Yaqinda internetning oʻzbek tilidagi segmentida telegram-kanallaridan birida Yaponiyada kannibalizm qonuniylashtirilgani va Tokioda 2500 dollarga odam goʻshtidan tayyorlangan taomlar taklif etilayotgan restoran borligi haqidagi video tarqaldi.
Yangilik Internetda keng tarqalib, yetti mingdan ortiq marta ko‘rildi va 150 ga yaqin sharhlarni to‘pladi. Factchecknet.uz buning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: YOLG‘ON
Shunga o‘xshash bayonotlar avvalroq ham paydo bo‘lgan, ammo ularning barchasi rasman rad etilgan. Yaponiyaning Vashingtondagi elchixonasi avvalroq “Quyosh chaqar mamlakat” inson goʻshti isteʼmolini qonuniylashtirgani haqidagi maʼlumotni rasman rad etdi. Elchixona matbuot kotibi Tomas Mettingli elektron xatida bu kabi xabarlar butkul uydirma ekanligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Tokioda menyusida bunday taom bo‘lgan restoranlar yo‘q va kannibalizm Yaponiyada qonuniy emas.
Mish-mishlar qayerdan paydo bo‘ldi?
Bu mish-mishlar 2016-yilda ispan tilidagi veb-saytda chop etilgan satirik maqoladan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Ushbu maqolada keyinchalik o‘zgartirilgan va keng tarqalgan yolg‘on xabarlarda ishlatilgan tafsilotlar mavjud edi.
Keng tarqalgan versiyaga ko‘ra, Tokioda qonuniy ravishda inson go‘shtidan tayyorlangan taomlarni taqdim etadigan dunyodagi birinchi restoran ochilgan. Syujet quyidagi elementlardan iborat edi:
Restoran nomi: “The Resoto ototo no shoku ryohin” yoki ingliz tilida “Edible Brother”. Go‘yoki, nomi oshkor etilmagan argentinalik sayyoh uning birinchi xo‘randasi bo‘lgan va taomning ta’mini “cho‘chqa go‘shtiga o‘xshash, ziravorlar ta’mning ko‘p qismini yashiradi” deb ta’riflagan.
To‘qima hikoyada aytilishicha, Yaponiya hukumati go‘yoki 2014-yilda qonunlarni inson go‘shtini iste’mol qilishga ruxsat berish uchun o‘zgartirgan.
Bu yolg‘on hikoya tezda ijtimoiy tarmoqlarda va shubhali yangiliklar saytlarida tarqaldi. Ba’zi versiyalarda odamlar go‘yoki o‘z tanalarini qassoblarga 30 000 dollarga sotishgan, restoran mijozlari esa har bir taom uchun 1 000 dollar to‘lagani aytilgan.
Ko‘plab faktcheking tashkilotlari va axborot agentliklari bu voqeani rad etishganiga ancha bo‘lgan.
Misol uchun, “Snopes.com” 2017-yilda bu da’volarni rad etdi. “Associated Press” (AP) tekshiruv o‘tkazdi va ma’lumot yolg‘on ekanligini tasdiqladi. Hindistonning “India Today” portali ham faktlarni tekshirib chiqdi va bu voqea qayta paydo bo‘lgan eski yolg‘on ekanligini tasdiqladi.
Yaponiyadagi haqiqiy vaziyat
Aslida, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bo‘lgani kabi Yaponiyada ham kannibalizm va odam go‘shtini sotish qat’iyan man etilgan. Yaponiya qonunchiligi oziq-ovqat sanoati va restoran biznesini tartibga soladi. Bunday amaliyotlar rasmiylar tomonidan darhol to‘xtatilgan.
Bu voqea axborotga, ayniqsa, Internetda chaqqan ma’lumotlarga tanqidiy yondashish muhimligini ta’kidlaydi. Axborot manbalarini va ularning ishonchliligini tekshiring. Bir nechta nufuzli manbalardan yangiliklar tasdig‘ini qidiring. Shovqinli da’volarga shubha bilan qarang, ayniqsa ular sog‘lom fikrga yoki umumiy ma’lum faktlarga zid bo‘lsa.
Yaponiyada kannibalizm qonuniylashtirilgani va odam go‘shti sotiladigan restoran mavjudligi haqidagi iddaolar mutlaqo yolg‘on. Bu voqea noto‘g‘ri ma’lumotlarning Internetda qanday tez tarqalishi, odamlarni chalg‘itishi va butun xalqlar va madaniyatlar obro‘siga putur yetkazishi mumkinligiga yorqin misoldir.