Ijtimoy tarmoqlarda Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻistonda roʻyxatdan oʻtmasdan 30 kungacha boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Factchecknet.uz bu maʼlumotlarni tekshirdi.
HUKM: ROST
“Qozogʻiston Senat deputatlari 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan palata yalpi majlisida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro sayohatlari shartlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomani ratifikatsiya qildi. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuborilgan” – deyiladi rasmiy xabarlarda.
Qonunni kuchga kiritishdan maqsad, ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratish, fuqarolarining mamlakat hududida vaqtinchalik istiqomat yoki sayohat qilishlarini tartibga solish va qulay shart-sharoit yaratishdir.
Qayd etilishicha, Protokol ratifikatsiya qilingan taqdirda uni amalga oshirish salbiy ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi va davlat budjetidan qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab qilmaydi.
Qarorga muvofiq, agar bir tomon davlati fuqarosining ikkinchi tomon davlati hududida bo‘lish muddati 30 kalendar kundan ortiq bo‘lsa, bu fuqaro davlatning vakolatli organlaridan vaqtinchalik yashash (vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish) uchun ruxsatnoma olishi shart.
Statistika agentligining maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning yanvar-iyun oylarida 2 mln nafardan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Oʻzbekistonliklar yanvar-iyun oylarida eng koʻp safar qilgan davlatlar quyidagilar:
- Qirg‘iziston – 815,4 ming nafar
- Tojikiston – 520,7 ming nafar
- Qozogʻiston – 337,7 ming nafar
- Rossiya – 94,0 ming nafar
- Turkiya – 75,7 ming nafar
- BAA – 64,5 ming nafar
- Saudiya Arabistoni – 34,5 ming nafar
- Quvayt – 20,8 ming nafar
- Misr – 12,2 ming nafar
- Ozarbayjon – 9,1 ming nafar
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.