Toshkent havosi sog’liq uchun zararli emas(mi?)

Gazeta.uz nashri Tabiiy resurslar vazirligi vakilining “House Fresh” xalqaro jamoatchilik loyihasi tadqiqotlariga munosabatini taqdim qildi. O‘rganish natijalarida notoza havo sharoiti toshkentliklar salomatligiga bir yilda 503 dona sigaret chekilgani kabi ta’sir qilishi aks ettirilgan. Biroq Aziz Kalimbetovning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Facebook sahifasida jonli tarzda uzatilgan brifingda so’zlagan nutqiga ko’ra, “muntazam o‘lchovlar shuni ko‘rsatadiki, poytaxt havosining chang zarralari bilan ifloslanish darajasi “o‘rta” va “yaxshi” bo‘lib, bu “inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi”.

Bu bayonot qanchalik haqiqatga mos kelishini tekshirib ko’rishga qaror qildik.

HUKM: YOLG’ON VA MANIPULYATSIYA

BMTning atrof-muhit dasturi va boshqa bir qator nufuzli loyihalar bilan hamkorlikda faoliyat olib boruvchi IQAir.com saytida doimiy taqdim qilib boriladigan statistik ma’lumotlarga ko’ra, ayni paytda Toshkent shahridagi havoning sifat darajasi ta’sirchan guruhlar a’zolarining sog’lig’iga ta’sir qilishi mumkin. Keng jamoatchilikka ta’sir qilish ehtimoli kamroq.

Iqair.com dan screenshot. 2023 yil 15-fevral

Shuningdek, saytda oylik va kunning turli qismlari tahlillarini o’z ichiga olgan ma’lumotlar bor.

Infografika orqali so’ngi bir oy ichida faqat bir kun – joriy yilning 7-fevral sanasida, vazirlik vakili aytganidek, havo sifati inson salomatligiga zarar yetkazmaydigan holatda bo’lganligini ko’rish mumkin. 2023 yil 26-yanvar sanasida kuzatilgan o’ta nosog’lom 214 AQI ko’rsatkichi esa sog’liq bilan muammolari bo’lmagan har qanday kishini ham zararlaganligi ifoda qilingan.

IQAir o’z prognozlarini Toshkentdagi 4 ta stansiya orqali amalga oshiradi. Yuqoridagi ekran tasviri (shuningdek, boshqa bir qancha nufuzli, havoning ifloslik darajasini tekshiruvchi platformalarda ham (1, 2, 3) bu isbotini topadi) eng ifloslangan stansiya “Xalqlar do’stligi” va nisbatan kam ifloslanish ko’rsatkichlariga ega stansiya “Toshkentdagi Qo’shma Shtatlar elchixonasi” stansiyasi ekanligini ifodalaydi.

Quyidagi jadvalda AQI ko’rsatkichlari qanday ma’noni ifodalashi aks ettirilgan.

Malumot uchun, havo sifati bo’yicha o’lchangan yoki prognoz qilingan indeks 101dan yuqori bo’lganda ogohlantirish berilishi kerak. Havo sifati haqida ogohlantirish joriy yoki prognoz qilinadigan sharoitlar havo ifloslanishiga sezgir bo’lganlar uchun zararli bo’lishi mumkinligini anglatadi. Bu toifa o’pka yoki yurak kasalligi bo’lgan odamlar, keksalar, bolalar, uzoq muddatli, og’ir mehnat bilan o’zini band qilgan aholi qatlamini o’z ichiga oladi.