Telegram kanallarida tarqalgan videoda aytilishicha, 1-fevraldan qoidabuzar haydovchilar uchun ballik sistema ishga tushgani, endilikda ehtiyot bo‘lishlari, aks holda haydovchilik guvohnomasidan ayrilish yoki jiddiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi aytilmoqda. Factchecknet.uz nazarda tutilayotgan yangi tartib va qonunchilikni o‘rgandi.
HUKM: YOLG‘ON
So‘nggi yangiliklar va mavjud qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibdan xabardor bo‘lgan kishi yuqoridagi iddaoning asossiz ekanligini darrov fahmlaydi.
Qonun hali kuchga kirmagan
Prezident qaroriga ko‘ra, aslida 2022-yil 1-dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanishi kerak edi. Ammo tizimni joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 2023-yil 28-noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan. Hujjat Senatda birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqilib, qonunni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytarilgan. Tegishli qonun Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda ma’qullandi. Ammo bu qonun 2025-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, Prezident tomonidan imzolanib, rasmiy tarzda hali e’lon qilingan yo’q.
Ballik baholash tizimi qanday ishlaydi?
Qayta-qayta qoidabuzarlik qilishi natijasida to‘plagan jarima ballari bir yil ichida 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oyga, ko‘pi bilan 3 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs yana rulga o‘tirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Qonunning kuchga kirish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga asosan qonun quyidagi tartibda kuchga kiradi:
- Qonun Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadi;
- Qabul qilingan qonun 10 kun ichida Senatga yuboriladi;
- Senat qonunni 60 kun ichida ko‘rib chiqadi va ma’qullasa (yuqoridagi qonun 2025-yil 24-yanvarda ma’qullangan), uni imzolash va e’lon qilish uchun Prezidentga 10 kundan kechiktirmay yuboradi;
- Prezident esa qonunni 60 kun ichida imzolaydi, so‘ng rasmiy manbalarda e’lon qilinadi. Agar qonun hujjatida boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Yuqoridagi qonun hozirgi kunda imzolangan yoki rasmiy e’lon qilingan holatda emas. Shu sababli, 1-fevral sanasidan avtomatik tarzda tizim kuchga kiradi degan da’volarda huquqiy asos yo‘q. Qonun oxirgi ko‘rib chiqish bosqichida bo‘lib, imzolanish va e’lon qilish tartibidan o‘tmaguncha tizimning ishga tushishi kutilmaydi.