Ommaviy axborot vositalariga nisbatan ishonch kamayib borayotgan bir sharoitda faktchekerlar tahdid va tajovuzlarga tobora ko‘proq duchor bo‘lmoqda. Bu haqda Yevropa raqamli media observatoriyasi (EDMO) hisobotida aytiladi.
Hisobotga ko‘ra, respondentlarning 66 foizi, jumladan, jurnalistlar, olimlar va faktchekerlar onlayn qo‘rqitish va jismoniy zo‘ravonlik tahdididan tortib, doksing — shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilishgacha bo‘lgan ta’qiblarni boshdan kechirgan.
Aksariyat hodisalar onlayn tarzda sodir bo‘ladi, ammo ko‘p holatlar real hayotda ham qayd etiladi. Agressiyaning eng keng tarqalgan shakllaridan ba’zilari trolling, elektron pochta tahdidlari, muvofiqlashtirilgan ta’qib kampaniyalari va doksingni o‘z ichiga oladi.
Agressiyaning sabablari
Faktchekerlarga hujumlar ko‘pincha ularning munozarali mavzular (COVID-19, migratsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, ayollar huquqlari) doirasidagi faoliyati bilan bog‘liq. Agressiya, shuningdek, fitna nazariyalarini tarqatuvchi o‘ta o‘ng guruhlar yoki onlayn hamjamiyatlarning faoliyatini tekshirishga javoban paydo bo‘lishi mumkin.
Faktchekerlar ko‘pincha tsenzura, siyosiy tarafkashlik yoki shubhali manbalar tomonidan moliyalashtirilganlikda ayblanadi. Bu ularning obro‘siga putur yetkazish va ularning ishini obro‘sizlantirish maqsadida amalga oshiriladi.
Dushmanlik harakatlari alohida shaxslardan, mafkuraviy motivli guruhlardan, muqobil ommaviy axborot vositalaridan va hatto davlat idoralaridan kelib chiqadi. Masalan, Vengriya va Slovakiyada davlat ommaviy axborot vositalari mustaqil faktchekerlarni ta’qib qilishda ishtirok etgani qayd etilgan.
Ba’zi mamlakatlarda, masalan, Irlandiyada jurnalistlarni himoya qilish choralari ko‘rilmoqda, politsiya bilan bog‘lanish uchun ishonch telefonlari tashkil etilmoqda va tahdidlarni muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Biroq, boshqa mamlakatlarda qarama-qarshi tendentsiyalar kuzatilmoqda. Masalan, Vengriyada 2024-yilda “Suverenitetni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi endi dezinformatsiya tarqatishda ayblanayotgan mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosimni oshirdi.
Tahdidlar ham epizodik, ham muntazamdir. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 44% kamdan-kam hollarda yoki hech qachon qo‘rqitishga duch kelmaydi, ammo 17% har hafta, 15% oyda bir, 12% har kuni va 10% har chorakda sodir bo‘lgan voqealar haqida xabar bergan.
EDMO tavsiyalari
Agressiyaning kuchayishiga qarshi kurashish uchun hisobot quyidagilarni taklif qiladi:
faktchekerlar o‘rtasida o‘zaro yordam tarmoqlarini mustahkamlash;
kibertahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqish;
onlayn va oflayn rejimda xavfsizlik darajasini oshirish;
jurnalistlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish.
EDMO, shuningdek, siyosatchilarni faktlarni tekshiruvchlarni faolroq himoya qilish va muammoni Evropa Ittifoqining Asosiy huquqlar Xartiyasiga muvofiq hal qilishga chaqiradi.