Ifloslangan havo ko‘rish qobiliyatini pasaytiradimi?

Freepik AI tomonidan yaratilgan

Telegram kanallarida havoning ifloslanishi ko‘z salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu da’voni tekshirib ko‘rdik. 

HUKM: ROST

Atmosferada PM2.5 va PM10 kabi juda mayda, koʻzga koʻrinmaydigan zararli zarrachalar mavjud. Bu zarrachalar avtomobil chiqindilari, sanoat korxonalari va boshqa manbalardan havoga chiqadi. Ular nafas olish yoʻllari orqali oʻpkaga kirishi bilan birga, koʻz yuzasiga ham oʻtirib, turli xil muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Tadqiqotlar bu haqda nima deydi?

Tadqiqotlarga ko‘ra, havodagi zararli zarrachalar (PM10 va PM2.5) miqdori oshgani sari ko‘z yallig‘lanishi va allergiyasi bilan bog‘liq shifoxonaga kelgan bemorlar soni ortgan. Kolorado universitetining Sue Anschutz-Rodgers ko‘z markazida o‘tkazilgan ushbu tadqiqotda 2015-2023-yillar oralig‘ida ko‘z yuzasining yallig‘lanishi va allergiyasi bo‘yicha kunlik ambulator tashriflar tahlil qilindi va ular havoning ifloslanish darajasi (PM10 va PM2.5) bilan taqqoslandi. Atrof-muhit monitoringi va ob-havoni kuzatish tizimlaridan to‘plangan ma’lumotlar hamda klinikalarga tashrif buyurishlar soni tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, havoda mayda zarrachalarning yuqori darajasi ko‘z shifokoriga murojaatlarning ko‘payishiga olib kelgan, bu havo ifloslanishining ko‘z salomatligiga ta’sirini yaqqol namoyon etdi. 

Boshqa tadqiqotda esa olimlar Buyuk Britaniyada 115 mingdan ortiq odamning ko‘rish qobiliyatini tekshirib, havoning ifloslanishi ko‘zlarga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ifloslangan havoda ko‘p vaqt o‘tkazadigan odamlarda ko‘rish qobiliyatini pasaytiradigan “makula degeneratsiyasi” kasalligi rivojlanish xavfi 8% ga yuqoriroq ekan. Bundan tashqari, havoning ifloslanishi ko‘zning to‘r pardasida ham o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bu o‘zgarishlar ko‘rish qobiliyatining yanada pasayishiga olib keladi. 

Yuqorida keltirilgan ilmiy dalillar havodagi zararli zarrachalar va ko‘z sog‘lig‘i o‘rtasidagi bevosita bog‘liqlikni tasdiqlaydi. Ushbu zarrachalar ko‘zning yuzasi va ichki tuzilmalariga jiddiy zarar yetkazadi, bu esa yallig‘lanish, allergiya va boshqa ko‘z kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Ko‘zlarimizni qanday qilib himoyalash mumkin?

  • Himoya koʻzoynaklari: Agar siz havosi ifloslangan hududlarda yashasangiz yoki ishlayotgan boʻlsangiz, himoya koʻzoynaklaridan foydalaning. Bu koʻzoynaklar zararli zarrachalarning koʻzlaringizga kirishiga toʻsqinlik qiladi;
  • Sun’iy ko‘zyosh tomchilari: Ko‘z yuzasini nam holda saqlash uchun sun’iy yosh tomchilaridan foydalanish ko‘zning zararlanishini kamaytirishi mumkin;

Havo sifatini kuzatib borish: Har kuni havo sifati bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib borish va ifloslanish darajasi yuqori bo‘lganda ehtiyot choralarini ko‘rish muhim. Quyidagi saytlar havo sifati haqidagi ma’lumotlarni doimiy taqdim etib boradi: iqair.com, hydromet.uz, accuweather.com