Buxorodan uchayotgan samolyot dronlar hujumiga uchradimi?

Ukraina dronlari Buxorodan Moskvaga uchayotgan o‘zbekistonliklarni olib ketayotgan samolyotni urib tushirishiga sal qoldimi? Bunday mazmundagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalari va pabliklarda paydo bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, “Aeroflot”ning “Airbus A320” samolyoti Moskva viloyati osmonida uchuvchisiz uchish apparatlari bilan deyarli to‘qnashib ketgan. Ba’zi kanallarda hatto tafsilotlar ham paydo bo‘ldi. Masalan, “qo‘nishga bir necha daqiqa qolganda uchuvchi samolyot tomon uchayotgan ikkita dronni payqab qolgan va ulardan biri bilan deyarli to‘qnashib ketgan. Uchuvchi bu vaziyatni mohirlik bilan hal qildi va muvaffaqiyatli qo‘ndi”.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Xabarlar mavjud ma’lumotlar fonida ishonchlidek ko‘rinadi. Avvalroq OAV Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib, havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva, Bryansk, Orlovsk, Kaluga, Kursk va Tula viloyatlari uzra 70 ta Ukraina dronlarini tutib, yo‘q qilgani haqida xabar bergan edi. Avvalroq, poytaxtga dronlar hujumi eng ommaviy deb nomlangan.

Biroq, bu hujumlar Buxorodan Moskvaga uchayotgan samolyotga teelluqlimi? Yangilik pabliklariga ushbu ma’lumot bilan birga kelgan videoda dron portlagan payt ko‘rsatilgan. Biroq, to‘qnashuvga aynan mana shu dron sabab bo‘lishi mumkinligini aniq aytib bo‘lmaydi.

Xabar bir qancha kanallar boʻylab tarqalgach, “Aeroflot” SU1877 “Buxoro – Moskva” reysi bo‘yicha izoh berdi.

“Bir qator Telegram kanallarida yolgʻon maʼlumotlar tarqatilgani sababli “Aeroflot” shuni maʼlum qiladiki, SU1877 “Buxoro – Moskva” reysi ekipaji 10-noyabr kuni rejali qo‘nishni amalga oshirgan. Samolyot qo‘mondoni noma’lum uchuvchi apparatlar aniqlangani haqida xabar bermagan va ularni na vizual, na radarda kuzatmagan”, — deyiladi xabarda.