Internetda “Netflix”ning mashhur koreys dramasi “Kalmar o‘yini” haqiqiy voqealarga asoslanganmi, degan bahs-munozaralar davom etmoqda. Serialning ikkinchi fasli chiqqandan so‘ng, ko‘plab TikTok va Instagram foydalanuvchilari bu farazni tasdiqlagandek ko‘ringan rasmlar bilan bo‘lishishni boshladilar.
Factchecknet.uz tahririyati tadqiqot o‘tkazib, serialdagi dahshatli o‘yinlar reallikdan ilhomlangan holda olingan, deyishga asos bor-yo‘qligini aniqlashga qaror qildi.
HUKM: YOLG‘ON
2021-yilda “Netflix”da chiqqanidan beri “Kalmar o‘yini” juda mashhur bo‘lib, butun dunyo fenomeniga aylandi. Ushbu omon qolish haqidagi triller tomoshabinlarni bir guruh odamlar bolalar o‘yinlariga asoslangan halokatli qiyinchiliklarda ishtirok etadigan dunyoga ko‘chiradi. Hammasi katta miqdorda pul yutib olish imkoniyati uchun.
Ikkinchi fasl premyerasidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda serial real voqealarga asoslanganligi haqidagi taxminlar tarqala boshladi. Foydalanuvchilar bunday o‘yinlar mavjudligini tasdiqlaydigan suratlar bilan bo‘lishdi. Biroq shou yaratuvchisi Xvan Don Xyok bu mish-mishlarni rad etib, bu shunchaki u tomonidan o‘ylab topilganligini va internetda tarqalayotgan suratlar sun’iy intellekt yordamida yaratilganini aytdi.
Intervyuda Xvan Don Xyok o‘z ssenariysi uchun g‘oyalarni qayerdan olgani haqida batafsil gapirib berdi.
“Men har doim “Qirollik janggi” va “Yolg‘onchilar o‘yini” kabi yapon mangasi va animatsiyasining katta muxlisi bo‘lganman. Ular menga katta ta’sir ko‘rsatdi. Serial ustida ishlashni boshlaganimda, o‘zim ham qiyin moliyaviy ahvolda edim va bu menga umidsiz odamlar pul uchun kurashishga tayyor bo‘lgan dunyoni yaratish g‘oyasini berdi. Bu men uchun zamonaviy jamiyatga xos bo‘lgan raqobat va tengsizlikni ko‘rsatishning bir usuli bo‘ldi”, — dedi u “Variety” jurnaliga bergan intervyusida.
Biroq, rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, uning maqsadi mavjud hikoyalarni ko‘chirish emas, balki bolalar o‘yinlari tirik qolish uchun kurashning metaforasiga aylangan yangi narsalarni yaratish edi.
“Kalmar o‘yini” faqat kurash haqida emas. Bu umidsizlikka qaramay, insoniyligini saqlab qolgan odamlar haqida hikoya. Kapitalistik jamiyat har birimizga qanday ta’sir qilishini ko‘rsatish men uchun muhim edi”, — deb qo‘shimcha qildi Xvan Don Xyok.
“Kalmar o‘yini” nomi va shouning asosiy sinovlaridan biri Koreyada mashhur bo‘lgan haqiqiy bolalar o‘yinidan ilhomlanib olingan.
“Bolaligimda doʻstlarim bilan tez-tez “Kalmar” oʻynaganman. Bu jismoniy kuch va strategiyani talab qiladigan sevimli o‘yinlarimdan biri edi. O‘yin ishtirokchilari ikki jamoa: hujumchilar va himoyachilarga bo‘lingan. Hujumchilarning maqsadi yerga chizilgan “Kalmar boshi”ga yetib borish edi, himoyachilar esa ularni to‘xtatishga harakat qilishadi”, — dedi Xvan Don Xyok “RadioTimes.com”ga intervyusida.
Biroq, rejissyorning ta’kidlashicha, serialdagi o‘yin haqiqiy o‘yindan sezilarli darajada farq qiladi. Albatta, bolalar maydonchasida hech kim o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymagan.
“Kalmar o‘yini”da an’anaviy koreys o‘yinlaridan ilhomlanilgan bo‘lsa-da, uning tashvishli syujeti butunlay uydirma. Bu keskin raqobat va tengsizlik hayotimizning barcha jabhalariga qanday kirib borishini ko‘rsatish uchun yaratilgan allegoriya. Xvan Don Xyok oddiy bolalik o‘yinlarini zamonaviy jamiyat uchun kuchli metaforaga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq serialdagi hech qaysi o‘yinning haqiqiy hayotda analogi yo‘q.