Sichqon sutidan dori tayyorlanishi rostmi?

Telegram kanallarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, sichqon sutining 1 litri 22 ming dollarga teng va undan dori tayyorlashda foydalanilar ekan. Bu ma’lumotni tekshirish uchun turli manbalarni o‘rgandik. 

HUKM: TASDIQLANMAGAN 

Sichqon suti, boshqa sutemizuvchilar sutiga o‘xshab, asosan suv, yog‘, oqsil va laktozadan (sutdagi shakar moddasi) tashkil topgan. Biroq uning aniq tarkibi sichqon turi va laktatsiya (sutning xosil bo‘lish jarayoni) bosqichi kabi omillarga qarab farqlanadi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, sichqon sutida yog‘ va oqsil miqdori yuqori bo‘lib, laktatsiyaning 14-kunida eng yuqori darajaga yetadi. Laktoza miqdori esa 18-kunda eng yuqori nuqtaga chiqadi. Qiziq tomoni shundaki, sichqon sutida turli xil hujayralar, jumladan epiteliy va immun hujayralari ham mavjud bo‘lib, ularning zichligi inson sutidagiga nisbatan ancha yuqori ekanligi aniqlangan.

Sutdan dori-darmon ishlab chiqarishda foydalanish

Sichqon sutining dori-darmon ishlab chiqarishda qo‘llanilishiga kelsak, uning farmatsevtika sanoatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanilishiga oid jiddiy dalillar yo‘q. Sichqon suti tarkibidagi ba’zi oqsil, laktoferrin va proinsulinlar kabi komponentlarning biologik vazifalari o‘rganilgan bo‘lsa-da, ilmiy adabiyotlarda ushbu komponentlarni ajratib olish va dori vositalarida qo‘llash borasida hozircha faqat nazariy tushunchalar mavjud. Sichqon sutidan asosan tibbiy yoki tijorat maqsadlarida emas, balki ilmiy tadqiqotlar doirasida foydalanilmoqda.

Sichqonlar tibbiy tadqiqotlarda, jumladan terapevtik oqsillarni (kasalliklarni davolash uchun ishlatiladigan oqsillar) ishlab chiqarish uchun sinovlarda ham qo‘llanilgan. Bir tadqiqotda sichqonlarda sut ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun karbetotsindan ilmiy maqsadlarda foydalanish o‘rganilgan. Karbetotsin – sut ajralishida muhim rol o‘ynaydigan oksitotsinga o‘xshash sintetik gormondir. Bu shuni anglatadiki, sichqon sutini to‘plab, sutdagi foydali moddalarni tahlil qilish amaliyotga bor, ammo bu dori vositalarini keng miqyosda ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan usul ekanligini anglatmaydi.

Sichqon suti asosan laktatsiya biologiyasi, sut tarkibi va yangi tug‘ilgan bolalar rivojlanishini o‘rganish maqsadida ilmiy tadqiqotlarda qo‘llanilgan. Masalan, PLOS ONE jurnalida e’lon qilingan bir tadqiqotda inson va sichqon suti o‘rtasidagi hujayralar soni va turlarini taqqoslash uchun sichqon sutining katta miqdorini to‘plash usuli ishlab chiqildi. Bu tadqiqot sut bezlari biologiyasini chuqurroq tushunishga hissa qo‘shdi.

Sichqon sutining narxi qancha?

Bir litr uchun 22 000 dollar miqdoridagi ko‘rsatkich sichqon sutini yetarli miqdorda to‘plash uchun zarur bo‘lgan mehnattalab jarayonga asoslangan taxminiy hisob-kitob bo‘lishi mumkin. Bitta sichqon juda oz miqdorda sut ishlab chiqarishini hisobga olsak, to‘liq bir litr sut olish uchun minglab sichqonlar kerak bo‘ladi, bu esa xarajatlarni oshiradi. Biroq bu raqam haqiqiy bozor narxini emas, balki jarayonning qay darajada qimmat ekanligiga ishora qilishi mumkin. Sichqon suti tijorat maqsadida ishlab chiqarilmaydi va litrlarda sotilmaydi. Shu sabab bu raqamlarni tasdiqlovchi ishonchli manbalar ham mavjud emas.