Telegram kanallarida “O‘zbekistonda samokat va velosipedchilar, skuterchilar va kichik transport vositalarini boshqarayotgan boshqa shaxslar jarimaga tortila boshlaydi” degan ma’lumotlar paydo bo‘ldi (1, 2, 3).
Agar kanallardagi xabarlarga ishonilsa, endi bu toifadagi fuqarolar uchun hamma narsa o‘zgarar emish. Factchecknet.uz bu mish-mishlarni tekshirdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Ma’lumot Qonunchilik palatasi kanalidan olingan. Biroq deputatlar yig‘ilishda muhokama qilingan qonun loyihasini haligacha qabul qilgani yo‘q. U faqat birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Reglamentga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun deputatlar tomonidan qabul qilinganidan keyin senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi va shundan keyingina Prezident tomonidan imzolanadi.
Faqatgina barcha protseduralar tugallangan taqdirdagina loyihada “elektr dvigatelli kichik avtotransport vositalarini va alohida transport vositalarini (skuter, moped, velosiped, yakka tartibda boshqariluvchi transport vositasi) boshqaruvida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilash” nazarda tutilishi mumkin.
Hujjat asl shaklida qolishi mumkin. Biroq, yuqorida keltirilgan har bir bosqichda qonun loyihasi o‘zgartirilishi mumkin, shuning uchun yangilikni e’lon qilish uchun hali biroz erta.