Internetda Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida tez orada oddiy avtomobillar o‘rniga aerotaksilarga buyurtma berish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi.
“Osmondagi taksi: O‘zbekistonda taksi-samolyot ishga tushiriladi. Endi tirbandliklar muammo emas. Ushbu loyiha arab investorlari tomonidan amalga oshirilmoqda, ular allaqachon Transport vazirligi bilan memorandum imzolagan. Shuningdek, “Toshkent-Vostochniy” aeroportida VIP xizmatlar paydo bo‘ladi, BAA esa samolyotlarni ta’mirlash va saqlash bilan shug‘ullanadi”, — deb va’da qilinadi yana bir pablikda.
HUKM: QISMAN YOLG‘ON
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida Transport vazirligi bilan BAAning JETEX kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
“JETEX kompaniyasi “Toshkent-Vostochniy” aeroportida FBO shaklida davlat-xususiy sheriklik asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun: FBO (Fixed Base Operator) — aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga, xususan, yoqilg‘i quyish, to‘xtash joyi, angarlarda saqlash, havo uchoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatuvchi operator.
Loyiha doirasida biznes aviatsiyasi sohasida taʼmirlash, sotish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi kutilmoqda. VIP taksi xizmatlarini joriy etish haqida ham aytilmoqda.
Bu yerda gap biznes aviatsiyasining rivojlanishi haqida ketmoqda. Misol uchun, memorandum imzolangan kompaniya veb-saytida xususiy samolyotlarni ijaraga berish xizmatlari haqida so‘z boradi. Shuningdek, savdo bo‘limi orqali tijorat samolyotlarini sotib olish, sotish, lizingga berish yoki bozorga olib chiqish mumkin.
Biznes-jetlar poytaxt va boshqa shaharlardagi transport qatnoviga ta’sir qilishi dargumon. Bunday xizmatlarning narxi biznes va premium segment auditoriyasi uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, gap memorandum haqida borayapti. Ushbu loyihaning qanday amalga oshirilishi, jumladan uni ishga tushirish vaqti ham bir qancha omillarga bog‘liq. “Tirbandliklar endi muammo emas” qabilidagi bashoratlar hali haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.Aytgancha, ba’zi mamlakatlarda havo taksilari jamoat transporti sifatida ko‘rib chiqilayotgan loyihadir. “Vertical Aerospace” to‘liq elektr, to‘rt o‘rindiqli, shaharlarda qo‘nish uchun yetarlicha ixcham va deyarli shovqinsiz bo‘lgan samolyotni sinovdan o‘tkazmoqda. Biroq, uni faqat 2030-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Janubiy Koreyada xuddi shunday transportni 2026-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan edi.