Gollivudning mashhur ramzi yonayotgani rostmi?

X (Sobiq Twitter) va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida Gollivud belgisi alanga ichida qolgani aks etgan tasvirlar tarqalmoqda (1, 2). 

HUKM: YOLG‘ON

Gollivud belgisi Los-Anjelesdagi ramziy diqqatga sazovor joy bo‘lib, butun dunyo miqyosida ko‘ngilochar sanoatning timsoli va asosiy sayyohlik maskani sifatida e’tirof etilgan. 2025-yil 8-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Gollivud belgisi alanga ichida qolganini ko‘rsatuvchi mish-mishlar va tasvirlar tarqala boshladi.

Ayni kunlarda haqiqatdan ham Gollivud tepaliklarida “Sunset Fire” (Quyosh botishi yong‘ini) deb nomlangan yong‘in ro‘y bermoqda. Bu yong‘in haqida dastlab 2025-yil 8-yanvar kuni taxminan soat 18:00 da xabar qilingan. Yong‘in Gollivud belgisiga yaqin bo‘lsa-da, belgining o‘ziga yetib bormagan.

Gollivudning mashhur ramzi yonayotgani rostmi?

BBC nashri yangiliklaridan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan surat va videolar tahrirlangan yoki Sun’iy intellekt yordamida yaratilganini ko‘rsatuvchi dalillar bor. Masalan, mana bu tasvir X ijtimoiy tarmog‘ining xAI chatboti yordamida yaratilgan, buni suratning pastki o‘ng burchagidagi belgidan ham bilish mumkin:

Gollivudning mashhur ramzi yonayotgani rostmi?

Yong‘in xavfsizlik xizmati va Gollivud ramzining rasmiy sahifalarida belgiga ziyon yetganini tasdiqlovchi xabarlar mavjud emas. “Raw Reporting” nashri belgini onlayn kuzatib turuvchi veb-kameralar tasvirini e’lon qilib, olov 2,4 mil uzoqda ekanligini yozgan. “Sunset Fire” yong‘ini yaqin va xavotirli bo‘lsa-da, belgiga bevosita tahdid solmagan.