Freepik AI tomonidan yaratilgan
Propagandaning kuchi his-tuyg‘ularimizga ta’sir o‘tkazish qobiliyatidadir. Bu esa mantiq va umumiy aql-idrokdan ko‘ra ko‘proq emotsional ta’sirlarga asoslanadi. Propaganda texnikalarini tushunish bizga atrofimizdagi axborot manbalariga tanqidiy yondashuvni rivojlantirishga yordam beradi. Quyida eng keng tarqalgan 6 ta propaganda usulini tushuntiramiz:
1. Bandvagon (umumlashgan fikr): Bu usul sizni har kim qilayotgan narsani qilishga yoki ishonishga ko‘ndirmoqchi bo‘ladi. Misol uchun, mashhur dieta kitobini sotib olishni targ‘ib qiluvchi muallif ko‘plab odamlar bu kitob yordamida vazn yo‘qotganiga urg‘u beradi. Yoki biror mahsulot reklamasida “60 foiz o‘zbekistonliklar shu ichimlikni ichyapti, siz ham sinab ko‘ring!” kabi shiorlardan foydalanish mumkin. Bu usul odamlarning ijtimoiy qabul qilinish istagi va boshqalardan ajralib qolish qo‘rquviga asoslanadi.
2. Ta’sirchan so‘zlar (loaded language): Bu usul kuchli ijobiy yoki salbiy ma’nolarni o‘z ichiga olgan so‘zlar bilan ishlatiladi. Masalan, siyosatchi o‘z raqibini tanqid qilish uchun “xalq dushmani”, “vatan xoini” kabi salbiy ma’noga ega so‘zlarni ishlatishi mumkin. Reklamada esa mahsulotni maqtash uchun “ajoyib”, “beqiyos”, “mukammal”, “eng…” kabi ijobiy so‘zlardan foydalanish misol bo‘la oladi.
3. Mahsulotlarni joylashtirish: Ko‘pincha film va seriallarda qahramonlar ma’lum bir brenddagi telefonlardan foydalanishlari, ma’lum bir restoranda ovqatlanishlari yoki qaysidir do‘kondan kiyim sotib olishlari tasvirlanadi. Bu sahnalardagi manzil yoki mahsulotlar nomi qisqa vaqt ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, insonlar ong ostida saqlanib qoladi. Kompaniyalar esa o‘z mahsulotlarini ko‘rsatuv, shou, film yoki serialda ko‘rinishi uchun pul to‘laydilar. Masalan, filmdagi aktyor sharbat ichmoqda va sharbatning brend nomi aniq ko‘rinib turibdi, aslida syujetning muhim qismi emas, lekin siz ularni albatta sezasiz.
4. Snob ta’siri: Bu usul sizni maxsus yoki bir guruhning qismi qilib ko‘rsatishga urinadi. Masalan, qimmat soat reklamasida “Sifatni qadrlovchilar tanlovi” yoki “Faqatgina tanlanganlar uchun yaratilgan” kabi shiorlar qo‘llanilishi mumkin. Bu usul odamlarning o‘zlarini boshqalardan ustun qo‘yish va yuqori ijtimoiy mavqega ega bo‘lish istagiga asoslangan. Odamlar bu mahsulotni sotib olish orqali o‘zlarini “elita”ga tegishli his qilishlari va boshqalarning e’tiborini jalb qilishlari mumkinligiga ishonadilar.
5. Ramzlar: Bu ma’lum bir madaniy qadriyatlar, his-tuyg‘ular yoki g‘oyalarni ifodalovchi tasvirlar, belgilar va narsalardan foydalanishga asoslangan propaganda usulidir. Masalan, siyosatchi o‘z nutqi paytida yelkasiga davlat bayrog‘ini tashlab olishi mumkin. Reklamalarda davlat ramzlari, milliy liboslari yoki tarixiy obidalar tasvirlari namoyish etilishini ko‘p ko‘rganmiz. Bu ramzlar odamlarda vatanparvarlik, milliy g‘urur va birdamlik tuyg‘ularini uyg‘otadi va ularni ma’lum bir mahsulot yoki g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga undaydi.
Biror avtomobil reklamasida mashina Registon maydoni fonida yoki Amir Temur haykali oldida ko‘rsatilishi mumkin. Bu ramzlar orqali reklama beruvchilar o‘z mahsulotlarini milliy qadriyatlar va an’analar bilan bog‘lashga hamda shu tariqa xaridorlarning ishonchini qozonishga harakat qiladilar. Shuni ta’kidlash kerakki, ramzlardan foydalanish har doim ham propaganda maqsadida bo‘lmaydi. Ba’zan ular shunchaki milliy madaniyatni aks ettirish yoki estetik qiymat berish uchun ham ishlatilishi mumkin.
6. Mashhur qiyofalar: Bu taniqli va mutaxassis shaxslarning biror mahsulot yoki g‘oyani ma’qullashiga asoslangan propaganda usulidir. Bu usuldan maqsad, mashhur shaxslarning obro‘si va ta’siridan foydalanib, odamlarni mahsulotni sotib olishga yoki g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga undashdir. Biror ijtimoiy loyiha, rolik yoki mahsulot reklamasida taniqli aktyor, sportchi yoki qo‘shiqchilarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bu usul odamlarning taniqli shaxslarga taqlid qilish va ularga ishonish moyilligiga asoslangan. Odamlar mashhur shaxslarning fikriga ko‘proq ishonadilar va ular foydalanadigan mahsulotlarni yoki qo‘llab-quvvatlaydigan g‘oyalarni tanlashga moyil bo‘ladilar.
Propagandachilar sizni his-tuyg‘ularingiz bilan boshqarilishingizni istaydi, aql-idrok bilan emas. Yana bir qancha propaganda usullari bor:
- Fikrlarni faktlar sifatida keltirish: Fikrlar isbotlanishi mumkin bo‘lmagan da’volar sifatida taqdim etilishi mumkin. Masalan, bir yangiliklar hisobotida mutaxassis “Koinotni o‘rganish insoniyatning kelajagi uchun zarur” deyishi mumkin, lekin bu qanday isbotlanadi?
- Ma’lumotlarning yo‘qligi: ba’zi bir ma’lumotlar yoki nuqtai nazarlar e’tiborsiz qoldirilishi yoki yashirilishi mumkin. Masalan, avtomobil reklamalarida ko‘pincha avtomobilning yuqori narxi berkitiladi.
Propaganda usullarini tushunish atrofimizdagi axborotlarga tanqidiy yondashuvga yordam beradi. Bu bilimlar bizni manipulyatsiyadan himoya qilish va o‘z qarorlarimizni yanada oqilona qabul qilishga imkon beradi. Har qanday axborot manbasiga murojaat qilishdan oldin manba va uning ma’lumotlarining to‘g‘riligini tekshirish muhimdir.