Aksariyat insonlar homilador bo‘lish jarayoni tabiiy va oson deb hisoblashadi. Bu fikr, o‘z navbatida, ko‘plab afsonalarni keltirib chiqaradi. Reproduktiv tibbiyot sohasidagi mutaxassislar, jumladan, Michigan universiteti sog‘liqni saqlash tizimining Reproduktiv markazi direktori Senait Fisseha homiladorlikka erishish jarayonida uchraydigan keng tarqalgan afsonalarni izohlaydi. Keling, ushbu afsonalarni ko‘rib chiqamiz.
- Bepushtlik kam uchraydigan holat
Homilador bo‘lishni xohlaydigan ayollar bepushtlikning aslida ular o‘ylaganlaridan ko‘ra ko‘proq tarqalgan holatligini tushunishlari zarur. Statistikaga ko‘ra, har oltita juftlikdan biri ushbu muammoga duch keladi. Bu homilador bo‘lish jarayonining har doim oson kechmasligini anglatadi.
- Muammo faqat ayollar bilan bog‘liq
Boshqa bir keng tarqalgan afsona shundan iboratki, muammo faqat ayollarga xos degan noto‘g‘ri qarashlar bor. Aslida erkaklar va ayollar bepushtlikka sabab bo‘lishda teng mas’uliyatga ega. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bepushtlik 40% hollarda erkaklardagi, 40% hollarda esa ayollardagi muammolar sabab kelib chiqadi.
- Kofein va tamaki iste’moli homilador bo‘lish imkoniyatiga ta’sir qilmaydi
Kofeinning homilador bo‘lishga ta’siri bo‘yicha qarama-qarshi natijalar mavjud. Ba’zi tadqiqotlar kuniga 250-300 milligramdan (taxminan 3 piyola qahva) ko‘p kofein iste’mol qilish homilador bo‘lishni kechiktirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun, ayollarga homilador bo‘lishga harakat qilayotganda kofein iste’molini kamaytirish tavsiya etiladi. Tamaki har ikki jins uchun zararli bo‘lib, ayollarning tuxumdonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Umumiy amaliyot shifokori yordamida muammoni hal qilsa bo‘ladi
Ko‘plab ayollar umumiy amaliyot shifokorlari bepushtlik muammolarini hal qilishda yordam berishlari mumkin, deb o‘ylashadi. Aslida, asosiy tahlillarni boshlashda ularning yordamiga tayanish mumkin bo‘lsa-da, reproduktiv endokrinologiya mutaxassisiga uchrash afzalroqdir. Reprodurtiv salomatlik bo‘yicha mutaxassislar bemorlarga barcha mavjud variantlarni taqdim etishadi va ularni eng yaxshi davolash usullari bilan ta’minlaydilar.
- Yoshning homiladorlikka ta’siri yo‘q
Yosh — homilador bo‘lishda muhim omil. Ko‘plab ayollar o‘z reproduktiv salomatliklari haqida vaqtida ma’lumotga ega bo‘lmagani uchun afsuslanishadi. Maxsus holatlarga ega bo‘lgan ayollar (masalan, tamaki chekuvchilar, 35 yoshdan katta bo‘lganlar yoki kimyoterapiya tarixi bo‘lganlar) 6 oylik muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin shifokorga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.