Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, “lavandali yostiqlar bosh miya va yurak faoliyatini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlab, bosh og‘rig‘ini kamaytiradi, uyqusizlikni bartaraf etadi va kayfiyatni ko‘taradi”. Shuningdek, xabarda yana bir qancha foydalar sanab o‘tilgan.
Factchecknet.uz lavanda inson salomatligi uchun haqiqatan ham foydalimi degan savolga javob izladi.
HUKM: ROST
Lavanda efir moyi uzoq vaqtdan buyon tinchlantiruvchi va uyqu sifatini yaxshilovchi vosita sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Minnesota universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda lavandaning uyqu muammolariga ta’siri o‘rganildi. Ushbu tadqiqotda 79 nafar kollej talabalari ishtirok etgan bo‘lib, ular ikki guruhga bo‘lingan: biri lavanda efir moyi va uyqu gigiyenasini (Lavanda+Sleep Hygiene), ikkinchisi faqat uyqu gigiyenasini (Sleep Hygiene) qo‘llagan. Tadqiqot besh kun davomida olib borilib, boshlang‘ich, keyingi va ikki haftalik kuzatuvlar o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, lavanda va uyqu gigiyenasi birgalikda qo‘llanilgan guruhda uyqu sifati sezilarli darajada yaxshilangan. Uyquning umumiy miqdorida sezilarli farq kuzatilmagan, lekin lavanda ishlatilgan guruhda uyquga ketish osonlashgan va uyg‘onish soni kamaygan. Tadqiqot natijalari lavandaning tinchlantiruvchi va stressni kamaytiruvchi ta’sirini tasdiqlagan.
Shuningdek, tadqiqotlarga ko‘ra, lavanda hidi nafas yo‘llarini tozalashga yordam beradi va shamollashning oldini oladi, kayfiyatni ko‘taradi va depressiyani kamaytiradi. Lavandali yostiqlar uyqu sifati va umumiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yostiqlar ichidagi lavanda bo‘lagi orqali tinchlantiruvchi hid tarqatadi.
E’tiborga olish kerakki, lavandadan foydalanganda ba’zi kishilar allergik reaksiyalarni boshdan kechirishlari mumkin. Ushbu reaksiyalar kam uchraydi va odatda jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Manbalar: