Davlat idoralari tomonidan xizmat avtomobillari xaridi O‘zbekistonda dolzarb va qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, jamoatchilik nazorati kuchayib, byudjet xarajatlari bo‘yicha hisobdorlik talabi ortgan bir davrda, ushbu material amaldorlar uchun avtomobil sotib olish – haqiqiy ehtiyojmi yoki byudjet hisobidan qilinayotgan hashamat ekanligi masalasini ko‘rib chiqadi.
Biz Xarid.uzex.uz portalining “Elektron do‘kon” bo‘limidagi 2022-yildan 2025-yil aprel oyigacha bo‘lgan ma’lumotlar asosida byudjet tashkilotlari va davlat ulushi bor korxonalarning xizmat avtomobillari xaridini tahlil qildik.
Xizmat avtomobillari: qonun bor, xarajatlar esa ortmoqda
COVID-19 pandemiyasi davrida hukumatning byudjetni tejash chaqiriqlariga qaramay, ayrim davlat idoralarining qimmat avtomobillar sotib olishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Tanqidlardan so‘ng, 2021-yil aprelida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ijro hokimiyati va mahalliy hokimliklar uchun xizmat avtomobillari narxiga lavozim va idoralar kategoriyasiga qarab aniq chegaralar belgilandi. Biroq mudofaa, ichki ishlar, bojxona va FVV kabi organlar uchun bu cheklovlar tatbiq etilmasligi istisno sifatida qoldirildi. Shuningdek, qonunga ilova qilingan jadvalda faqat ijro hokimiyati organlari hamda mahalliy hokimliklarni ko‘rish mumkin, qonun chiqaruvchi va sud-huquq sohasi organlar (Oliy Majlis, Senat, Qonunchilik palatasi, Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar, prokuratura) unda keltirilmagan.
Davlat xaridlari bo‘yicha mutaxassis Kamol Niyozovning tahlillariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda davlat xaridlarining 46.3% i (115,2 trln so‘m) raqobatsiz amalga oshirilgan. Bunda “Elektron do‘kon” (17,4 trln so‘m) orqali amalga oshirilgan umumiy xaridlar “To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar” (70,7 trln so‘m) yoki “Yagona yetkazib beruvchi bilan” (44,5 trln so‘m) tuzilgan shartnomalarga nisbatan bir necha barobar kam. Bu holat avtomobil xaridlarini tahlil qilishda muhim, chunki xizmat avtomobillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid usuli orqali ham olinadi. “Elektron do‘kon”ni tahlil qilar ekanmiz, 2022-yildan 2025-yilning 1-choragigacha bo‘lgan davrda byudjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilgan 370 dan ortiq yengil avtomobil xaridlarini aniqladik:
Bundan tashqari, Prezidentning PQ-443-sonli qarori bilan 2023-2025-yillar davomida elektromobillar va gibrid avtomobillarni xarid qilish bo‘yicha quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan:
- 2023-yil: 806 ta avtomobil uchun 269 mlrd so‘m;
- 2024-yil: 1281 ta avtomobil uchun 454.6 mlrd so‘m;
- 2025-yil: 1776 ta avtomobil uchun 593.4 mlrd so‘m.
Yengil avtomobillarga eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlat idoralari
Yengil avtomobillarga eng ko‘p mablag‘ sarflagan idoralar Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi DM, Bandlik vazirligi va Qashqadaryo viloyat hokimligi bo‘lib, TOP-10’dagi har bir byudjet tashkiloti ushbu xaridlar uchun bir milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratgan.
Xizmat avtomobillari uchun eng ko‘p shartnomalar BYD dilerlari bilan tuzilmoqda
“ROODELL”, “CHINA GROUP” MCHJlar va “UzAuto Motors” AJdan tashqari qolgan TOP-7 MCHJning barchasi BYD avtomobil brendining O‘zbekistondagi dilerlari hisoblanadi.
Eng ko‘p xarid qilingan TOP-10 avtomobil “Elektron do‘kon”da xizmat avtomobillari xaridining asosiy qismini BYD brendi modellari tashkil etadi. Ayniqsa, BYD Song Plus DM-i, BYD Chazor va BYD Song Plus EV Champion modellari eng ko‘p xarid qilinmoqda. Bu avtomobillar asosan Prezident qarorida ko‘zda tutilgan gibrid va elektr rusumli transport vositalaridir.

Infografika/manba: Xarid.uzex.uz
Reytingda shuningdek, GWM Wingle 7 pikapi, Chevrolet Monza sedani va JAC M3 miniveni kabi boshqa turdagi avtomobillar ham mavjud. Xarid qilingan avtomobillar orasida oddiy sedandan tortib pikap va minivengacha bo‘lgan modellarning uchrashi davlat idoralarining ehtiyojlari qanchalik rang-barang ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga davlat xaridlarida qanday mezonlar asos bo‘layotgani haqida savollar tug‘diradi.
“Milliy” degani “qimmatbaho mashina olishga ruxsat” deganimi?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 25-dekabrdagi byudjet to‘g‘risidagi qarori va 5-martdagi yig‘ilishida davlat idoralariga budjet mablag‘larini tejash maqsadida xizmat avtomobillari xaridini, ayniqsa, qo‘shimcha manbalar hisobidan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali amalga oshiriladigan qimmat xaridlarni qisqartirish, milliy avtomobillarga o‘tish zarurligi ta’kidlangan. Bu choralarning asosiy maqsadi davlat budjeti mablag‘larini ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish bo‘lsa-da, ba’zan “milliy mahsulotga o‘tish” niqobi ostida qimmatbaho xaridlar davom etmoqda.
Jizzax viloyati hokimligi qariyb 1,7 trillion so‘mlik byudjet taqchilligiga (shundan 900 milliard so‘mi respublika byudjetidan qoplangan) qaramay, qimmatbaho avtomobillar xarid qilmoqda. Masalan, 2025-yil 18-martda hokimlik 657 million so‘mdan ortiqroq qiymatdagi “Chevrolet Traverse” avtomobili uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Shuningdek, “O‘zavtosanoat” AJdan xizmat transporti sifatida narxi 1,1 milliard so‘mdan boshlanadigan “Chevrolet Tahoe” ajratilishini so‘rab xat yuborgan.
Bu xaridlar go‘yoki prezidentning “milliy avtomobillarga o‘tish” haqidagi topshirig‘i bilan asoslanmoqda. Ammo“Traverse” ham, “Tahoe” ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Qolaversa, “Tahoe”ning narxi viloyat hokimliklari uchun belgilangan limitdan (750 million so‘m) ancha yuqori. Viloyat byudjetida 2025-yilda ham 1,1 trillion so‘m taqchillik kutilayotgan bir paytda bunday qimmat xaridlar qanchalik o‘rinli? Senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham shu yilning 5-martidagi prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng “Chevrolet Tahoe” modeliga o‘tgan. Nashrlar ham viloyat hokimlarini esa “Chevrolet Tahoe” yoki “Traverse” modellaridan xizmat avtomobili sifatida foydalanayotgani haqida yozmoqda. Bunday yondashuv hashamatni kamaytirish va mablag‘larni tejash borasidagi asl maqsadga (agar maqsad shunaqa bo‘lsa) zid kelib, “milliy” degan nom ostida qimmatbaho xaridlarni oqlashga urinishdek taassurot qoldirmoqda. Natijada, tejamkorlikka erishish o‘rniga, shunchaki bir turdagi qimmatbaho avtomobillar boshqasiga almashtirilmoqda, byudjet mablag‘larining samarasiz sarflanishi esa davom etyapti.
Mualliflar: Zakariyo Shokarimov, Maftuna Baxtiyorova
Data-muharrir: Savia Hasanova