Filippin do‘konlarida piyoz «yangi valyuta»ga aylangani rostmi?

Filippin do‘konlarida piyoz «yangi valyuta»ga aylangani rostmi?Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan davlat Filippinda piyoz yangi to‘lov vositasiga aylangani haqidagi xabar internetda tarqala boshladi. Bunga piyoz narxining misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. Bu haqiqatmi yoki yo‘qmi?

Biz faktlarni tekshirib, hukm chiqardik.

HUKM: FEYK

Mamlakatning asosiy moliyaviy regulyatori – Filippin Markaziy banki Bangko Sentral de NG Pilipinas veb-saytida piyoz mamlakatning to‘lov vositasiga aylangani haqida hech qanday maʼlumot yo‘q. Qonunga ko‘ra, har qanday valyuta Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi va eʼlon qilinadi, shundan so‘ng u yangi to‘lov vositasiga aylanadi. Shuningdek, Filippin hukumati veb-saytlari, jumladan Moliya vazirligi va Adliya vazirligi yangi valyuta haqida hech qachon xabar bermagan.

Yangilik qanday paydo bo‘ldi?

«Filippinliklar xaridlarni piyoz bilan to‘lay boshladilar», «Filippinda piyoz valyutaga aylandi», «Pul o‘rniga piyoz: Filippinning yangi valyutasi», «Piyoz Filippin do‘konlarida «yangi valyuta»ga aylandi», «Piyoz Filippinda milliy valyutaga aylanmoqda» sarlavhalari bilan rus manbalarida xabarlar chop etildi.

Buning sababi ushbu mahsulot narxining keskin ko‘tarilishi deb ataldi. Darhaqiqat, 2023 yil yanvar oyi boshidan Filippinda piyoz narxi 1 kilogrammi uchun deyarli 12 dollargacha (deyarli 6 baravar) oshdi. Bloomberg maʼlumotlariga ko‘ra, yanvar oyi boshida qizil piyozning 1 kilogrammi taxminan 650 Filippin pesosiga (11,8 dollar) teng edi. Bu 1 kilogramm tovuq go‘shtidan uch barobar, mol go‘shtidan esa 25 foiz qimmatroqdir.

Narxlarning ko‘tarilishi, mahalliy rasmiylarning tushuntirishicha, «bizning nazoratimizdan tashqaridagi kuchlar tufayli» – taʼminot zanjiri muammolari, to‘satdan iqlim o‘zgarishi yoki tropik bo‘ronlar, shuningdek, «ochko‘z dilerlar» tufayli yuz bergan.

Piyoz qanday qilib go‘yoki yangi valyutaga “bo‘ldi”?

Bu haqda birinchi bo‘lib Khaleej News (BAA) gazetasi yozdi. Bu bejiz emas, chunki bu mamlakatda filippinliklarning katta diasporasi yashaydi.

«Hazil emas: filippinliklar Maniladagi do‘konda piyoz bilan hisob-kitob qilishi mumkin», deyiladi 2 fevral kuni chop etilgan maqolada. Do‘kon deganda Japan Home Centre nazarda tutilgan.

Avvalroq, gazeta filippinliklar «Manilada piyoz narxi 40 dirhamga yetganidan so‘ng, filippinliklar uyiga bir qop piyoz bilan uchib ketayotgani» haqida xabar bergan edi. Shuningdek, kelinlar gullar o‘rniga piyoz guldastalaridan foydalana boshlagani haqida yozgan — «Gullarni unuting, filippinlik kelin to‘y kuni nikoh tadbiriga 5 kilogrammlik piyoz guldastasini olib bordi».

4 fevral kuni gazeta do‘konning reklamasi haqida yozdi — «Bugun Manila do‘konida piyoz bilan hisob-kitob qiling: filippinliklar «yangi valyuta»ga nima sotib olganini ko‘ring».

«Bugun cho‘ntagiga piyoz solgan o‘nlab filippinliklar Maniladagi do‘konga bordi. Ular mashhur sabzavotdan foydalanib, turli uy-ro‘zg‘or buyumlarini xarid qilishdi. Tovon, dush kabinasi, havo spreyi va boshqa bir qancha narsalar bitta piyoz narxiga sotildi», deyiladi maqolada.

Bu qanday do‘kon?

Japan Home Center (JHC) do‘koni haqiqatdan ham mavjud va Manila shimoli-sharqidagi Keson-Siti shahrida joylashgan. U yerda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari sotiladi. Do‘konning veb-sayti va Facebook ijtimoiy tarmog‘ida sahifasi ham bor. Aynan o‘sha yerda 4 fevral kuni aksiya eʼlon qilindi.

Foto Japan Home Centre Facebook

Tadbirning nomi «Pay with Sibuyas» («Sibuyas bilan to‘lang», tagal tilida piyozni anglatadi) edi va sotib olingan tovarlar uchun piyoz bilan hisob-kitob qilish taklif etildi. Ammo cheklov bor edi: mijozlar ko‘pi bilan uchta tovarni sotib olishi mumkin. Shuningdek, aksiya faqat bir kun o‘tkazildi.

Maʼlum qilinishicha, yig‘ilgan piyozning barchasi ijtimoiy maqsadlarga sarflanadi: narxi qimmatlashgan piyoz uni sotib olishga qurbi yetmaydigan kambag‘allar o‘rtasida tekin tarqatiladi. Do‘konning eʼloni internetda tarqalib, 9 mingga yaqin repost va 15 mingta reaksiyaga sabab bo‘ldi.

4 fevral kuni aksiya bo‘lib o‘tdi va do‘konda voqea yuzasidan fotoreportaj, keyinroq esa videoreportaj taqdim etildi.

Foto Japan Home Centre Facebook

Xulosa

Shunday qilib, Filippinda piyoz faqat bir kunlik aksiya davomida, faqat bir joyda, cheklangan miqdorda va xayriya maqsadida «qonuniy to‘lov vositasi» bo‘ldi. Filippinda piyoz qonuniy to‘lov vositasiga aylanmadi.