Donald Trampning saylovdagi g‘alabasi aniq bo‘lgach, dunyo yetakchilari uni g‘alaba bilan tabriklay boshladi, jumladan, Vladimir Putin va Si Jinping ham. “CNN” va “The Washington Post”ga ko‘ra, Rossiya va Xitoy liderlari Donald Tramp bilan telefon qo‘ng‘irog‘i orqali suhbatlashgan. Ammo buni inkor etuvchi manbalar ham bor. Factcheknet.uz ro‘y bergan yoki kutilayotgan suhbatlar atrofidagi muhokamalarni to‘pladi.
HUKM: TASDIQLANMAGAN
Ma’lumki, Tramp uzoq vaqtdan beri prezident sifatida qayta saylansa, urushni to‘xtatishini (hatto 24 soat ichida!) ta’kidlab keladi. Putin esa oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan “BRICS” sammitida Trampning bu istagiga ijobiy munosabat bildirgan: “…U Ukrainadagi mojaroni tugatish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga intilishini ta’kidladi. Menimcha, u buni samimiy aytmoqda”.
7-noyabrda ham “Valday” xalqaro muhokama klubi yig‘ilishida Putin Trampning saylovdagi g‘alabasi haqida ilk bor munosabat bildirib, uni tabrikladi: “Rossiya bilan aloqalarni tiklash, Ukraina inqirozini tugatish istagi haqida aytilgan gaplar, mening fikrimcha, kamida e’tiborga sazovordir… Fursatdan foydalanib, uni AQSh prezidenti etib saylangani bilan tabiklayman”.
Putin agar Tramp tomonidan qo‘ng‘iroq bo‘lsa, muloqot qilishga tayyor yoki yo‘qligi haqidagi savolga “Tayyorman, albatta”, deya javob bergan.
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, ogohlantirish berdimi?
“The Washington Post” nashri 10-noyabrda e’lon qilgan xabarga ko‘ra, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 7-noyabr kuni Vladimir Putinga telefon qilgan. Gazeta shaxsi sir saqlangan manbalarga tayanib, Tramp Putinga Yevropadagi AQSh harbiy kuchlari haqida eslatib qo‘ygani, urushni kuchaytirmasligi kerakligi va tez orada yana suhbatlashishni istayotganini xabar qiladi. “Reuters” nashri ham anonim manbalarga asoslanib, suhbat yuqoridagi mazmunda bo‘lib o‘tganini yozdi.
Shundan so‘ng Rossiya tomoni “The Washington Post” va “Reuters” nashrlariga raddiya berdi. Kreml rasmiy vakili, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifing o‘tkazib, Tramp va Putin o‘rtasida hech qanday telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lmaganini ma’lum qilgan: “Bu sof fantastika, yolg‘on, haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan gap”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Tramp bilan muloqot qilish bo‘yicha hozircha hech qanday rejalar mavjud emas.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham “The Washington Post” maqolasidagi Kiyev qo‘ng‘iroq haqida oldindan xabardor qilingani va suhbat o‘tkazilishiga qarshilik ko‘rsatmagani to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etdi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Heorhii Tykhi “Reuters” agentligiga shunday dedi: “Ukraina tomoniga taxmin qilingan qo‘ng‘iroq haqida oldindan xabar berilgani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababli, Ukraina bu qo‘ng‘iroqni ma’qullashi yoki unga qarshi chiqishi mumkinligini aytib bo‘lmaydi”.
Donald Tramp “NBC News” nashriga 7-noyabr, payshanba kuni bergan intevyusida u Vladimir Putin bilan hali gaplashmaganini aytdi, ammo “Menimcha, biz albatta gaplashamiz”, deya qo‘shimcha qilgan.
Si Jinping Trampni qo‘ng‘iroq qilib tabrikladimi?
Donald Tramp 2018-2019-yillarda Xitoy maxsulotlariga nisbatan 10 va 25 foizlik bojlar joriy qilgan edi. Ayni paytda ham Xitoydan keltirilayotgan barcha mahsulotlarga 60 foizlik, boshqa mamlakatlardan import qilinayotgan tovarlarga esa 10 foizlik bojxona tariflarini joriy etishni va’da qilmoqda. Savdo urushi va global iqtisodiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi sabab bu ikki liderning muloqoti barchaning diqqat markazida.
“CNN” nashri 2 nafar anonim manbaga tayanib xabar berishicha, Si Jinping Trampni g‘alaba bilan 6-noyabrda telefon qo‘ng‘irog‘i orqali tabriklagan, lekin buni tasdiqlovchi rasmiy izohlar hozircha yo‘q. “ABC News”, “Fox News”, “Newsweek”, “Amerika Ovozi” va bir qancha rus nashrlari ham bu haqda yozgan. Ular “CNN”, Xitoy TIV va “Sinxua” agentligini manba sifatida ko‘rsatib, Si Jinping o‘z qutlovini aynan telefon qo‘ng‘irog‘i orqali yo‘llaganini da’vo qilmoqda. Ammo birlamchi manba bo‘lgan XXR hukumat sayti va Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan xabarlarda Donald Trampga 7-noyabr, payshanba kuni tabrik yo‘llangani aytiladi, qanday formatdaligi esa izohlanmagan. Hukumatga tegishli “CCTV” telekanali va “Sinxua” agentli materiallarida ham qo‘ng‘iroq qilingani haqida so‘z bormaydi.
Si Jinping o‘z tabrigida Xitoy – AQSh munosabatlariga yangi davrda konstruktiv yondashuv zarurligini ta’kidlaydi. Si hamkorlik ikki mamlakatga ham foyda keltirishini, qarama-qarshilik esa faqat zarar yetkazishiga urg‘u berib, barqaror va o‘zaro manfaatli munosabatlar xalqaro hamjamiyat uchun ham muhimligini bildirgan.