Telegram kanallarida pishloq iste’mol qilish inson salomatligi uchun foyda ekanligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “Pishloq iste’moli ruhiy va jismoniy salomatlikni yaxshilab, stressni kamaytiradi”, – deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi.
HUKM: ROST
Pishloq – bu dunyo bo‘ylab 4 000 yildan ortiq vaqt davomida ishlab chiqarilgan va iste’mol qilib kelinayotgan mahsulot hisoblanadi. Pishloqlar tarkibida organizm uchun zarur bo‘lgan ko‘plab energiya beruvchi ozuqaviy moddalar mavjud. Pishloq tarkibida oqsillar, bioaktiv peptidlar, aminokislotalar, yog‘lar, yog‘ kislotalari, vitaminlar va minerallar bo‘ladi. Bundan tashqari, pishloq tarkibidagi moddalar tufayli vazn yo‘qotishda, gipertenziyaga (qon bosimining doimiy yuqoriligi) qarshi va suyak salomatligini davolashda foydalanib kelinadi.
Depressiv bemorlarni davolash uchun har xil turdagi oziq-ovqat manbalari, shu jumladan funksional va ozuqaviy qo‘shimchalar talab qilinadi. Pishloqda inson salomatligiga foydali ta’sir ko‘rsatadigan bioaktiv peptidlar mavjud. Xususan, “Jersi” sutida “Golshteyn” sutiga qaraganda ko‘proq qattiq moddalar borligi xabar qilingan. Ushbu tadqiqot “Jersi” va “Golshteyn” sutidan olingan “Gouda” pishloqining surunkali, yengil stressli (CUMS) sichqonlarga ta’sirini o‘rganib chiqdi. CUMS (Chronic Unpredictable Mild Stress) – bu biotibbiy tadqiqotlarda keng qo’llaniladi. U sichqonlarda yoki boshqa hayvonlarda uzoq muddatli va tasodifiy stressni yaratish uchun ishlatiladi. CUMS modeli, odatda, hayvonlarning psixologik va jismoniy stressga qanday javob berishini o’rganish uchun ishlatiladi, ayniqsa, ruhiy kasalliklar (masalan, depressiya) va stressga bog’liq patologiyalarni o’rganishda. Bu yerda pishloq bilan oziqlangan CUMS sichqonlardagi o‘z-o‘zidan o‘zgarishlar sigir turlaridan qat’iy nazar, statistik ahamiyatga ega bo‘lgan samarali tarzda ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, ruhiy salomatlikda o‘zgarishlar kuzatildi, bu pishloq tarkibidagi bioaktiv moddalar kayfiyat va miya faoliyatini yaxshilash uchun vosita hisoblanadi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ruhiy salomatlikni jismoniy qarish bilan bog‘laydigan 30 dan ortiq omillar mavjud. Ya’ni ruhiy salomatlikdagi muammolar sog‘lom turmush tarziga ta’sir qilib, quyidagilar sabab qarishga hissa qo‘shadi:
- chekish;
- noto‘g‘ri ovqatlanish;
- o’zboshimchalik bilan dori-darmonlar ichish;
- jismoniy faollikning pasayishi;
- yuqori xolesterin darajasi;
- qon bosimi balandligi.
Olimlarning ta’kidlashicha, jismoniy sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzi hamda ko‘proq meva va pishloq iste’mol qilish orqali qarishni sekinlashtirish mumkin ekan.
Surunkali stress va depressiya ko‘plab salomatlik muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Ba’zi alomatlari quyidagilar:
- bosh og‘rig‘i;
- migren;
- mushaklar tarangligi va og‘riqlar;
- oshqozon-ichak muammolari, masalan, diareya, oshqozon og‘rig‘i;
- uyqu buzilishlari;
- doimiy charchoq;
- ko‘rish bilan bog‘liq muammolar.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, stress va travma Hashimoto tireoditi, psoriaz, revmatoid artrit kabi kasalliklarni ham qo‘zg‘atishi mumkin.