Telegramda psoriaz va ekzemadan xalos bo‘lishning ishonchli yo‘li topilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Factchecknet.uz ma’lumotni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: FEYK

Psoriazni davolash va’dalari aks etgan xabarning skrinshoti
Xabarda davolash usullari tavsiflanmaydi va ma’lumotni o‘z ichiga olgan quyidagi havolalarga o‘tishni taklif qiladi. Factchecknet.uz raqamli xavfsizlik nuqtai nazaridan xabarlardagi qisqartirilgan havolalarni bosishni tavsiya etmaydi. Biz siz uchun ushbu havolalarni takshirib chiqdik.
Havolalarda “Yunasof” kompleksi reklamalari mavjud.

Kompleks tarkibidagi dorilarning kimyoviy tarkibi haqida ma’lumot berilmagan.
Ularning nomlari bo‘yicha qidiruv hech qanday natija bermadi, bu shubhali ko‘rinadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tasnifiga ko‘ra, psoriaz kasalligi yuqumli bo‘lmagan kasallik bo‘lib, terining surunkali yallig‘lanishi sifatida namoyon bo‘ladi. Psoriazning xarakterli belgisi — bu sog‘lom teridan aniq ajralib turadigan qizil, ko‘chib tushadigan, tangadek keladigan papulalar paydo bo‘lishi. Jarohatlar asosan tirsak va tizzalar, qo‘llar, tovon va boshdagi soch orasida lokalizatsiya qilinadi. Alomatlari — qichishish, qizish va og‘riq.
Psoriaz bilan og‘rigan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari, insult, gipertonik kasallik, dislipidemiya, diabet va Kron xastaligi kabilarning rivojlanish xavfi ortadi. Bu psoriaz kasalligi bilan birga keladigan yallig‘lanish va uning turli tana tizimlariga ta’siri bilan bog‘liq.
Dunyoda psoriazning tarqalishi taxminan 2% ni tashkil qiladi. Kasallikning rivojlanishiga turli omillar ta’sir qilishi mumkin, jumladan:
• keratin (teri epidermisining asosiy komponenti)ning anomal shakllanishi;
• epidemial proliferatsiya (teri hujayralarining ko‘payishi);
• sog‘lom teri hujayralariga noto‘g‘ri hujum qiladigan immunitet tizimining faollashishi;
• bir oila a’zolarida psoriaz kasalligining uchrashini anglatuvchi irsiy omillar.
Abduvaxitova Indira Nurullaevna, t.f.n., dermatology shifokor, Xalqaro allergiya markazi:
— Psoriaz — bu autoimmun, surunkali kasallik. Unda teri, bo‘g‘inlar va tirnoqlar shikastlanadi. Tana va bosh terisida oq qoplamalar bilan qoplangan toshma paydo bo‘ladi. Psoriazning bir necha turlari mavjud bo‘lib, ular klinik belgilari bilan farqlanadi. Kasallikning kuchayish va remissiya davrlari mavjud. Kasallikdan butunlay qutulish mumkin emas. Psoriaz uchun universal preparat yo‘q. Terapiya yallig‘lanish belgilarini bartaraf etishga va remissiya davrini uzaytirishga qaratilgan. Kasallik paydo bo‘lish sabablarini va kasallikning rivojlanishi uchun qo‘zg‘atuvchi omillarni hisobga olgan holda simptomatik tarzda davolanadi. Zamonaviy patogenetik terapiya immunosupressiv ta’sirga ega bo‘lgan va shifokorlar erishgan uzoq muddatli remissiyada yaxshi natijalarni ko‘rsatadigan genetik jihatdan yaratilgan biologik preparatlarni qo‘llashdan iborat. Ammo dorilar mumkin bo‘lmagan holatlar va ularning yon ta’sirlari ham mavjud. Davolashni tanlashda tananing individual xususiyatlarini va yondosh kasalliklarni hisobga olish kerak.
Psoriaz Injil davridan beri ma’lum va bugungi kungacha sirli kasallik bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy tadqiqotlar psoriaz kasalligi rivojlanishida rol o‘ynaydigan ko‘plab molekulyar va immun mexanizmlarni aniqlagan bo‘lsa-da, olimlar hali ham kasallikning sababi va oqibatlarining aniq chegarasini bir ovozdan ajrata olmayaptilar.
Psoriaz odatda terining xarakterli shikastlanishi, masalan, kumushrang qoplamalar bilan qoplangan qizil, yallig‘langan dog‘lar mavjudligi bilan tashxislanadi. Psoriazni aniqlash uchun maxsus qon analizi mavjud emas va tashxis ko‘pincha klinik ko‘rinishga asoslanadi. Kamdan kam hollarda, boshqa kasalliklarni istisno qilish va tashxisni tasdiqlash uchun terining biopsiyasi yoki gistologik tekshiruv uchun qirib olish talab qilinishi mumkin.
Bugungi kunga qadar, ko‘plab tadqiqotlarga qaramay, psoriaz kasalligini to‘liq davolay oladigan dorilar yo‘q. Barcha terapevtik usullar kasallikning alomatlarini yengillashtirish va uning kechishini modifikatsiya qilishga qaratilgan.

Psoriazning yengil shakllarida ko‘pincha mahalliy dori-darmonlar, o‘rtacha shakllarida fototerapiya qo‘llaniladi, og‘ir shakllarida esa tizimli dori vositalaridan foydalangan holda ko‘proq agressiv davolanish talab qilinadi.
Psoriaz — eng keng tarqalgan teri kasalliklaridan biri bo‘lib, u tibbiyot uchun sir bo‘lib qolmoqda. Ushbu kasallikning patogenezi, genetikasi va epigenetikasini o‘rganishda sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, uning aniq sabablari va mexanizmlari to‘liq tushunilmagan. Psoriaz bemorlarning hayot sifatiga sezilarli darajada ta’sir qiladi, nafaqat jismoniy noqulaylik, balki tashqi ko‘rinish va ijtimoiy stigma bilan bog‘liq psixologik muammolarni ham keltirib chiqaradi.
Har yili butun dunyoda psoriaz kasalligiga qarshi kurashishga qaratilgan yangi molekulalar ishlab chiqiladi, ammo ulardan faqat bir nechtasi klinik sinovlarning barcha bosqichlaridan o‘tadi.