Telegram kanallarida keng tarqalgan xabarga ko‘ra, quloqqa chesnok tiqib yurish inson salomatligiga yaxshi ta’sir qilar ekan. Xabarda quloqqa sarimsoq bo‘lagi tiqib yurilsa, og‘riqlar yo‘qolishi, hatto natijasi odamni hayratda qoldiradigan darajada samarali degan da’vo ilgari suriladi.
HUKM: TASDIQLANMAGAN
Sarimsoqning antibakterial xususiyatlari: Sarimsoq, haqiqatan ham, antibakterial va antivirus xususiyatlarga ega. Biroq quloqqa chesnok tiqish orqali og‘riqni yo‘qotish va yallig‘lanishni davolash bo‘yicha ishonchli ilmiy ma’lumotlar yo‘q. Bunday amaliyot infeksiyalarni oldini olish uchun nafaqat samarali emas, balki quloqqa ziyon yetkazishi ham mumkin.
Sarimsoqning saraton bilan kurashda o‘rni: Sarimsoqning saraton kasalligiga qarshi ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi tadqiqotlar mavjud. Uning tarkibidagi moddalarining ayrimlari saraton hujayralarining o‘sishini to‘xtatishga yordam berishi mumkin. Biroq bu faqat uni iste’mol qilish orqali amalga oshishi mumkin, quloqqa tiqish orqali emas.
Sarimsoq va yurak-qon tomir tizimi: Sarimsoq qon bosimini pasaytirishi va xolesterin miqdorini kamaytirishi mumkin. Bu yurak-qon tomir kasalliklarining oldini oladi.
“Qulog‘ingizga chesnok tiqib yuring” degan maslahat esa ilmiy asoslanmagan va potensial xavfli bo‘lishi mumkin. Sarimsoqning sog‘liqqa foydali xususiyatlari ko‘p bo‘lgani sabab uni quloqqa tiqish emas, iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, har qanday davolash usullarini boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak.