Bolalarni himoya qilish: yangi qonunning mohiyati va ahamiyati

14-noyabr kuni Prezident “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat 2025-yil 15-maydan kuchga kiradi. Mazkur qonun doirasida bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Hujjat bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib bormoqda. Mavjud huquqiy mexanizmlar uning oldini olish hamda jabrlanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayotgan edi. Bunga yaqqol misol, yaqinda Samarqandda 8-sinfda o‘qiydigan qiz bir guruh erkaklar tomonidan o‘girlab ketilganligi va zo‘rlanganligi butun O‘zbekiston halqini larzaga soldi. Mazkur qonun yordamida yuqoridagidek holatlarning oldi olinishi kuzda tutilmoqda.

Ushbu qonunning 3-moddasiga muvofiq, Bolaning hayotiga, sog‘ligiga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjaxon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan xarakat (xarakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.

Endilikda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning quyidagi huquqlari qonun tomonidan belgilab qo‘yildi:

–  zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinish;

– o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki sodir etilishi tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan bevosita yoki o‘zining qonuniy vakili orqali tegishli davlat organlariga va tashkilotlarga yohud qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat etish;

–  tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam, shu jumladan bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) orqali taqdim etiladigan yordam olish;

–  himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan bevosita yoki o‘zining qonuniy vakili orqali tegishli davlat organlariga murojaat etish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa bu haqda xabardor qilish;

– o‘ziga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi va ma’naviy ziyonning kompensatsiya qilinishi.

Mazkur qonun doirasida bir qator davlat organlari va tashkilotlari bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlari etib belgilandi va tegishli moddalar bilan ularning mazkur sohadagi vakolatlari belgilab qo‘yildi:

–   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani);

–   Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi;

–  prokuratura organlari; 

–  ichki ishlar organlari;

–  O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari;

–  O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;

–  O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi;

– ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari;

– davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;

–  mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;

– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari shular jumlasidandir.

Endilikda ushbu qonunning 25-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) raqami hozirda e’lon qilinmadi, biroq uning doimiy ishlab turishi taminlanadi. Ishonch telefoni maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatadi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.

Qonunda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etadigan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidini yuzaga keltiruvchi shaxsga yoki shaxslar guruhiga nisbatan himoya orderi taqdim etiladi. Himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi.

Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:

  • zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga nisbatan zo‘ravonlik etilishini taqiqlash;
  • zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishda moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);
  • zo‘ravonlik sodir etgan yoki shaxsning zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi bilan bir xonada yoki transport vositasida birga bo‘lishini taqiqlash;
  • zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining davolanish, maslahat olish xarajatlarining, uni zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish xarajatlarining, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash, shuningdek ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga yuklatish;
  • zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishda moyil bo‘lgan shaxsning qurolni (bundan xizmat kuroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi davrida yoki unda ko‘rsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.

Qolaversa, mazkur qonun bilan zo‘ravonlik bilan jabrlanuvchi yoki shunday xavf bor bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish ko‘zda tutildi.

Bolalarning nafaqat begona shaxslar, balki o‘z ota-onalari va qaramoqlarida bo‘lgan shaxslar tomonidan ham zo‘ravonlikka uchrash holatlari bo‘lib turadi, bunday hollarda bolaning hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda vakolatli davlat organi bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olib qo‘yishga doir choralar ko‘rishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olib qo‘yish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan profilaktika inspektori ishtirokida amalga oshiriladi. Bola ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yilganda, u quyidagi joylarga (joylashtirish ustuvorligi tartibida) joylashtirilishi mumkin:

  • bolaning manfaatlariga muvofiq shart-sharoitlar yarata oladigan ota-onaning birinikiga;
  • bolaning qarindoshlarinikiga;
  • bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;
  • vakolatli davlat organining hisobida turgan shaxslarnikiga;
  • tibbiyot muassasasiga (bolaning sog‘ligida muammolar bo‘lganda);
  • zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga.

Agar bolani oilaga joylashtirish imkoniyati bo‘lmasa, uni ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirish eng oxirgi choradir.

Bundan tashqari mazkur qonunning 39-moddasiga asosan, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga jinoyat ishini yuritishda maxsus himoya choralari taqdim etiladi.