Yaqinda ommaviy chiqishda bildirilgan keng tarqalgan ta’kidning haqiqatga mosligini tekshirish
Yaqinda bir siyosiy arbobning ommaviy chiqishlaridan birida tandirda non yopayotgan ayollar «saraton kasalligiga chalinmaydi,» tandir yonidagi yuqori harorat esa go‘yo himoya ta’sirini ko‘rsatadi, degan iddao yangradi. Ma’ruzachining so‘zlariga ko‘ra, issiq tandir yonida ishlash go‘yoki «qonni haydaydi,» «tomirlarni tozalaydi» va shu bilan onkologiyadan himoya qiladi. Shuningdek, ilgari ayollar aynan tandirchilik tufayli kamroq kasal bo‘lgani, bugungi kunda onkologik kasalliklarning ko‘payishi «kam harakatli turmush tarzi» bilan izohlanishi aytilgan. Bundan tashqari, bir «koreys shifokori» «tandirdan voz kechish»ni saraton xavfi omillari orasida go‘yoki birinchi o‘rinda turadigan «past jismoniy faollik»dan keyin to‘rtinchi o‘ringa qo‘ygani aytildi. Aslida, keng tarqalgan e’tiqod shundan iboratki, tandir yonidagi yuqori harorat ayollarda saraton kasalligiga qarshi himoya ta’siriga ega, bunday sharoitlardan voz kechish esa, aksincha, kasallik xavfini oshiradi. Bunday bayonotlar jamiyatda tez tarqalmoqda, internetdagi muhokamalarning bir qismiga aylanmoqda va tekshiruvni talab qilmoqda.
HUKM: YOLG‘ON
Ma’lumotlar nimani ko‘rsatmoqda? GLOBOCAN 2022 (Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi, IARC) loyihasining so‘nggi mavjud ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda dunyoda 18,74 million yangi saraton holatlari (melanoma bo‘lmagan teri saratonini hisobga olmaganda) qayd etilgan, shundan 9,18 millioni ayollarda kuzatilgan.
Dunyoda ayollarda eng ko‘p uchraydigan saraton turlari quyidagilar: ko‘krak bezi saratoni – taxminan 2,3 million yangi holat (barcha ayollar saratonining 23,8%); o‘pka saratoni, kolorektal saraton, bachadon bo‘yni saratoni va qalqonsimon bez saratoni.
O‘zbekiston uchun GLOBOCAN 2022 ma’lumotlar varaqasiga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatda quyidagilar qayd etilgan: Saratonning barcha turlari bo‘yicha 35,9 mingta yangi holat (har ikki jinsda); shundan 19 865 ta holat – ayollarda (saratonning barcha turlari ayollarda);
ayollarda eng ko‘p uchraydigan joylari: ko’krak bezi saratoni – 5 022 ta holat (barcha ayollar saratonining 25,3%); bachadon bo‘yni saratoni – 2 654 ta holat (13,4%); kolorektal saraton, oshqozon saratoni, bachadon tanasi saratoni va boshqalar.
Ya’ni har yili O‘zbekistonda minglab ayollar saraton kasalligiga chalinmoqda, jumladan, an’anaviy tandir pishirish tarqalgan qishloq joylarda ham. Statistikaning o‘zi «tandirdagi ayollar saraton bilan kasallanmaydi» degan fikrni inkor etadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va yetakchi onkologik tashkilotlar quyidagi asosiy rak xavf omillarini ko‘rsatadi: tamaki va passiv chekish; spirtli ichimliklar; ortiqcha vazn va semizlik; past jismoniy faollik; nosog‘lom ovqatlanish; infeksiyalar (OPV, B va C gepatit viruslari va boshqalar); havoning ifloslanishi, jumladan qattiq yoqilg‘i yoqishdan kelib chiqadigan uy ichidagi ifloslanish; ultrabinafsha nurlanish va boshqalar.
Shunday da’volar mashhur bo‘lishiga qaramay, tandir yoki pech yonidagi yuqori harorat rak rivojlanish xavfini kamaytiradigan omillar qatoriga kirmaydi. Aksincha, ba’zi omillar (tutun, yonish mahsulotlari, havoning ifloslanishi) bevosita xavf sifatida tilga olinadi.
Agar “tandir issig‘i” foydali bo‘lganida, onkologlar bemorlarga “pech yonida qizishing”ni tavsiya qilishlari mantiqan kutilgan bo‘lardi. Amalda esa — butunlay teskarisi.
Ko‘krak bezi saratonini davolashdan (operatsiya, limfa tugunlarini olib tashlash, nur terapiyasi) keyin ko‘plab ayollarda limfedema — limfa oqimi buzilishi tufayli qo‘l yoki ko‘krakda surunkali shish paydo bo‘ladi yoki xavfi yuzaga keladi.
Limfedema va uning kuchayishi xavfini kamaytirish uchun yirik onkologiya markazlari va professional qo‘llanmalar yuqori haroratdan saqlanishni bevosita tavsiya qiladilar:
- Cancer Research UK (ko‘krak bezi saratonidan keyingi limfedema bo‘limi) «juda issiq vanna va dushdan, shu jumladan saunadan qochish»ni maslahat beradi.
- Johns Hopkins Medicine: «kasallangan qo‘lda issiq vanna, sauna, isitkichlar kabi haddan tashqari issiq yoki sovuq haroratdan saqlaning,»deb yozadi.
Showalter va hammualliflar (2012) tomonidan ko‘krak bezi saratonini davolashdan keyin ayollarning turmush tarzi va qo‘l shishi bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, ma’lumotlar qo‘ltiq osti operatsiyasidan keyin saunadan foydalanmaslik tavsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mexanizmi oddiy: issiqlik tomirlarni kengaytiradi, to‘qimalarga suyuqlik oqimini kuchaytiradi, limfa tizimi bunga dosh berolmaydi – shish kuchayadi. Issiqlik davolamaydi, aksincha, ahvolni yomonlashtiradi.
Tandir – bu nafaqat yuqori harorat, balki:
• yog‘och, ko‘mir, tezak yoki boshqa qattiq yoqilg‘ilarni yoqish;
• tutun va mayda zarrachalar miqdori;
• ko‘pincha – yomon havo aylanishi.
Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) Volume 95 monografiyasida qattiq yoqilg‘ini maishiy yoqish va yuqori haroratda qovurishning kanserogenligini baholadi. Komissiya qattiq yoqilg‘i yonishidan uy havosi ifloslanishi inson uchun kanserogen, birinchi navbatda o‘pka saratoni xavfi bilan bog‘liq degan xulosaga keldi.
JSST uy havosining ifloslanishi to‘g‘risidagi alohida ma’lumotnomada ayollar va bolalar qattiq yoqilg‘ida ovqat pishiriladigan uylarda tutundan asosiy zarar ko‘rishini ta’kidlaydi va buni nafas olish yo‘llari va yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan saraton xavfining oshishi bilan bog‘laydi.
Oshxona bug‘lanishi va o‘pka saratoni bo‘yicha so‘nggi sharhlar, ayniqsa, zaif ventilyatsiya sharoitida uzoq vaqt davomida pishirish tutuni/bug‘ining ta’siri va o‘pka saratoni xavfi o‘rtasida mumkin bo‘lgan bog‘liqlikni ta’kidlaydi.
Ya’ni haqiqiy ilmiy manzarada yillar davomida issiq tandirda ishlagan ayol «saratondan himoya» zonasiga emas, balki kombinatsiyalangan xavf zonasiga tushib qoladi.
Mutaxassis fikri
GLOBOCAN ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘krak bezi saratoni O‘zbekistonda ayollar orasida eng keng tarqalgan saraton kasalligi bo‘lganligi sababli, biz yuqori haroratning ta’siri, shu jumladan tandir isitmasi ushbu kasallikning kechishiga ta’sir qilishi mumkinmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun mammolog Shahlo Mahmudovaga murojaat qildik.
Mutaxassisning tushuntirishicha, ko‘krak bezi saratoni dastlabki bosqichlarda odatda alomatsiz va og‘riqsiz kechadi, shuning uchun ko‘plab ayollar kasallik borligini uzoq vaqt bilmaydi. Aynan shuning uchun ko‘krak to‘qimalariga ta’sir qiluvchi har qanday tashqi omillar, ayniqsa, aniqlanmagan jarayonda ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Mammologning so‘zlariga ko‘ra, kuchli issiqlik – pechdan chiqayotgan issiqlik, yuqori harorat, kuchli issiqlik nurlanishi ta’sir qilayotgan sohaga qon oqimini kuchaytirishi va mahalliy yallig‘lanishni kuchaytirishi mumkin. Sog‘lom to‘qima uchun bu sezilarli xavf tug‘dirmaydi, ammo allaqachon mavjud,lekin hali aniqlanmagan onkologik jarayonda bunday sharoitlar patologiyaning yanada faol rivojlanishiga hissa qo‘shib, holatni yomonlashtirishi mumkin.
Aynan shuning uchun klinik amaliyotda ko‘krak bezi saratoni tasdiqlangan yoki unga shubha qilingan ayollarga yuqori harorat ta’siri – issiq vannalar, saunalar, termik muolajalar va intensiv issiqlik manbalari yaqinida uzoq vaqt qolish taqiqlanadi. Tavsiyalar ortiqcha issiqlik shish, yallig‘lanish va allaqachon o‘zgargan to‘qimalarga yukni kuchaytirishiga asoslangan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha: issiqlik ko’krak bezi saratonini davolamaydi va oldini olmaydi, kasallik aniqlanmagan holatlarda esa aksincha, klinik ko‘rinishni yomonlashtirishi mumkin.
Demak, ayol kishi uchun issiq tandir yonida muntazam turish foyda keltirmaydi. Aksincha, doimiy stress, yallig‘lanish va tutun tarkibidagi kanserogen moddalarning ta’siri noqulay ichki muhitni yaratadi.
Muammo faqat tezisning ilmiy asoslanmaganligida emas. U yana xavfli ham, chunki:
1. Dalillarga asoslangan profilaktikani maishiy afsonalar bilan almashtiradi.
Skrining, OPV (HPV)ga qarshi emlash, tamakidan voz kechish, vazn yo‘qotish va tashxisni yaxshilash haqida gapirish o‘rniga, odamlarga «tandirning shifobaxsh harorati» haqida gapirilmoqda.
2. Saraton kasalligiga chalingan ayollarni chalg‘itadi.
Ular uchun issiq plita yoki tandir yonida ishlash limfedemani va umumiy holatni yomonlashtirishi mumkin – bu onkologlar kurashayotgan narsa.
3. Uy havosi ifloslanishining haqiqiy muammosini e’tiborsiz qoldiradi.
Xalqaro tashkilotlar ko‘p yillardan beri qattiq yoqilg‘ida ovqat tayyorlaydigan ayollarda nafas yo‘llari kasalliklari va saratonning ba’zi turlari xavfi yuqori ekanligi haqida gapirmoqda.
4. Noto’gri sabab-oqibat bog‘liqligini yaratadi.
Ha, avvallari ayollarning sog‘ligini boshqa omillar belgilagan — jismoniy faollik, oziqlanish, reproduktiv hayotlari ham farqli kechgan. Ammo buni aynan tandir tafti bilan bog‘lash mantiqan xato.
«Tandirda non yopgan ayollarda saraton kasalligi rivojlanmaydi» degan da’vo — YOLG‘ON.
• Epidemiologiya shuni ko‘rsatadiki, ayollar saratoni dunyoda ham, O‘zbekistonda ham, shu jumladan butun umri davomida an’anaviy pechlarda ovqat pishiradiganlar orasida ham katta muammo hisoblanadi.
• Dalillarga asoslangan ilmiy tibbiyot tandir yonidagi yuqori haroratni saratonning oldini olish omili sifatida tan olmaydi; aksincha, onkologik tavsiyalar bemorlar uchun haddan tashqari qizib ketish xavfi haqida ogohlantiradi.
• Tutun va qattiq yoqilg‘i bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki: pech va tandirlardan chiqadigan maishiy tutunning uzoq muddatli ta’siri nafas olish yo‘llari kasalliklari va saratonning ba’zi turlari, birinchi navbatda o‘pka saratoni xavfining oshishi bilan bog‘liq.
Tandirdagi issiqlik saraton kasalligiga qarshi qalqon emas, balki issiqlik stressi va tutunning uyg‘unligidir. Ayollarning saratondan haqiqiy himoyasi – bu erta tashxis qo‘yish, skrining, emlash, tamaki va spirtli ichimliklardan voz kechish, vazn yo‘qotish, jismoniy faollik va issiq pech oldida turish emas, balki sifatli onkologik yordamdan foydalanishdir.