davolanmagan yoki samarasiz davolangan holda, infektsiya pulpaga (tishning ichki qismiga) kirganda paydo bo‘ladi. Periodontit — bu infektsiya tish ildizi atrofidagi to‘qimalarga tarqalganda yuzaga keladigan yanada jiddiy asoratdir. Bolalarda ushbu kasalliklarni davolash ancha qiyin va og‘riqli bo‘lishi mumkin, shuningdek, jag‘da rivojlanadigan doimiy tishlarning sog‘lig‘iga ta’sir qilishi mumkin.
Sut tishlari nafaqat ovqatni chaynashda, balki doimiy tishlar uchun joyni saqlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Agar sut tishlari davolanmasa, ular muddatidan oldin tushib ketishi yoki doimiy tishlarning rivojlanishi bilan yanada murakkab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sut tishlarining kasallanishi, masalan, kariyes va uning asoratlari tish-jag‘ tizimining normal rivojlanishini buzishi mumkin.
— Og‘riq va doimiy tishlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq og‘ir oqibatlardan tashqari, davolanmagan sut tishlarining mavjudligi ovqat hazm qilish tizimida ham muammolar keltirib chiqarishi mumkin, — deydi stomatologiya klinikasi bosh shifokori Elbek Maxmudbekov. — Bolada chaynash paytida og‘riq paydo bo‘lishi mumkin, bu ovqatlanishni qiyinlashtiradi, shunda oshqozon-ichak kasalliklari xavfi paydo bo‘ladi. Bolalar yetarli darajada muhim oziq moddalarini ololmaydilar. Kariyes va boshqa tish kasalliklari bolaning umumiy immunitetini pasaytirishi va boshqa xastaliklar xavfini oshirishi mumkinligini hisobga olish kerak. Psixologik jihatlar ham katta rol o‘ynaydi. Tishlari yomon bo‘lgan bolalar tashqi ko‘rinishidan qoniqmaslikni his qilishlari mumkin, bu ularning o‘z-o‘zini hurmat qilishiga va ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kariyesning mavjudligi tengdoshlar tomonidan masxara qilinishni keltirib chiqarishi mumkin, bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, shuning uchun sut tishlari davolanishi va profilaktik stomatologik tekshiruvdan o‘tib turilishi kerak, bu bolani sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatadi.
Bolalikda kariyes va uning asoratlari holatlari ko‘pligini hisobga olgan holda, sut tishlarini davolash profilaktikaning muhim elementi hisoblanadi. Bu og‘riq va yallig‘lanishning rivojlanishiga, immunitetning pasayishiga va oshqozon-ichak trakti kasalliklarining paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi va tish-jag‘ tizimining to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi. Sut tishlarini davolashga e’tiborsiz munosabatda bo‘lmaslik kerak, chunki bu kelajakda bolaning sog‘lig‘ida ham, uning psixologik farovonligida ham jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin.