Kindikka yog‘ surtish foydalimi?

Odamlar orasida kindikka moy surtishning turli xil foydali tomonlari bor degan tasavvurlar mavjud. Faktchecknet.uz ushbu jarayon va uning organizmga ta’siri haqidagi manbalarni o‘rgandi.

HUKM: YOLG‘ON

Pechoti usuli nima?

Kindikka moy surtish amaliyoti ko‘pincha “Pechoti usuli” deb ataladi. U efir moylarini kindik orqali organizmga singdirish mumkin degan g‘oyaga asoslanadi. Ushbu usul inson tanasida “Pechoti bezi” mavjudligini ta’kidlaydi, u go‘yo moy va uning tarkibiy qismlarini so‘rib oladi. Biroq ilmiy dalillar bunday bezning mavjudligini tasdiqlamaydi.

Pechoti usulining kelib chiqishi

Pechoti usuli qadimgi hind tibbiyot tizimi bo‘lgan Ayurvedadan kelib chiqqan. Ayurveda jismoniy va ruhiy salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’kidlaydi. Ayurveda ko‘plab samarali amaliyotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, uning asosiy tamoyillari zamonaviy ilmiy tushunchalarga mos kelmaydi. 2014-yilda o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, 7000 dan ortiq Ayurveda tadqiqotlaridan faqat bittasi qat’iy ilmiy standartlarga javob bergan.

Kindik va uning vazifalari

Homiladorlik paytida kindik ona va homila o‘rtasidagi asosiy aloqa nuqtasi hisoblanadi. Kindik yo‘li orqali homila ozuqa moddalari va kislorodni qabul qiladi, chiqindilarni esa onaning qon oqimiga o‘tkazadi. Tug‘ilgandan so‘ng kindik kesiladi va qon oqimi to‘xtaydi. Kindikdagi qon tomirlar va boshqa to‘qimalar asta-sekin qurib, yopiladi. Natijada kindikda faqat teri va biriktiruvchi to‘qima qoladi. Shu sababli moddalarni kindik orqali singdirish imkoniyati mavjud emas.

CBD moylari va ichak salomatligi

Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, CBD (kannabidiol) moylari ichakdagi asab tolalari bilan o‘zaro ta’sirlashishi va ichak ta’sirlanish sindromi kabi holatlar alomatlarini yengillashtirishi mumkin. Biroq bu ta’sirga erishish uchun CBD moyini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kindikka surtish shart emas. CBD moyini ichish yoki terining boshqa qismlariga surtish orqali ham ichaklarga foyda keltirish mumkin.

Kindik orqali moylarni singdirish mumkin emas, ammo moylarning hidi va ularni surtish usullari tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, CBD moyi kabi ko‘plab moylar teriga surtilganda og‘riqni kamaytiruvchi va tinchlantiruvchi ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, 2016-yilda kalamushlar ustida o‘tkazilgan tadqiqot CBD moyi artrit bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘g‘imlarning yallig‘lanishini kamaytirganini ko‘rsatdi. 

Pechoti usuli xavfsizmi?

Umuman olganda, kindikka oz miqdorda moy surtish xavfsiz hisoblanadi. Biroq ba’zi ehtiyot choralarini ko‘rish kerak:

  • Kindikni juda qattiq bosmang, chunki bu og‘riqqa olib kelishi mumkin;
  • Ishlatilayotgan moyga allergiyangiz yo‘qligiga ishonch hosil qiling;
  • Agar kindik atrofida qizarish, shish yoki boshqa salbiy reaksiyalar paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qiling.

Kindikka moy surtish amaliyoti ilmiy asosga ega emas. Ba’zi moylar teriga qo‘llanilganda foyda keltirishi mumkin bo‘lsa-da, ularni aynan kindikka qo‘llashning hech qanday afzalligi yo‘q. Salomatligingizni yaxshilash uchun ilmiy asoslangan usullarga tayanish maqsadga muvofiqdir.