Qoʻshnilarning tinchini buzganlik uchun jarima to‘lanadimi?

Oʻzbekistonda fuqarolar tungi vaqtda qoʻshnilarning tinchligini buzganlik uchun jarimaga tortilishi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Unga koʻra, qoʻshnilarning tinchini buzish 165 ming soʻmgacha jarimaga tortilishga sabab boʻladi.

Factchecknet.uz xabarda keltirilgan faktlar qanchalik asosliligini tekshirdi.

HUKM: ROST

Darhaqiqat, qonunchilikka ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasida nazarda tutilgan maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish tegishli javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

Unga koʻra, tungi vaqt — soat 23.00 dan tonggi 06.00 gacha — 

fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish fuqarolarni bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismi miqdorida jarimaga tortishga asos bo‘ladi.

Fuqarolarning osoyishtaligini buzishga quyidagilar kiradi:

  • baland ovozda qo‘shiq aytish; 
  • musiqa chalish;
  • tovush signallari berish;
  • xonadonlarda, turar joylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish; 
  • turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagan holda shovqin chiqaruvchi ishlarni bajarish; 
  • maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish kabilar.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi (170 ming soʻm) miqdorida, mansabdor shaxslarga esa ikkidan bir qismidanbir baravarigacha (170 ming soʻmdan 340 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.