Nonushta qilmaslik semirishga olib keladi: rost yoki yolg‘on?

Telegram kanallarda nonushta qilmaslik inson organizmi uchun xavfli ekanligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “Nonushta qilmaslik sog‘liq uchun xavfli. Bu 2-toifali qandli diabet va semirishga olib kelishi mumkin. Shifokorlarning ta’kidlashicha, nonushta qilmaganlar kechqurun ortiqcha ovqatlanadilar”, – deyiladi xabarda. 

Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON

Nonushta qilmaslik semirishga sabab bo‘lmaydi. Nonushta qilmaslik odamlarni ko‘proq och qolishga va tushlikda ko‘proq ovqat iste’mol qilishga olib keladi, lekin bu nonushta qilinmagan kaloriyalarni to‘liq qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi. Aksincha, ba’zi tadqiqotlar nonushta qilmaslik kuniga 400 kaloriyagacha umumiy kaloriyalar iste’molini kamaytirishi mumkinligini ko‘rsatgan. 

Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra , 4 oy davomida ishtirokchilarni kuzatishgan. Semiz yoki ortiqcha vazni bo‘lgan erkak va ayollarda nonushta qilismaslikni taqqoslashgan. 4-oy oxirida, guruhlar o‘rtasida vazn bo‘yicha taqqoslanganda, odamlar nonushta qiladimi yoki yo‘qmi, farq bo‘lmagan. Bu natijalar, nonushta odatlari va vazn yo‘qotishga ta’sirini o‘rganadigan boshqa tadqiqotlar tomonidan tasdiqlangan. Nonushta qilmaslik hech qanday sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan. 

Nonushta majburiy emas. Nonushta qilasizmi yoki yo‘qmi, kun davomida sog‘lom ovqatlanishga e’tibor qaratish muhim. Agar siz ertalab och qolgan bo‘lsangiz va nonushta qilishni xohlasangiz, sog‘lom taomlaning. Eng yaxshi nonushta oqsilga boy nonushta bo‘ladi. Ammo, agar ertalab och bo‘lmasangiz va nonushta qilishni istamasangiz, unda uni o‘tkazib yuborishingiz mumkin, bu odam organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Nonushta qilmaslik har doim xavfli bo‘lmasligi mumkin, lekin bu turmush tarziga va individual sog‘liq holatiga bog‘liq. 

Nonushta qilmaslikning salbiy ta’sirlari:

  • Qondagi shakar miqdorining keskin o‘zgarishi: Nonushta qilmaslik, ertalabki qon shakarining pasayishiga olib kelishi mumkin, bu esa bosh og‘rig‘i, charchoq yoki diqqatni jamlashda qiyinchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
  • Uzoq vaqt ochlikni his qilish  va ortiqcha ovqatlanish: Nonushta qilmaslik ba’zi odamlarni tushlikda yoki kechqurun ko‘proq ovqatlanishga undaydi, bu esa umumiy kaloriyalarni oshirib, semirishga olib kelishi mumkin.

Ammo nonushta qilmaslikning foydali jihatlari ham bor. Ular:

  • Oraliq ochlik (Intermittent fasting): Nonushta qilmaslik ko‘plab oraliq ochlik usullarining bir qismi sifatida keng qo‘llaniladi. Bu usul kaloriyalarni kamaytirishga, vazn yo‘qotishga va metabolik sog‘liqni yaxshilashga yordam berishi mumkin.
  • Individual ehtiyojlar: Agar siz nonushta qilmasangiz va o‘zingizni yaxshi his qilsangiz, bu siz uchun xavfli bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pchilik ertalab och bo‘lmaydi va nonushta qilmasdan yaxshi ishlashadi.