“Ijtimoiy tarmoqlarga yozayotganda xushyor bo’ling, hammasi nazorat ostida” mazmunidagi xabarlar internet bo’ylab keng tarqaldi va muhokalarga sabab bo’ldi.
Instagramda keyslar (1, 2, 3, 4, 5, 6)ga havola keltiramiz.
Factchecknet.uz mazkur video haqiqatga qanchalik to’g’ri kelishini tekshirdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti matbuot kotibi, kapitan Shokirjon Xoshimov vaziyatga munosabat bildirib, shunday deydi:
Ayrim ijtimoiy tarmoq sahifalarida O‘zbekistonda ekanligi aytilayotgan, fuqarolarning shaxsiy profillaridagi yozishmalar tekshirilayotanligi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu kabi ma’lumotlar birorta rasmiy manba orqali tasdiqlanmagan. To‘g‘ri, so‘nggi vaqtlarda Ichki ishlar organlariga o‘zaro yozishmalarni tarqatish bilan tahdid qilish yoki ijtimoiy tarmoq sahifasiga ulangan platformalar orqali bank kartasidagi pullarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmoqda. Ta’kidlash joizki, sir saqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatish bilan qo‘rqitish tovlamachilik hisobalanadi. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasiga asosan uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga asosan tovlamachilik:
a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan;
b) ko‘p miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
165-moddaning uchinchi qismiga asosan, tovlamachilik:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli residivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
“Telegram Advisor” Telegramdagi shaxsiy akkauntingizning xavfsizligini ta’minlash uchun maslahatlar beradi:
- Ikki bosqichli tekshiruvni yoqing.
- Faol seanslarni tekshiring.
- Blokirovka uchun parol o‘rnating.
- Soxta xabarlarga e’tibor bermang.
- Kuchli paroldan foydalaning.
- Fishing usullaridan ehtiyot bo‘ling.
- Hisobning o‘z-o‘zini yo‘q qilish vaqtini sozlang.
- Galereyaga saqlashni o‘chirib qo‘ying.
- “Maxfiy suhbat” funksiyasidan foydalaning
- Kontakt ma’lumotlaringizni berkitib qo‘ying