Ukraina Rossiyaga qarshi kimyoviy provokatsiya tayyorlayaptimi?

“Sputnik.uz” iddaosiga koʻra, Ukraina go‘yoki Rossiyani ayblash uchun kimyoviy qurol ishlatish haqida provokatsiyalar tayyorlamoqda.

“…Rossiya Mudofaa vazirligida MXO davrida Rossiya Federatsiyasini zaharli moddalardan foydalanganlikda ayblash maqsadida Ukraina tomonidan provokatsiyalar tayyorlagani haqida maʼlumotlar bor”, — dedi Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qoʻshinlari boshligʻi, general-leytenant Igor Kirillov Rossiya Qurolli Kuchlari brifingida.

Bu ayblovlar qay darajada faktlarga asoslangan va xalqaro tashkilotlar bunga qanday qaramoqda?

Tahlil

Harbiy harakatlar va axborot urushi sharoitida har ikki tomon — Rossiya va Ukraina bir-birini zaharli moddalardan foydalanishda bir necha bor ayblagan. Oxirgi oylarda Rossiya manbalari Kiyev rossiyalik qo‘shinlarni ayblash uchun kimyoviy provokatsiya tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Bu da’volar Rossiya rasmiylari qo‘llarida bo‘lgan “inkor etib bo‘lmas dalillar”ga asoslanadi.

Biroq, boshqa tomondan, Ukraina xloropikrin kabi kimyoviy moddalar va xalqaro konventsiyalar tomonidan taqiqlangan boshqa vositalardan aynan Rossiya kuchlari foydalanishini da’vo qilmoqda. Har ikki tomon voqealarning o‘z versiyalarini taqdim etadi, biroq xalqaro tashkilotlarning mustaqil tasdig‘i haligacha yo‘q.

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti (KQTT) kimyoviy quroldan foydalanish masalasiga eng ko‘p e’tibor qaratmoqda. Uning so‘nggi hisobotlariga ko‘ra, Rossiya va Ukrainaning ayblovlari tasdiqlanmagan. Masalan, 2024-yil 7-mayda KQTT har ikki tomonning kimyoviy qurol qo‘llash ayblovlari “yetarlicha asoslanmagan”ligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, tashkilot ushbu masala bo‘yicha tergov o‘tkazish uchun hozircha hech bir tomondan rasmiy so‘rovlar olmaganini ta’kidladi. Bu muhim jihat, chunki rasmiy murojaatlarning yoʻqligi har ikki tomon bayonotlarining toʻgʻriligiga shubha tugʻdiradi.

2024-yil 2–3-iyul kunlari KQTT texnik yordam ko‘rsatish uchun o‘z mutaxassislarini Ukrainaga yubordi. Tashkilot tashrif davomida ukrainalik mutaxassislarga gaz tahdidlarini aniqlash qurilmalarini topshirdi va ulardan foydalanish bo‘yicha treninglar o‘tkazdi. Bu choralar Ukrainaning KQTT bilan imtiyozlar va immunitetlar to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan so‘ng so‘roviga javoban amalga oshirildi.

2024-yil iyul oyida boʻlib oʻtgan KQTT ijroiya kengashi yigʻilishida Ukraina Rossiyaning kimyoviy qurol qoʻllagani taxmini haqidagi maʼlumotlarini taqdim etdi. Biroq, bu bayonotlar ham hali mustaqil ekspertlar tomonidan tasdiqlanmagan.

Ayni damda Ukrainani Rossiyani ayblash uchun kimyoviy qurol bilan provokatsiya tayyorlaganlik haqidagi ayblovlar tasdiqlanmagan.

Ikkala tomon ham mustaqil xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan ishonchli dalillar keltirmadi. KQTT vaziyatni kuzatishda davom etmoqda va tomonlarni obyektiv tergov o‘tkazish uchun hamkorlik qilishga chaqirmoqda.