Ijtimoiy tarmoqlarda nikoh shartnomasi tuzish orqali xiyonatni cheklash mumkin mumkinligi mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Qonunchilikda xiyonat uchun jazo mavjud emas, nikoh shartnomasi tuzish orqali siz o´zingizni xiyonat oqibatlaridan qisman himoya qila olasiz deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz xabarda keltirilgan maʼlumotlarni tekshirdi.
HUKM: QISMAN ROST
Xabar mazmuniga koʻra, xiyonat uchun javobgarlik mavjud emas ammo nikoh shartnomasiga xiyonatni cheklovchi band qoʻshtirish mumkin. Belgilangan band buzilgan taqdirda xiyonakor tomon nikohdan keyin orttirilgan uy-joydan, mashinadan mahrum etilishi hamda ularga egalik huquqi qarshi tarafga oʻtishi mumkin.
Qonunchilikda xiyonat uchun javobgarlik bormi?
Oila kodeksida xiyonat uchun javobgarlikka asos bo´luvchi modda mavjud emas. Ammo oilaning buzilishiga olib keluvchi 3-shaxslar ustidan tuman maʼmuriy sudiga yoki ichki ishlar boʻlimiga shikoyat qilish mumkin. Oila Kodeksining 11-moddasiga asosan, oilaviy huquqlarni himoya qilish, sud tomonidan , fuqarolik sud ishlarini yuritish qoidalari bo‘yicha, vasiylik va homiylik organlari yoki boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Oilaviy huquqlarni himoya qilish Oila kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan usullarda amalga oshiriladi.
Nikoh shartnomasi nima va uni tuzish qanday tartibda belgilanadi?
Nikoh shartnomasi – nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi hisoblanadi.
Nikoh shartnomasida quyidagi qoidalar belgilanadi?
Oila kodeksining 31-moddasiga asosan nikoh shartnomasida quyidagi qoidalar belgilanadi:
- o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlari;
- nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olish;
- er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar.
Nikoh shartnomasida quyidagi qoidalarni oʻz ichiga olmaydi:
- er-xotin o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan bo‘lgan huquq va majburiyatlarini tartibga soluvchi qoidalar;
- er va xotindan birini o‘ta noqulay holatga solib qo‘yuvchi yoxud oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining normalariga zid keluvchi boshqa shartlar.
Shuningdek Oila kodeksining 36-moddasiga koʻra er-xotin qonunda yo‘l qo‘yiladigan barcha mulkiy-shartnomaviy munosabatlarga o‘zaro kirishishga haqlidir. Er-xotin o‘rtasida tuzilgan shartnomada, ulardan birining huquqlarini cheklashga qaratilgan kelishuvlar haqiqiy hisoblanmaydi.