Dori-darmonlarning nojo‘ya ta’sirlari va narxlari haqida qayerdan bilish mumkin?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan aholi salomatligi bilan bog‘liq ma’lumotlar, ayniqsa, dori-darmonlar haqidagi xabarlar har doim ham ishonchli bo‘lavermaydi. Dorilar haqidagi noto‘g‘ri talqinlar tarqalishi, nojo‘ya ta’sirlari haqida to‘liq ma’lumot berilmasligi yoki ba’zan qalbaki mahsulotlar haqidagi xavotirlar ko‘pchilikni o‘ylantirishi tabiiy. Factchecknet.uz doimiy ravishda bunday feyklarga qarshi kurashib, salomatlikka oid ruknlarda tahliliy materiallarni e’lon qilib boradi.

Shu kunlarda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan PharmUz nomli yangi mobil ilova taqdim etildi. Xo‘sh, ushbu raqamli platforma iste’molchilarga qanday yordam berishi mumkin?

Ilova ishlab chiquvchilarining ma’lum qilishicha, PharmUz orqali foydalanuvchilar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar:

  • Dori vositalarining referent narxlarini bilish*: Bu funksiya dori vositalarining tavsiya etilgan narxlarini bilish orqali narxlarning sun’iy oshirilishi holatlarini aniqlashga yordam berishi mumkin;
  • Nojo‘ya ta’sirlar haqida xabar yuborish: Iste’molchilar ilova orqali dori vositalarining kutilmagan salbiy ta’sirlari haqida bevosita agentlikka xabar berishlari mumkin. Bu farmakologik nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi;
  • Mahsulotlar haqida batafsil ma’lumot: Tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) hamda ularning ishlab chiqaruvchilari haqidagi ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, BFQlar bozorida turli asossiz da’volar ko‘p uchrashini inobatga olsak, rasmiy manbadan olingan ma’lumot muhim ahamiyat kasb etadi;
  • Markirovka kodi orqali tekshirish: Dori vositasi qutisidagi maxsus markirovka kodini skaner qilish yoki kiritish orqali u haqdagi barcha rasmiy ma’lumotlarni (ishlab chiqaruvchi, ro‘yxatdan o‘tganligi va h.k.) olish mumkin. Bu, o‘z navbatida, mahsulotning aslligini tekshirishda qo‘l keladi.

Bundan tashqari, ilovada qulay qidiruv tizimi va filtrlar mavjudligi aytilgan, bu esa kerakli ma’lumotni tez va oson topishga imkon beradi. Ilovadan istalgan joyda – ishda, uyda yoki yo‘lda foydalanish mumkin.

*Taqqoslash bahosi – ishlab chiqaruvchining mahsulot ishlab chiqaruvchi mamlakatdagi va boshqa bir qancha mamlakatlardagi narxlarini nazorat qiluvchi organ tomonidan o’tkaziladigan taqqoslash. O‘zbekistonda barcha ishlab chiqaruvchilar dori narxini ro‘yxatdan o‘tkazadilar va davlat nazorat qiluvchi organi boshqa mamlakatlardagi narx darajasini solishtirgan holda, sotuvchilarga undan oshib ketishini taqiqlab, bozorga kirish narxi uchun chegara tanlashi mumkin.

Ilovani yuklab olish:

Google Play 

App Store