Ijtimoiy tarmoqlarda Antarktidadagi o‘zbeklar haqida xabarlar tarqaldi. Factchecknet.uz mavzuni o‘rgandi. Xabar mazmuni shunday: O‘zbek blogerlaridan Abdurahmon Fozilov Antarktidaga yo‘lga chiqibdi. Shu munosabat bilan o‘zbek blogosferasida faxr va iftixor ila “Abdurahmon Antarktidaga borib, O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatgan birinchi o‘zbek” bo‘ladi, degan ma’lumotlar aylanmoqda. Unday emas. O‘zbeklar orasida Antarktida qit’asiga birinchi marta qadam bosib, O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini o‘rnatgan kishi xalqaro sport jurnalisti San’at Sharipovdir. U 2014-yilning fevral oyida Antarktidaga borgan. Ayollar orasida ilk bor Antarktida qit’asiga borib, bayroq qadagan o‘zbek Shahnoza Nizamovadir. U 2020-yil fevral oyida Antarktidaga borgan.
HUKM: YOLG’ON
San’at Sharipov o‘zining “X”dagi sahifasida joriy yil fevral oyida “Bugun Antarktidaga borganimga roppa-rosa 10 yil bo‘ldi” ma’nosida post qoldirgan.

Shuningdek, Shahnoza Nizomova haqida “Youtube”da ko‘rsatuv tayyorlangan va uning Antarktidada bo‘lganligi eslab o‘tilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Antarktida Yer sharining eng janubiy qit’asi bo‘lib, u asosan muz bilan qoplangan. Antarktida birinchi marta 1820-yilda rus dengizchilari Fabian Gottlieb von Bellingshausen va Mikhail Lazarev tomonidan kashf etilgan deb hisoblanadi. Bu kashfiyot davrida ular Antarktidaning g‘arbiy qirg‘oqlarini ko‘rishgan va bu hududni xaritalarga kiritishgan. Antarktida qit’asi, o‘lchami bo‘yicha dunyodagi beshinchi eng katta qit’a hisoblanadi va deyarli butunlay muz qalpog‘i bilan qoplangan. Yil davomida harorat -80 daraja Selsiygacha tushib ketishi mumkin bo‘lgan bu qit’ada yoz oylarida ham salqin harorat saqlanib turadi. Antarktida bo‘yicha 1959-yilda imzolangan Antarktika shartnomasi ushbu qit’adan tinch maqsadlar uchun foydalanishni va har qanday harbiy faoliyatdan saqlanishni nazarda tutadi. Shuningdek, shartnoma ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantiradi va Antarktika ekotizimini muhofaza qilishga qaratilgan.
Manbalar: