Qoraqalpog’iston osmonida o’ziga xos yorug’lik kuzatildi

Joriy yilning 12-aprel kuni Qoraqalpog’istonliklar osmonda o’zgacha yorug’likni kuzatishdi (1, 2, 3).

Ayirimlar uni osmon jismi deb atasa, ayirimlar shunchaki oydan katta bo’lgan yorug’lik deb fikrlashmoqda. Bunaqa yorug’lik qo’shni Qozog’istonda ham kuzatilgan. Factchecknet.uz jurnalisti bu hodisa tabiatini o’rgandi.

HUKM: FEYK

Qoraqalpog’iston va qo’shni respublikalar osmonida kuzatilgan yorug’lik nima va u qanday yuzaga keldi?

Yorug’lik Rossiyaning qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o’tkazgani bilan bog’liq. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligiga asosan TASS axborot agentligi ma’lum qilgan.

“2024-yil 12-aprel kuni Astraxan viloyatidagi Kapustin Yar 4-Davlat markaziy poligonidan Strategik raketa kuchlarining jangovar ekipaji quruqlikdagi mobil raketa tizimining qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli uchirdi. Olingan natijalar Rossiya Federatsiyasining strategik xavfsizligini ta’minlashdagi rus raketalarining yuqori ishonchliligini tasdiqlaydi. Uchirish maqsadlariga to’liq erishildi», – deyiladi axborotda.

Ushbu uchirish istiqbolli raketa tizimlarining davlat sinovi, shuningdek, xizmatdagi raketalarning barqarorligini tasdiqlash doirasida amalga oshirilgan.

Ya’ni ma’lum bo’ladiki, Qozog’iston va Qoraqalpog’iston osmonida ko’ringan yorug’lik aslida uchirilgan raketadan qolgan izlar. U nomalum osmon jismi yoki o’z-o’zidan sodir bo’lgan yorug´lik hodisasi emas. Bunga o’xshash holatlar avval 2023-yilda Rossiyaning Arxangelsk viloyatida, 2024-yil martida AQShning Kaliforniya shtati janubida ham kuzatilgan. Bunday o’ziga xos hodisa raketalarning past yer orbitasiga olib chiqilishi oqibatida kelib chiqqan.