Qanday hollarda “rasmiy” manbalarga ishonmaslik kerak?

Internetda asli oʻzbekistonlik bo‘lgan inson Rossiya generali Igor Kirillovga suiqasd uyushtirishda gumon qilinayotgani haqida maʼlumot paydo boʻldi.

Keyinroq go‘yoki “O‘zbekiston 24” rasmiy kanaliga tayanib, tafsilotlar ma’lum bo‘la boshladi:

“General Kirillovni oʻldirganlikda ayblanib hibsga olingan Oʻzbekiston fuqarosi avval javobgarlikka tortilmagan”, — deb yoziladi “Oʻzbekiston 24” Telegram kanalida.

“Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari general Kirillovning oʻldirilishida gumonlanuvchi haqida maʼlumot olish uchun oʻzbekistonlik hamkasblariga — “Oʻzbekiston 24” telekanaliga murojaat qildi. Oʻzbekiston tomoni Moskvaga kerakli maʼlumotlarni joʻnatdi”, — deyiladi OAVlardan birining xabarida.

Shuningdek, ayni shu kanalga tayanib, OAV hibsga olingan shaxsning terrorchilik tashkilotlari bilan aloqasi yo‘qligi haqida xabar bergan.

Keyinchalik bu xabarlar, aniqrog‘i “manba” rad etildi.

O‘zbekiston milliy telekanalining reportajlari o‘z kanalida tezkorlik bilan e’lon qilinadi. Biroq, bu xabarlar chiqqan paytda ushbu manbada bunday xabarlar yo‘q edi.

“RIA Novosti” ham kanal vakilidan tasdiqlashni so‘ragan va javob olgan.

“Ushbu xabar Telegramdagi telekanalga hech qanday aloqasi boʻlmagan ozbekistonne (Oʻzbekiston 24) anonim kanali tomonidan tarqatildi. Bizning yangiliklarimiz mtrkuzofficial Telegram kanalida tarqatiladi”, — deyiladi agentlik maqolasida.

Rus generaliga suiqasd haqidagi xabar ma’lum bo‘lgach, ko‘plab ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqllar o‘z auditoriyasini tezroq xabardor qilishga shoshilishdi. Bunday paytlarda xabarning manbasiga e’tibor berish ayniqsa muhimdir. Agar kimdir xabar berishda rasmiy manbaga tayangan bo‘lsa, u holda doim havolaga o‘tish orqali ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish imkoniyati mavjud.