Asfaltdagi xarajatlar: xalq pullari qanday sarflandi?

Fuqarolar budjet mablag‘lari qanday sarflanayotgani, qayerlarga yo‘naltirilayotgani haqida bilishlari muhim. 2018-yildan “Open Budget” loyihasi ishga tushirildi va shu kungacha ushbu loyihaning har bir mavsumida fuqarolar budjet mablag‘larining sarflanish jarayonlarida bevosita ishtirok etib kelmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2024-yil 30-yanvardagi qaroriga ko‘ra, respublika va mahalliy budjetlarning qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi tashabbusli budjet loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar portal orqali avtomatik aniqlanadi va jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladi.

Bizni ushbu tashabbus doirasida ajratilgan mablag‘lar qanchalik samarali ishlatilayotgani qiziqtirdi.

Yo‘llarni ta’mirlash uchun qancha mablag‘ ajratiladi? Bu ta’mirlar qanchalik sifatli? Kim va qanday nazorat qiladi? 

Ushbu savollarga javob topish uchun biz Openbudget.uz platformasidagi “Mening yo‘lim” 2023-yil 1-mavsumiga tegishli ochiq ma’lumotlarni tahlil qildik. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, pudratchilar aholi punktlaridagi ichki ko‘chalarning transport qatnovi qismlarida qattiq yo‘l qoplamalarini loyihalash va qurish bo‘yicha belgilangan tartibga amal qilishi kerak. Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan vaqtinchalik yo‘riqnomada belgilangan.

Openbudget.uz 2023-yil 1-choragida jami 10 317 ta loyiha tashabbuskorlar tomonidan ilgari surilganini ko‘rsatadi. Saralashdan so‘ng 514 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Bu loyihalarga jami 412 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Tasavvur qiling: bu mablag‘ga 2023-yilda 660 o‘rinli 21 ta zamonaviy maktab qurish mumkin bo‘lgan.Respublikamiz bo‘ylab eng ko‘p g‘olib tashabbuslar Toshkent viloyatidan 56 tani, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 43 tani tashkil etadi. Navoiy viloyatidan kelib tushgan tashabbuslardan faqatgina 22 tasi g‘olib bo‘lgan.

G‘olib loyihalar bo‘yicha toʻplangan ovoz natijalari turlicha bo‘lgan:

Eng ko‘p ovoz to‘plagan loyiha 73 099 ta ovozga ega bo‘lgan. Loyihaning smeta hujjati saytga yuklanmagan bo‘lsa-da, loyiha-smeta hujjatiga davlat ekspertizasi xulosasi berilgan va hujjatning pastki qismida butunlay boshqa shartnomaga havola berilganligi hisobot hujjatlariga ishonchsizlik keltirib chiqarmoqda.

Eng kam ovoz bilan g‘olib chiqqan loyiha esa 3 ta ovozga ega. Keyinchalik bu loyiha ta’mirlashga ehtiyoj yo‘qligi sababli rad etilgan.
Biz saytda berilgan ochiq ma’lumotlarni tahlil qilish jarayonida tavsifida kamchiliklari mavjud 49 ta loyihani aniqladik. Shu sababli, g‘olib514 ta loyiha orasida ular tahlil qilinmadi. Tadqiqot 465 ta loyiha asosida olib borildi.

Bizni yo’l narxi qancha, degan savol qiziqtirdi. Hududlar bo‘yicha 1 m/kv yo‘l ta’mirlash/qurish qiymatining o‘rtacha narxi o‘z ichiga: 

  • qurilish materiallari uchun sarflanadigan xarajatlar;
  • mashina va mexanizmlar uchun sarflanadigan xarajatlar;
  • asosiy oylik uchun ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari xarajatlari;
  • asosiy ish haqi uchun xarajat qiymati;
  • pudratchining boshqa xarajatlari; 
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i (12%) kabi xarajatlarni oladi. 

Tahlil natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 1 m/kv yo‘l uchun o‘rtacha 156.519 so‘m sarflangan. Viloyatlar kesimida Sirdaryo (175.606 so‘m/m.kv) va Toshkent viloyatlari (175.295 so‘m/m.kv) eng qimmat yo‘l qiymati bilan oldingi o‘rinlarni egallagan. Eng kam qiymat (109.072 so‘m/m.kv) bilan Qashqadaryo viloyati ajralib turibdi.

Xususan, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Аmir Temur ko‘chasida 21 000 m/kv lik yo‘l maydoni uchun 1 357 586 446.61 so‘m sarflangan. 1 m/kv yo‘lga taxminan 136 562 so‘m sarflangan.

Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi Amir Temur MFY hududida yo‘l ta’mirlash xarajatlari 1 m/kv uchun 250 000 so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yil boshida xususiy yo‘l quruvchi tashkilotlar tomonidan taklif qilingan o‘rtacha narxdan deyarli ikki baravar yuqori. Ta’mirlash ishlari jami 2450 m/kv maydonda amalga oshirilgan.

“Bu kabi moliyaviy farqlar loyiha amalga oshirilishidagi samaradorlik qoidalariga amal qilinishi, tender shartlari, ishlatilgan materiallar sifati darajasi va qurilish ishchilarining mehnat xarajati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin,” — deydi urbanistika sohasi mutaxassisi Iskandar Soliev.

Ma’lumot uchun: 2025-yil may oyida Toshkentda joylashgan asfalt yotqizuvchi xususiy tashkilotlardan 1 m/kv (6-7 sm balandlikda) asfalt yo‘l uchun narxlar 80.000 so‘mdan 130.000 so‘mgacha ekanligini aniqladik (1, 2).

2023-yil 1-choragida esa bu narxlar 70 000 so‘mdan 110 000 so‘mgacha bo‘lgaligini taxmin qilishimiz mumkin (manba: Markaziy bank inflyatsiya kalkulyatori).

Openbudget.uz saytidagi jamoatchilik nazorati vositasi “Mening yo‘lim” loyihasida amalga oshirilgan ishlar sifatini nazorat qilib borish imkoniyatini beradi. Unga ko‘ra, 10 ta loyiha qoniqarsiz, 3 ta loyiha qoniqarli va 183 ta loyiha ijobiy deb baholangan. Jumladan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi yo‘l qurilishi uchun 805mlnso‘m miqdorida mablag‘ talab etilgan, lekin 575mlnso‘m miqdorida pul ajratilgan. Mablag‘ yo‘lning butunlay qurilishi uchun yetmagan va natijada bu holat tashabbuskorlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

Asfaltdagi xarajatlar: xalq pullari qanday sarflandi?

Xorazm viloyati Xiva tumani Arvik MFY Boysun ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar sifati aholi tomonidan qoniqarsiz deb baholangan, chunki Arvik MFY “Tashabbusli byudjet” loyihasida ham, “Mening yo‘lim” loyihasida g‘olib bo‘lgan hamda yo‘l ta’miridagi sifat va smeta hujjatlaridagi farq yuzasidan jamoatchilik nazorati qismida o‘z shikoyatini bildirishgan.

Asfaltdagi xarajatlar: xalq pullari qanday sarflandi?

Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahri Yangihayot MFY Soxibkor ko‘chasidagi asfalt qilingan yo‘llar bir yilga yetib bormasdan yemirilib karoziyaga uchraganligi aytilgan.

Asfaltdagi xarajatlar: xalq pullari qanday sarflandi?

Ochiq ma’lumotlar tizimi samarali ishlashi uchun nafaqat tashabbuslarni ilgari surish va ovoz berishni tashkil etish, balki g‘olib chiqqan loyihalarning bajarilishini monitoring qilish, natijalarni aniq hujjatlashtirish zarur.

Xulosa qilib aytganda, 2023-yil uchun “Mening yo‘lim” tashabbusli loyihasi  fuqarolarni budjet mablag‘lari sarflanishida faol ishitirok etishga jalb eta oldi. Loyihalarga ajratilgan mablag‘lar amalda ijobiy natijalarni berganini ayrim hududlarda yo‘l sifatli ta’mirlanganligi, tashabbuskorlarning loyiha  nazorati bo‘limida yo‘ldan foydalanish qulayligi va uning sifati bo‘yicha qoldirgan ijobiy fikrlaridan bilishimiz mumkin. Biroq, bir qator tumanlarda boshqa loyihalarga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratilgani, yoki aksincha to‘liq moliyalashtirilmagani, ta’mirlangan yo‘llarning maydoni esa berilgan ochiq ma‘lumotlardagiga nisbatan kichik bo‘lib chiqqanligi va ayrim tashabbuskorlarning norozilik kayfiyatidagi fikrlari esa budjetni samarali sarflanishi to‘g‘risida ikkilanishlarni tug‘diradi.

Biroq ayrim tumanlarda boshqa loyihalarga nisbatan ko‘proq yoki, aksincha, to‘liq moliyalashtirilmagani, ta’mirlangan yo‘llar maydoni ochiq ma’lumotlarda ko‘rsatilganidan kichik bo‘lib chiqqani, shuningdek, ayrim tashabbuskorlarning ish sifatidan norozilik sharhlari — budjet mablag‘larining samarali sarflangani borasida shubhalarni keltirib chiqaradi.Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘llarning yaroqlilik muddati ko‘p jihatdan zamonaviy asfalt tekislash texnologiyalarining qo‘llanilishi va og‘ir yuk tashuvchi transport vositalarining harakatini issiq ob-havo sharoitida cheklanishiga bog‘liq. Buning uchun nazorat kuchaytirilishi, shaffof monitoring tizimi yaratilishi va hisobotlar ochiq bo‘lishi zarur.

Mualliflar: Ruhshona Mahmudova, Diyorbek Turanov

Data-muharrir: Savia Hasanova