81 ming kishi yoʻlda halok boʻlgani rostmi?

OAVdan birining YouTube sahifasida eʼlon qilingan videoda aytilishicha, O‘zbekistonda yilning dastlabki 6 oyida 81 ming kishi yo‘l-transport hodisalari oqibatida vafot etgan. Keltirilgan ma’lumot shubhali va avvalgi yillarga nisbatan juda yuqori boʻlgani uchun tekshirib koʻrishga qaror qildik.

HUKM: YOLG‘ON

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlis Senati yoki Davlat statistika qo‘mitasi har yili yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar sonini e’lon qilib boradi. Jumladan, 2023-yilda 16 milliondan ortiq avtomobillar bilan bogʻliq qoidabuzarlik qayd etilgan. Sodir etilgan 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan, 2 282 nafari esa halok bo‘lgan.

81 ming kishi yoʻlda halok boʻlgani rostmi?

Yoʻl-transport hodisalarining 57 foizi yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar, 43 foizi esa haydovchilar qoidalarni buzishi natijasida sodir boʻlgan. 

Ushbu holatlarning yarmidan koʻpi piyoda va velosipedchilar bilan bogʻliq. Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9548 tasi transport qatnovi gavjum hududlarga toʻgʻri keladi. Aksar maktablar oldida piyodalar yoʻlagi hamda svetoforlar oʻrnatilmagan. 

2024-yilning dastlabki 5 oyida yuqoridagi sabablar tufayli 65 nafar oʻquvchi halok boʻlgan, 294 nafari esa turli darajada tan jarohati olgan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning dastlabki 5 oyida mamlakat bo‘yicha sodir bo‘lgan umumiy yo‘l-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan. Yanada soddaroq qilib aytsak, 5 oyda 2600 dan ortiq avtohalokat sodir boʻlgan. Ularda yuqoridagi lavhada aytilganidek, 81 ming kishi oʻlishi uchun har bir hodisada 30 kishi halok boʻlishi kerak edi, bu esa juda kam uchraydigan holat.

Demak, yuqorida keltirilgan lavhadagi raqamlar xato.