Instagram’da tarqalgan videoda bloger rafinadlangan pista (tozalangan kungaboqar yog‘i) yog‘ini inson salomatligi uchun zararli va “zahar” deya ta’riflab, uni kundalik iste’moldan butunlay chiqarib tashlashga chaqiradi. Uning fikricha, bunday yog‘ butun organizmda yallig‘lanish jarayonlarini keltirib chiqaradi, o‘t qopida safro dimlanishiga sabab bo‘ladi, yuqori kaloriyasi bilan jigar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi hamda avtoimmun va turli teri kasalliklarining rivojlanishiga turtki beradi. Shuningdek, u ushbu mahsulotni iste’mol qilish semirishga olib kelishini ta’kidlab, uning o‘rniga saryog‘ (qaymoqni pishirish orqali olinadi), zaytun yoki dumba yog‘idan foydalanishni foydaliroq muqobil sifatida tavsiya etadi.
Hukm: Qisman haqiqat
Tozalangan va tozalanmagan yog‘larni qanday farqi bor?
Blogerning da’volarini tushunish uchun, avvalo, rafinatsiyalangan (rafinadlangan yoki tozalangan) va rafinatsiyalanmagan (rafinadlanmagan yoki tozalanmagan) yog‘lar o‘rtasidagi farqni ko‘rib chiqishimiz kerak. Tozalanmagan yog‘lar, masalan, oliy navli zaytun moyi, yuqori harorat va kimyoviy moddalar ishlatmasdan, mexanik presslash yo‘li bilan olinadi. Siqish yo‘li (presslash) bilan olingan yog‘larda tabiiy antioksidantlar va vitaminlar saqlanadi.
Bundan farqli o‘laroq, odatiy oshxonada foydalaniladigan rafinatsiyalangan kungaboqar yog‘i esa sanoat mahsulotidir. Ko‘pincha u kungaboqar urug‘laridan erituvchi vosita – geksan yordamida ajratib olinadi, so‘ngra fosfor kislotasi bilan qayta ishlanadi, gil bilan oqartirish hamda yuqori haroratda (270°C gacha) hidsizlantirish jarayonlaridan o‘tkaziladi. Ushbu jarayon neytral ta’mli va yuqori tutash nuqtasiga ega yog‘ni hosil qilsa-da, u E vitamini va polifenollar kabi foydali ozuqa moddalarini yo‘q qilib yuboradi.
Yog‘ qizdirilgach zararli bo‘lib qoladimi?
Blogerning asosiy da’volaridan biri – kungaboqar yog‘ining “zahar” ekani haqidagi fikrdir. Ilm-fan bu masalaga quyidagicha aniqlik kiritadi: gap shundaki, kungaboqar yog‘i qayta-qayta yoki uzoq vaqt qizdirilsa (masalan, bir marta ishlatilgan yog‘ qovurish uchun takror ishlatilsa), yog‘ tarkibidagi to‘yinmagan linol kislotasi parchalana boshlaydi.
Bu parchalanish natijasida zaharli aldegidlar (1, 2) deb ataladigan moddalar paydo bo‘ladi. Tadqiqotlar bu moddalarning zararli ta’siri borligini ko‘rsatgan:
- Hujayralarni o‘ldiradi: Inson tanasidagi sog‘lom hujayralarga zarar yetkazadi;
- DNKni buzadi: Genetik darajadagi shikastlanishlarga sabab bo‘lishi mumkin;
- Kasalliklar xavfi: Bu moddalar saraton, yurak xastaliklari va Altsgeymer kasalligi kelib chiqishiga yo‘l ochishi mumkin.
Kungaboqar yog‘ining jigar faoliyati, o‘t pufagi va semirishga aloqasi
Kungaboqar yog‘i semirishga va jigar faoliyatiga zarar yetkazishi haqidagi da’volarda qisman haqiqat bor. Bunga asosiy sabab — uning yuqori kaloriyaga ega ekanligidir. Bir osh qoshiq yog‘da o‘rtacha 120-124 kilokaloriya bor. Agar uni me’yoridan ko‘p iste’mol qilsangiz, bu tezda vazn ortishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar tozalangan o‘simlik yog‘larining ko‘p miqdori modda almashinuvini buzib, jigarga zarar yetkazishini ko‘rsatgan, ammo insonlarda yakuniy xulosaga kelinmagan. O‘t pufagi masalasida zaytun yog‘i tosh paydo bo‘lish xavfini kamaytirishi, kungaboqar yog‘i esa aksincha safroni quyultirib yuborishi mumkinligi aniqlangan, bu esa o‘t pufagida muammosi borlar uchun xavfni oshiradi.
Omega-6 muvozanati va yallig‘lanish xavfi
Yuqoridagi videoda bloger “tizimli yallig‘lanishni” asosiy xavf sifatida ko‘rsatadi va bu da’vo kungaboqar yog‘idagi omega-6 (linol kislotasi) miqdori o‘ta yuqoriligiga asoslanadi. Omega-6 organizm uchun zarur ozuqa bo‘lsa-da, salomatlik uchun uning omega-3 bilan muvozanati muhimdir: me’yorda bu nisbat 1:1 dan 4:1 gacha bo‘lishi kerak. Tozalangan kungaboqar yog‘ida esa bu ko‘rsatkich yuqori — 40:1 dan 71:1 nisbatgachadir. Bunday keskin nomutanosiblik tanani eykozanoidlar deb ataluvchi yallig‘lanish chaqiruvchi molekulalar bilan to‘ldirib yuborishi va natijada artrit, qandli diabet hamda yurak kasalliklari kabi surunkali xastaliklarga yo‘l ochishi mumkin. Garchi ayrim klinik sinovlar sog‘lom odamlarda linol kislotasini iste’mol qilish yallig‘lanish belgilarini keltirib chiqarmasligini ko‘rsatsa-da, uzoq muddatli muvozanat buzilishi baribir jiddiy xavotir uyg‘otmoqda va tadqiq qilinyapti.
Autoimmun va teri kasalliklari: yog‘ bilan yashirin bog‘liqlik
Ilmiy tadqiqotlar biz iste’mol qiladigan yog‘lar bilan teri va immun tizimi salomatligi o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatadi. Masalan, rafinatsiyalangan kungaboqar yog‘ining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan linol kislotasi (omega-6) aslida inson terisidagi eng ko‘p uchraydigan yog‘ kislotasi bo‘lib, u terining “himoya devori” hisoblangan lipid to‘sig‘ini qurishda ahamiyatga ega. Biroq ratsionda ushbu kislotaning kungaboqar yog‘idagi kabi 40:1 nisbatda haddan tashqari ko‘payib ketishi terida “metabolik tartibsizlikni” keltirib chiqaradi.
Kuzatishlarga ko‘ra, husnbuzar (akne), ekzema va psoriaz kabi surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchilarda ko‘pincha linol kislotasi almashinuvi buzilgan bo‘ladi, ya’ni teri salomatligini saqlash uchun bu yog‘lardan to‘g‘ri foydalana olmaydi. Natijada doimiy ta’sirlanish va kasallikning kuchayishi kuzatiladi. Bundan tashqari, bunday tozalangan yog‘lar immun tizimi uchun “kimyoviy qo‘zg‘atuvchi” vazifasini o‘tab, organizm o‘z-o‘ziga hujum qiladigan autoimmun kasalliklarni og‘irlashtirishi mumkin. Chunki omega-6’ning haddan tashqari ko‘pligi tanani eykozanoidlar deb ataluvchi yallig‘lanish signallariga to‘ldirib yuboradi — bu esa immun tizimini chalkashtirib yuboruvchi va autoimmun buzilishlarga sabab bo‘luvchi surunkali yallig‘lanish holatini yaratishi mumkin.
Muqobillar: nima uchun sariyog‘, zaytun va dumba yog‘i yaxshiroq?
Ilmiy dalillar bloger tomonidan tavsiya etilgan muqobillar — sariyog‘ (sut maxsulotidan olinadigan), zaytun va dumba yog‘i rafinatsiyalangan kungaboqar yog‘iga qaraganda xavfsiz va barqaror ekanini ko‘rasatadi. Bu, ayniqsa, ovqatni yuqori haroratda pishirishda yaqqol namoyon bo‘ladi.
1. Issiqlikka chidamlilik va kimyoviy barqarorlik
Rafinatsiyalangan kungaboqar yog‘ining tutash nuqtasi yuqori bo‘lsa-da, u kimyoviy jihatdan beqaror hisoblanadi. Uzoq vaqt qizdirilganda uning tarkibidagi ko‘p to‘yinmagan yog‘lar parchalanib, zaharli aldegidlar va erkin radikallarni hosil qiladi.
- Sariyog‘ (eritib olingan): Taxminan 250°C gacha tutamasdan qiziydi. U asosan barqaror to‘yingan yog‘lardan iborat bo‘lgani uchun qovurish jarayonida oksidlanishga va zararli birikmalar hosil bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatadi;
- Dumba yog‘i: Termik parchalanishga juda chidamli bo‘lib, 248°C haroratgacha o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi. Bu esa o‘simlik yog‘lariga xos bo‘lgan zaharli bug‘lar ajralib chiqishining oldini oladi.
2. Ozuqaviy qiymat va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlar
An’anaviy yog‘lar nafaqat barqaror, balki organizmning umumiy salomatligini qo‘llab-quvvatlovchi boy tarkibga ega:
- Omega muvozanati: yuqorida ham yozganimizdek, kungaboqar yog‘ida Omega-6 va Omega-3 nisbati nomutanosib (40:1 dan 71:1 gacha) bo‘lib, bu yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Sariyog‘da esa bu nisbat — 1:1 darajasida;
- Sariyog‘: Tarkibidagi moy kislotasi (butirat) ichak devorlarini oziqlantiradi va ovqat hazm qilish tizimidagi yallig‘lanishni kamaytiradi;
- Zaytun yog‘i: Rafinatsiyalanmagan va antioksidantlarga (masalan, gidroksitirozol) boy bo‘lib, yurak-qon tomir tizimini himoya qiladi;
- Dumba yog‘i: Oxirgi tadqiqotlar uning tarkibida geptadekan kislotasi (C17:0) borligini aniqladi. Ushbu noyob kislota ayrim saraton hujayralari o‘sishini to‘xtatish va modda almashinuvini yaxshilash xususiyatiga ega.
Rafinatsiyalangan kungaboqar yog‘ini iste’moldan mutlaqo chiqarib tashlash ko‘pchilik uchun iqtisodiy va izlab topish jihatidan qiyin. Yog‘ning salomatlikka salbiy ta’siri darhol sezilmaydi: balki yillar davomida to‘planib, semizlik, qandli diabet va yurak xastaliklari ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun, imkon qadar kungaboqar yog‘ini qayta-qayta qizdirib ishlatishdan tiyilish, uy sharoitida turli xil yog‘lardan foydalanish (yoki oz miqdorda bo‘lsa-da dumba va sariyog‘ bilan aralashtirish) va asosiysi — kundalik ovqatlanishda uning miqdorini kamaytirish muvozanatli yechimdir. Sog‘liq uchun xavf yog‘ning aynan o‘zida emas, balki uning me’yoridan ortiq ishlatilishida va noto‘g‘ri foydalanishdadir. Rafinadlangan kungaboqar yog‘ini “mutlaq zarar” deb atash biroz bo‘rttirish hisoblanadi, lekin uning ratsiondagi miqdorini kamaytirish va yuqori haroratda qayta-qayta ishlatmaslik muhim.