“Snopes” nashri faktchek xizmati o‘zbekistonlik afsonaviy gimnast Oksana Chusovitina haqidagi faktlarni tekshirib, uning sportdagi yutuqlari haqida maqola taqdim qilgan. Maqolada Oksana Chusovitinaning o‘ziga xos karyerasi haqida so‘z yuritiladi.

Oksana Chusovitina 1992-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan oraliqda ketma-ket sakkizta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yagona gimnast sifatida tanilgan. “Snopes” bu ma’lumotni tasdiqlagan va uning barcha sakkizta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etganligini haqiqat deb baholagan. U 1992-yilda Barselona Olimpiadasidan boshlab, 2021-yilda Tokiodagi o‘yinlargacha qatnashib kelgan.
Oksana Chusovitina faqatgina sakkizta Olimpiya o‘yinlarida qatnashib qolmay, balki turli jamoalar tarkibida ham chiqish qilgan. 1975-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan Chusovitina 1990-yilda Sovet Ittifoqi tarkibida “Goodwill Games” musobaqasida, 1991-yilda esa Jahon chempionatida ishtirok etgan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin, u 1992-yilda Barselona Olimpiadasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) jamoasi tarkibida ishtirok etib, jamoaviy musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Keyinchalik, Oksana Chusovitina O‘zbekistonni 1996-yilda Atlantadagi, 2000-yilda Sidneydagi va 2004-yilda Afinadagi Olimpiya o‘yinlarida himoya qilgan. 1997-yilda u o‘zbekistonlik yakkakurashchi Baxodir Qurbonovga turmushga chiqdi va 1999-yilda o‘g‘li Alisherni dunyoga keltirdi. Shunga qaramay, u xalqaro darajada raqobat qilishda davom etdi, bu esa farzandli bo‘lgan ko‘plab ayol gimnastlar orasida juda noyob hodisa hisoblanadi. 2002-yilda uning o‘g‘li Alisherga leykemiya tashxisi qo‘yilgach, oilasi O‘zbekistondan Germaniyaga ko‘chib o‘tdi va u yerda davolanish imkoniyatlaridan foydalandi. Alisher 2008-yilda sog‘lom deb e’lon qilindi. O‘sha vaqtda Chusovitina Germaniya uchun 2008-yilda Pekin va 2012-yilda Londondagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashdi. U 2008-yilda, 33 yoshida, o‘zining ikkinchi va oxirgi Olimpiya medalini — sakrash musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Chusovitina 2016-yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiadaga O‘zbekiston nomidan chiqib, sakrash musobaqasida yettinchi o‘rinni egalladi. Ushbu musobaqada amerikalik yulduz gimnast Simon Baylz g‘olib chiqdi, g‘olib u paytda atigi 19 yoshda bo‘lib, Oksana Chusovitinadan ikki baravardan ko‘proqqa yoshroq edi.
2021-yilda Tokiodagi o‘yinlarda, Chusovitina sakrash bo‘yicha saralashda 14-o‘rinni egalladi va finalga chiqa olmadi. Uning raqiblari, murabbiylari va musobaqa rasmiylari tomonidan qarsaklar bilan kuzatilgan ushbu o‘yinlar uning Olimpiadadagi ajoyib gimnastika karyerasiga yakun yasadi. 46 yoshida u Olimpiya tarixidagi eng keksa ayol gimnast sifatida tarixga kirdi va ketma-ket sakkiz marta Olimpiadada ishtirok etgan yagona gimnast bo‘ldi.
Oksana Chusovitinaning 1992-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan barcha Olimpiya chiqishlari to‘liq to‘plamini ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Oksana Chusovitina o‘zining Instagram sahifasida Parij Olimpiadasida ishtirok eta olmasligini ma’lum qilgan edi. Sportchi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati oldidan mashg‘ulot paytida jarohat olgani uchun Olimpiadaga yo‘llanma olish imkoniyatini boy bergandi. Chusovitina bayonotida: “Bu musobaqaga uzoq tayyorgarlik ko‘rdim va muxlislar oldida chiqish qilishni xohlardim. Afsuski, ertaga meni ishtirokchilar safida ko‘rmaysiz”, – deya Parij Olimpiadasi uchun qilgan sa’y-harakatlari muvaffaqiyatsiz yakunlanganini bildirgan.