Saytlarni tekshirish uchun “NewsGuard”dan qanday foydalaniladi

“NewsGuard” — bu yangiliklar saytlarining ishonchliligini baholashga yordam beruvchi brauzer kengaytmasi. Uning maqsadi foydalanuvchilarga Internetdagi ma’lumotlarning ishonchliligini tezkor tahlil qilish vositalarini taqdim etishdan iborat. Bu, ayniqsa, jurnalistlar, faktchekerlar va dezinformatsiyadan qochishni istaganlar uchun foydalidir.

Instrumentda manbaning shaffofligi, maʼlumotlarning toʻgʻriligi, fikr va faktologik asosning mavjudligi, tahririyat vakolati kabi toʻqqiz mezonga asoslangan reyting tizimi qo‘llaniladi.

“NewsGuard” qanday ishlaydi?

“NewsGuard”ni o‘rnatgandan so‘ng, brauzerda sayt nomi yonida yoki manzil satrida uning ishonchlilik reytingini ko‘rsatadigan belgi paydo bo‘ladi. Yashil nishon sayt ishonchli va asosiy jurnalistik standartlarga javob berishini bildiradi. Qizil belgi sayt tekshirilmaganligini yoki tez-tez noto‘g‘ri ma’lumotlarni nashr etishini bildiradi. Kulrang belgi resurs hali baholanmaganini anglatadi. Agar kursorni belgi ustiga olib kelsangiz, sayt haqida qisqacha ma’lumot olishingiz mumkin, jumladan uning maqsadlari, moliyalashtirish manbasi, mualliflar haqida ma’lumotlar, nashr tarixi va dezinformatsiya tarqatilgani aniqlangan holatlar haqida bilib olasiz.

“NewsGuard”dan qanday foydalanish kerak?

  • Kengaytmani o‘rnating.
  • Rasmiy “NewsGuard” veb-saytiga o‘ting yoki uni brauzer kengaytmalari do‘koni (“Chrome”, “Firefox”, “Edge”)da toping. Uni o‘rnating va faollashtiring.
  • Reytingli saytlarni ko‘rib chiqing.
  • O‘rnatilgandan so‘ng, siz kirgan har bir sayt reyting belgisi bilan chiqadi. Batafsil ma’lumotni ko‘rish uchun kursorni ustiga olib boring.
  • Reytinglar asosida manbalarni baholang.
  • Ma’lumotlar bilan bo‘lishish yoki o‘z materialingizda unga havola qoldirishdan oldin manbaning qanchalik ishonchliligini bilish uchun “NewsGuard” ma’lumotlaridan foydalaning.

“NewsGuard” nimasi bilan foydali?

1. Sayt ishonchli yoki feyk ma’lumotlarni tarqatishga moyilligini tezda aniqlashga yordam beradi.

2. Manbani o‘zingiz uzoq tahlil qilishingizga hojat yo‘q — siz uchun hammasi allaqachon qilingan.

3. Saytlarning shaffofligini, ularni moliyalashtirish va tahrir qilish standartlarini ko‘rsatadi.

4. Instrumentdan ko‘pincha jurnalistlar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishonchli manbalar bilan ishlashda foydalanadilar.

Undan foydalanish misollari

Agar siz unchalik tanish bo‘lmagan saytga kirib qolgan bo‘lsangiz va unga ishonish mumkinmi yoki yo‘qligini bilmoqchi bo‘lsangiz, “NewsGuard” darhol o‘z reytingini ko‘rsatadi. Misol uchun, siz shov-shuvli sarlavhali maqolani ko‘rdingiz. “NewsGuard” yordamida saytni tekshirish orqali siz uning ilgari feyklar chop etgani yoki shubhali manbalar bilan aloqasi borligi haqida bilib olasiz.

“NewsGuard” — bu o‘zingizni dezinformatsiyadan himoya qilish va faqat ishonchli manbalar bilan ishlashni o‘rganishning oddiy, samarali usuli.